Katoliklar yo‘lboshchisi Ioann Pavel ikkinchi uzoq xastalikdan so‘ng, olamdan o‘tdi. U bilan vidolashish uchun Vatikandagi Avliyo Pyotr maydoniga o‘n minglab odamlar yig‘ildi.
Ioann Pavel II o‘zining papaligi davrida ko‘plab «birinchi» degan nomga sazovor bo‘lgan. U tarixdagi birinchi polyak Rim papasi va so‘nggi to‘rt yuz ellik besh yil mobaynida Rim katolik cherkovining italyan bo‘lmagan rahbari sanalgan.
58 yoshida rim papasi etib saylangan Karol Voytila asrning eng yosh papasi edi va u tarixda eng uzoq vaqt Rim katolik cherkovini boshqargan papalardan biri hamdir.
Ioann Pavel II juda ham odamoxun va ko‘pgina tillarni bilgan, matbuot yulduziga aylangan birinchi papa hisoblanadi. Uni yuzdan ortiq davlatlarda millionlab odamlar olqishlashgan va dunyoning qaerida bo‘lmasin, papaning qiyofasi hammaga tanish bo‘lib qolgan edi.
Ioann Pavel IIning jasurligi va qat’iyati unga katta obro‘ keltirdi, ammo shu bilan birga, ko‘plab tanqidlarga ham uchradi. U Rim katolik cherkovi ichida o‘zgacha fikrlashni ham cheklab kelgan.
Oxirgi yillarda katolik yozuvchilar va ba’zi yepiskoplar Rimning qattiq nazoratidan norozi bo‘lishgan, deb xabar beradi BiBiSi axborot agentligi.
O‘tgan yil oktyabrida o‘z papaligining 25 yilligini nishonlagan Ioann Pavel II 1981 yilda suiqasddan zo‘rg‘a omon qolgan edi. So‘nggi yilda esa parkinson xastaligi uning majolini quritgan, papa gapirishga ham qiynalib qolgandi. Ammo, u Yaratgan o‘ziga bir vazifa yuklagan, deb ishonardi va shuning uchun ham iste’foga chiqish haqidagi chaqiriqlarga quloq solmadi. O‘zining ta’biricha, so‘nggi nafasiga qadar Xudo tomonidan yuklangan vazifani ado etishda davom etdi.
Rim papasi haqsizlik, qashshoqlik va urushning ashaddiy tanqidchisi bo‘lib, bu yo‘lda u G‘arbu Sharqda hech kimni ayamagan.
U cherkov siyosatida avvalgi papalarga nistaban ochiqchasiga birdamlik yo‘lini tutdi va boshqa dinlar, islom va yahudiylik bilan yaxshiroq munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi va papalar tarixida ilk bor masjid va sinagogaga qadam qo‘ygandi.
Rim papasining asl ismi Karol Voytila bo‘lib, u 1920 yil, 18 mayda Polshaning Vadovitse shahrida tavallud topgan. 1964 yilda Krakov shahrining arxiepiskopi etib tayinlanadi. Oradan uch yil o‘tib kardinal maqomiga loyiq topiladi va 1978 yilda Rim papasi etib saylanadi.
U tarixda eng uzoq papalik qilgan uch papaning biridir. Buni zamona imkoniyatlari bilan o‘lchaymizmi va yo Ioann Pavel IIning ajabtovur g‘ayrati bilanmi, u jahonning 104 mamlakatiga tashrif buyurgan. Jumladan, Ozarbayjon, Armaniston va Qozog‘istonda bo‘lgan...
Rim papasining tarjimai holi o‘ta boy va qiziqarli... Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar Polshani istilo qilarkan, Krakovda bo‘lajak papa o‘qib turgan universitetni yopishadi.
Bo‘lajak papaning qiziqishlaridan biri teatr bo‘lgan, uni masalan, o‘sha davrdagi zamondoshlari ajoyib aktyor sifatida ham xotirlashadi... Yetmishinchi yillar oxirlariga kelib, papalikka saylanganidan keyin, ta’bir joiz bo‘lsa, katolik dunyosida bong urgan cherkov qo‘ng‘iroqlari sadosi, o‘sha payt kommunistlar qo‘lida bo‘lgan Polsha hukumati uchun dahshat sadolari bo‘lib tuyulgan. Cherkov qo‘ng‘irog‘ining sadolari, dinsiz Moskvaga yetib borgani va kommunist dohiylarning paytavasiga qurt tushirgani ma’lum...
Ayniqsa, 1979 yilga kelib Rim papasi o‘zining ilk safarlaridan biri sifatida vatani Polshani tanlagani va uni Varshavada bir yarim million polyaklar olqishlagani Sharqiy Yevropada kommunizmga xavf yetilib kelayotganidan darak bergan bo‘lsa, ehtimol...
1981 yilda papaning joniga qasd qilinadi. Suiqasd ortida bulg‘orlar va alal-oqibat KGB turgani haqida xabarlar urchiy boshlaydi... Nima bo‘lganda ham, o‘shanda Rim papasi, bu suiqasddan omon qolishini Tangrining inoyati deb qabul qilgani tayin, deydi BiBiSi axborot agentligi papa haqida fikr bildirib.
1986 yilda u jahonning barcha din vakillarini Assisi shaharchasiga yig‘a bildi. Asosiy ko‘tarilgan va ko‘rilgan masala dinlararo inoqlik va totuvlik edi.
Bosniya urushi davrida musulmonlarni qatl qilgan serblarni ayovsiz tanqid qilgani va Islom bilan nasroniylik o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik qurish amallari va undan-da kattaroq niyatlari jahon miqyosida olqishlarga sazovor bo‘ldi.
BMT bosh kotibi Kofi Annan papaning o‘limidan qayg‘urib gapirar ekan, “Papa men kabi urushda har ikki tomon ham yengiladi, degan fikrda edi”, dedi.
Ioann Pavel II juma kuni dafn etildi.
Sharifa MURODJON qizi tayyorladi.