OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

02.05.2007. Argentina: Mag`lubiyatni unutib bo`lmaydi

Argentina oradan chorak asr o‘tsa-da, Folklend urushi alamini esdan chiqara olmayapti


Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasida bundan roppa-rosa 25 yil avval paydo bo‘lgan murosasizlik haligacha tarqagan emas. Albatta, urush, qon to‘kilishlar bilan tarixga kirgan hodisani shunchaki murosasizlik deyish ham adolatdan emas. O‘shanda ikki davlat o‘rtasida haqiqiy ma’nodagi jang — qirg‘inbarot yuz bergan edi. Argentinaning shundoqqina biqinida — Atlantika okeani hududida joylashgan Folklend (Malvin) oroli qurolli ixtilofning bosh omili bo‘lgan edi.

1982 yilning mart oyi oxirlarida Argentinaning fuqaro kiyimidagi maxsus xizmati vakillari Buyuk Britaniya tasarrufidagi Folklend oroliga kirib kelishdi. Ular zimmasiga orolni nazorat qilib turgan ingliz harbiylari bilan nizo chiqarish vazifasi topshirilgandi. Davlat to‘ntarishi bilan Argentinada hokimiyatni egallagan Leopoldo Galtieri boshliq harbiylar mamlakatning tarixiy mulki deb hisoblanadigan orolni qurolli yo‘l bilan egallashni maqsad qilishgan edi. Rejalar belgilangandan ziyoda amalga oshdi. Kutilgandek ingliz va argentinalik harbiylar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlandi.

Orol hududidagi oz sonli ingliz harbiy bo‘linmasi Argentinaning saralangan maxsus gvardiyasiga qarshi chiqa olmas edi. Argentinada harbiy yakkahokimlik (xunta) o‘rnatgan Leopoldo Galtieri ham ana shunga ishongan, ya’ni Buyuk Britaniyaning ilg‘or qism­lari Londonda — oroldan ancha uzoqda bo‘lganidan foydalanib, hududni osonlik bilan egallashni maqsad qilgan edi.

Argentinaning Folklendni urush orqali qaytarib olishga tavakkalchilik bilan qo‘l urgani bejiz emas edi. Ayni o‘sha yillarda orol hududidan juda katta miqdorda neft zahirasi topilgandi. Qolaversa, hudud Atlantika va Tinch okeanini bog‘lovchi xalqa sifatida ham o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega edi. Eng asosiysi, Argentina hokimiyatini egallab, oz fursat ichida o‘n minglab odamlarni qatag‘on qilgan harbiy diktatura uchun juda katta g‘alaba kerak edi. G‘alaba bo‘lganda ham, zulm-zo‘ravonlikdan sabr kosasi to‘lgan xalqning noroziligini bosib ketadigan zafar lozim edi.   

Argentina diktatorining omadsizligini qarangki, 1980-yillarda Buyuk Britaniya hukumatini “temir xonim” nomi bilan shuhrat qozongan Margaret Tetcher boshqarar edi. Konservatorlar yetakchisi Folklend oroliga Argentina hujum qilganini eshitgan zahoti ikkilanib o‘tirmasdan u yerga juda katta harbiy qo‘shin jo‘natdi. Bu o‘rinda Buyuk Britaniya — asrlar davomida dunyoning birinchi mus­tamlakachi imperiyasi bo‘lgan qirollikdan boshqa davlat bo‘lganda, ehtimolki, bor-yo‘g‘i 12 ming 170 kv. km. lik orol uchun jon kuydirib ham o‘tirmagan bo‘larmidi? Biroq katta siyosatda cho‘rtkesar, qaysar va qirollik manfaatlarining faol himoyachisi sifatida nom qozongan M. Tetcher Argentinaga qarshi 28 ming askar va 110 harbiy kemadan iborat butun boshli armiyani safarbar qildi.

Folklend oroli uchun jang 1982 yilning 2 aprelidan 14 iyunigacha — 74 kun davom etdi. 900 kishi qurbon bo‘lgan jang Argentinaning taslim bo‘lish to‘g‘risidagi taklifi bilan yakunlandi.

