OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

22.09.2004. QUROLLANISH POYGASIDA KIM G‘OLIB? (arxiv)

Jahon qurol-aslaha bozoriga nazar

1990-yillar avvaliga kelib, sayyoramizni deyarli yarim asr qo‘rquv va hadik muhitida saqlab kelgan “sovuq urush” poyoniga yetdi.

Bu mash’um davrning eng ko‘zga ko‘ringan xususiyati va illati qurollanish poygasi edi. Ikki buyuk davlat, ikki buyuk saltanat — Sovet Ittifoqi hamda AQSh dunyoda gegemonlik va hokimi mutlaqlik uchun tinimsiz kurash olib borar, bu xatarli raqobat ko‘pincha qurollanish bo‘yicha birinchilikda namoyon bo‘lar edi. Ikki mamlakatda ham non ishlab chiqarish korxonalari to‘xtab qolishi, oziq-ovqat sanoati inqirozga uchrashi mumkin edi, lekin qurolsozlarning ishsiz qolgani to‘g‘risida faqat ertak yoki fantastik hikoyalardagina o‘qish mumkin.

BUGUN zamon o‘zgardi. Bir paytlar dunyoga ustunlik da’vo qilgan buyuk mamlakat qumga singigan suvday yo‘qlik qa’rida ko‘zdan yo‘qoldi. Ikki qutbli dunyoda ko‘p qutblar paydo bo‘ldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, “sovuq urush” davrining mudhish asorati — qurollanish poygasi hali ham davom etayapti. Faqat avvalgi davrdagi kabi ochiq-oshkora, namoyishkorona tarzda emas, maxfiy, norasmiy sur’atda. 
Jahon qurol-yarog‘ bozoridagi (qanchalik quloqqa yoqimsiz eshitilmasin, tan olishga majburmiz: dunyoda bunyodkorlikka xizmat qiluvchi bozorlardan tashqari qurol bozori ham mavjud va u xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq erkin ishlaydi!) vaziyatni tahlil qilganda, yillik savdo hajmi borgan sari tushib borayotgani ko‘zga tashlanadi. Biroq faqat ushbu faktga tayanib xotirjamlikka berilishga biroz erta, nazarimizda. Sababi, so‘nggi tahlillar Osiyo davlatlari qurollanish borasida keksa G‘arb mamlakatlarini-da ortda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda.

2003 yili sayyoramiz miqyosidagi qurol savdosi 25,6 milliard dollarni tashkil etdi. Bu, aytish kerakki, 2002 yilga nisbatan 12 foiz past ko‘rsatkichdir. Yangi asrning ikkinchi yilida jahon davlatlari qirg‘in vositalari savdosidan 29,14 milliard dollar daromad ko‘rgandi.

Shu o‘rinda kichik bir izoh. Yuqorida keltirilgan raqamlar tank hamda bronetexnika, suv osti kemalari, jangovar samolyot va vertolyotlar, o‘q-dori va boshqa turdagi aslahalar savdosiga daxldor. Agar 25 milliard dollarga dunyo mamlakatlari maxfiy va oshkora tarzda yadro quroli uchun sarflayotgan milliardlarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, sayyoramiz miqyosida qirg‘in vositalari uchun xarj qilinayotgan yillik mablag‘ juda ulkan — bizning tasavvurimizga sig‘maydigan miqdorni keltirib chiqaradi.

JAHON qurol bozorida AQSh odatdagiday 2003 yilda ham yetakchilik qildi. Okeanorti mamlakati qurol-yarog‘ savdosi shartnomalarining 56,7 foiziga egalik qildi va bu bitimlardan 14,5 milliard dollar daromad ko‘rdi. 2002 yil bilan qiyoslaganda, Amerika qurol sanoati birmuncha o‘sish sur’atiga ega bo‘lgan, degan xulosaga kelish mumkin. Zikr etilgan yilda urush vositalari eksportidan AQSh g‘aznasiga 13,6 milliard dollar kelib tushgandi.

