OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

03.11.2004. AMERIKADA PREZIDENTLIK SAYLOVI: KIMGA OVOZ BERGAN MA’QUL? (arxiv)

Kecha Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘pdan buyon kutilayotgan katta siyosiy hodisa ro‘y berdi: Amerika ahli mamlakat prezidentligiga eng munosib deb topgan yetakchi shaxs uchun ovoz berdi.

Prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasi vakili Jorj Bush va Demokratlar yetakchisi Jon Kerri favorit sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, 2000 yilgi saylovda 3 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan mustaqil partiya vakili Ralf Neyder bu safar ham o‘z omadini sinab ko‘rishga qaror qildi. Quyida ushbu uch nomzodning xalqaro va ichki siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha qarashlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Iroq masalasida

Jorj Bush Iroq urushi mamlakatdagi ko‘p yillik diktatorlik hokimiyatiga xotima yasadi va Yaqin Sharqda demokratik qadriyatlar qaror topishiga yo‘l ochdi, deb hisoblaydi.

Jon Kerri Iroq urushini Bush hukumatining katta xatosi deb baholaydi. Uning fikricha, to‘rt yil davomida Iroqdan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish kerak. Mamlakat tinchligini saqlash uchun esa NATO kuchlaridan foydalanish zarur.

Ralf Neyder “Iroq botqoqligi”dan zudlik bilan Amerika askarlarini olib chiqib ketish kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, Iroq iqtisodiyotini Amerika korporatsiyalari tomonidan bosib olinishini ham to‘xtatish zarur. Iroqqa esa Arab va musulmon mamlakatlarining tinchlikparvar qo‘shinlari kiritilgani ma’qul.

Terrorga qarshi kurash borasida

Jorj Bush o‘z saylov dasturining bosh tamoyillaridan biri terrorga qarshi kurash ekanini e’lon qilgan. Uning prezidentligi davrida milliy xavfsizlik vazirligi tashkil qilindi. Davlat byudjetining salmoqli qismi ushbu maqsad yo‘lida sarflandi. Shuningdek, Oq uy rahbari fuqarolarni nazorat qilish, ularning faoliyatini kuzatib borishda maxsus xizmatlarga katta vakolatlar bergan “Vatanparvarlik akti”ni (Patriot Act) ham qabul qildi.

Jon Kerri terrorga qarshi kurashni kuchaytirish uchun birinchi navbatda maxsus xizmat tizimini o‘zgartirish hamda Milliy gvardiya vakolatini kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Demokratlar vakili Afg‘oniston masalasiga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlaydi.
Uning fikriga ko‘ra, Bush tomonidan imzolangan “Vatanparvarlik akti”ga ham o‘zgartirishlar kiritish kerak. Chunki aktga ko‘ra qo‘poruvchilik harakati sodir etganlikda gumon qilinayotganlarni ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash mumkin va bu, demokratlar yetakchisi fikricha, inson huquqlariga ziddir.

Ralf Nayder terrorga qarshi kurash fuqarolar, xususan, amerikalik musulmonlar huquqining qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelyapti, deb hisoblaydi. Nayder ham “Vatanparvarlik akti”ga o‘zgartirish kiritilishini istaydi.

Mudofaa bo‘yicha

Jorj Bush rahbarligi yillarida Qo‘shma Shtatlar mudofaa maqsadida Koreya urushi davrida sarflangan mablag‘dan ham ko‘proq moliyaviy manbalarni sarf etdi. Prezident mudofaa uchun ajratilayotgan mablag‘larni yanada ko‘paytirmoqchi va Raketa qarshi mudofaa (RQM) Milliy tizimining birinchi bosqichini 2004 yilning oxirida yakunlamoqchi.

Jon Kerri Qurolli kuchlarni kengaytirish, sohaga zamonaviy texnologiyalar kiritilishini yoqlaydi, lekin davlat byudjetidan mudofaa maqsadlari uchun ko‘p mablag‘ sarflanishini qoralaydi. Kerri, shuningdek, RQM tizimi kengaytirilishini tanqidiy baholaydi.

Ralf Neyder — harbiy maqsadlarda sarflanayotgan milliardlab dollar mablag‘ni qisqartirish tarafdori. Uning fikricha, mudofaa uchun sarflanayotgan pullarni ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirish xalq uchun foydaliroqdir.

Sog‘liqni saqlash sohasida

Jorj Bush sog‘liqni saqlash xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan nafaqaxo‘r va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhiga soliq bo‘yicha imtiyozlar berishga harakat qildi. Yordamga muhtoj kishilar retsept bo‘yicha dori-darmon sotib olishi uchun chegirmalar belgiladi.

Jon Kerri sog‘liqni saqlash sug‘urtasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni kamaytirish zarurligi va bu yo‘lda davlat byudjetidan moliyaviy mablag‘ ajratilishi zarurligini ta’kidlaydi.

Ralf Neyder sog‘liqni saqlash tizimida tijoriy kompaniyalar ishtirok etishiga tanqidiy munosabat bildiradi. Agar prezidentlikka saylansa, ana shunday tijoriy kompaniyalar faoliyatiga nuqta qo‘ymoqchi.

Byudjet masalasida

Jorj Bush 2000 yili prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan paytda Amerika byudjetila kamomad yo‘q edi. Hozir esa byudjet taqchilligi bir necha milliard dollarni tashkil etmoqda. Respublikachilar vakili defitsitni kamaytirish yo‘lida o‘n yilga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirmoqda.

Jon Kerri byudjet taqchilligini kamaytirishga va’da bermoqda. Demokratlar yetakchisi Oq uy rahbarligiga erishsa, Bush tomonidan olib borilgan boy aholi guruhiga solinayotgan soliqlarni kamaytirish siyosatini zudlik bilan to‘xtatmoqchi.

Ralf Neyder boy kompaniyalar va davlatmand fuqarolarni ko‘proq soliq to‘lashga majbur qilmoqchi. Uning fikriga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantiruvchi, tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar hammadan ko‘p soliqqa tortilishi zarur.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.