Urush har ikki tomon uchun katta yo‘qotishlar keltirdi. Britan qirolligi harbiy harakat uchun 1,6 milliard funt sterling mablag‘ sarfladi, jang paytida 258 ingliz askari halok bo‘ldi. Biroq baribir urushda mag‘lub tomonning talafotlari g‘olib tomonga qaraganda ko‘proq bo‘ldi. Argentina diktatorlari uchun sharmandali yakunlangan harbiy harakatlar paytida 650 askar halok bo‘ldi, yana 10 mingga yaqini inglizlar qo‘liga asir tushdi, mamlakat dengiz floti juda katta talafot ko‘rdi. Qancha askar qurbon bo‘lgani, qancha kema yo‘q qilingani va harbiy operatsiyalar uchun qancha mablag‘ sarflanganidan qat’i nazar, Folklend urushi Argentinaga ulkan ma’naviy zarba bo‘ldi. Nega deganda, Lotin Amerikasida lider bo‘lishga intilayotgan mamlakat deyarli o‘z hududida bo‘lgan jangda mag‘lub bo‘lgan edi. Ushbu mag‘lubiyat Argentina davlati tepasidagi turgan diktatura tuzumining ag‘darilishini ham tezlashtirdi. 1983 yilgi saylovda Leopoldo Galtieri boshchiligidagi harbiylar hokimiyati butunlay mag‘lub bo‘ldi.  

Kimga to‘y, kimga aza. Folklend urushidagi g‘alaba Margaret Tetcher xonimga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi. Oradan bir yil keyin o‘tgan saylovda temir xonim rahbarligidagi konservatorlar yana bir muddatga hukumat tepasida qolish imkonini qo‘lga kiritishdi.

To‘g‘risi, Margaret Tetcher tomonidan Folklendni saqlab qolish yo‘lida juda katta harbiy amaliyot o‘tkazilgani muxoliflarning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. Chunki mo‘’jazgina orol uchun  qirollik yillik daromadining salmoqli qismi sarflab yuborilgan edi. Biroq oradan yillar o‘tib, aslida siyosat va mamlakat obro‘si uchun olib borilgan urush ortida katta iqtisodiy manfaat ham borligi ayon bo‘lyapti.

Ayni paytda neft sanoati bilan birga baliqchilik ham rivojlangan Folklend oroli qirollik g‘aznasiga milliard­lab funt daromad keltiradi. Bir zamonlar Angliya va Shotlandiyadan surgun qilingan jinoyatchilar makoni bo‘lgan orol bugun dunyo miqyosida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad borasida ham eng oldingi o‘rinlarda turadi (50 ming dollar).

Bundan chorak asr oldin ro‘y bergan to‘qnashuvlar hali ham London va Buenos-Ayres munosabatlariga soya solib turibdi. G‘olib odatda baribir bag‘ri kengroq bo‘lishga harakat qiladi. Ingliz hukumati ham Argentina bilan munosabatlarni qaytadan tiklashga harakat qilib keladi. Biroq Argentina rahbariyati mamlakatning tarixiy mulkini zo‘rlik bilan tortib olgan qirollik bilan ko‘pam yaqin bo‘lishni xohlamaydi.

Folklend mojarosiga 25 yil to‘lgan shu kunlarda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Margaret Bekett Lotin Amerikasi mamlakati bilan munosabatlarni yaxshilash maqsadida ikki tomondan ham askarlar o‘limiga sabab bo‘lgan urushdan afsus bildirgan holda, argentinaliklar bevosita orol hududida xotira marosimlari o‘tkazishlari mumkinligini taklif qildi. Biroq bu taklif ham Argentina rahbariyatining ko‘ngilini yumshata olmadi. Argentina rasmiy Londonning taklifini rad etish bilan cheklanmay, Folklend oroli bo‘ylaridagi neft konlarini inglizlar bilan hamkorlikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi lo­yihadan chiqqanini ham e’lon qildi.  Mamlakat tashqi ishlar vaziri Xorxe Tayana esa ingliz hukumatini manmanlikda aybladi va Britaniyadagi Folklend urushi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar qurbonlarni xotirlash emas, harbiy g‘alaba paradi ekanini ta’kidladi.  

Xullas, oradan chorak asr o‘tsa-da, Argentina tomoni hali ham Folklenddan umidini uzmadi. Mamlakatda hozirga qadar hattoki katta siyosiy doiralarda ham orol Argentina mulki sifatida e’tirof etiladi. Mahalliy gazetalar esa Argentinaning boshqa hududlari qatori Folklend orolidagi ob-havo ma’lumotlarini ham muntazam berib kelishadi...

Sobirjon YOQUBOV

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.