AQShning “qadrdon” raqobatchisi Rossiya bu borada ikkinchi o‘rinni zabt etdi. Sayyoramizdagi eng ulkan mamlakat 4,3 milliard dollar savdo ko‘rsatkichiga ega bo‘ldi. Bu esa butunjahon qurol-yarog‘ savdosining 16,8 foiziga teng ko‘rsatkichdir. Amerikadan farqli ravishda, Rossiya qurol sanoatida o‘tgan yilda o‘sish emas, pasayish tendentsiyasi kuzatildi (2002 yili Federatsiya zikr etilayotgan mahsulotlar eksportidan 5,9 milliard daromad olgandi). 
TO‘G‘RISI, hozir zamonlar o‘zgarib, yangi tartib-qoidalar yuzaga kelayotganday, ikki qutbli dunyo ko‘p qutbli bo‘lib borayotganday tuyulsa-da, vaziyat ilgarigi “sovuq urush” davridan kam farq qiladi. Ayni damda ikki azaliy raqobatchi — Rossiya hamda AQSh jahon qurol savdosi shartnomalarining 73,5 (!) foiziga egalik qilmoqdaki, bu raqam libos almashgani bilan mohiyat hali o‘zgarmaganini tasliqlayotganday...

So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlari ham qurol bozorida yetakchi o‘rinni egallashga urinmoqda. Chunki zamonaviy qirg‘in vositalarini ishlab chiqarish hamma davrlarda bo‘lgani kabi tez va soz foyda keltiruvchi soha bo‘lib qolmoqda. Frantsiya o‘tgan moliya yilida 1 milliard dollar ko‘rsatkich bilan qurol savdosi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Qurol-aslaha sotuvidan kelgan daromadning qolgan qismi quyidagi tartibda taqsimlandi: Italiya — 600 million dollar (5-o‘rin), Xitoy — 300 million dollar (6-o‘rin), Buyuk Britaniya — 100 million dollar (7-o‘rin).

G‘ARB mamlakatlari qurol-aslaha eksporti borasida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Osiyo davlatlari qirg‘in vositalarini sotib olish bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Tahlillarning ko‘rsatishicha, 1996-2003 yillar davomida qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchilik qilgan davlatlarning deyarli barchasi qit’amiz vakillari sanaladi. Zikr qilingan davrda Birlashgan Arab Amirliklari 15,7 milliard dollar miqdorida qurol sotib olib o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Keyingi yuqori natijalarni esa Xitoy (13,7 milliard dollar), Misr (13,6 milliard), Hindiston (12,6 milliard), Isroil (9,9 milliard), Saudiya Arabistoni (9,4 milliard), Janubiy Koreya (8,8 milliard), JAR (5,3 milliard), Malayziya (5 milliard) va Pokiston (3,8 milliard) kabi davlatlar qayd etgan.

Muqoyasa uchun yana bir raqamni keltirib o‘tamiz. BMTning fan, ta’lim va madaniyat sohalariga ixtisoslashgan yetakchi tashkiloti — YuNYeSKOning yillik byudjeti taxminan bir milliard dollar atrofida. Albattaki, bu mablag‘ rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari qurollanish uchun sarflayotgan pullar oldida arzimas ekani ma’lum. Bu holat bir tomondan tabiiyday tuyuladi: g‘oyat tahlikali va tahdidli voqealarga boy bo‘lgan zamon har bir davlat oldiga xavfsizlik hamda mudofaa borasida jiddiy amaliy chora-tadbir ko‘rish talabini qo‘ymoqda. 
IKKINChI tomondan, qurol-aslahalarning bu qadar keng miqyosda sotilishi o‘zi shundoq ham urushlar, ixtiloflar maskaniga aylanib qolgan Osiyoda vaziyatning yanada izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Dunyoning atom quroliga ega barmoq bilan sanarli mamlakatidan uchtasi Osiyoda joylashgan. Endilikda jahon qurol bozorining asosiy mijozlari ham qadimiy qit’amiz vakillari. Demak... G‘arb mutaxassislarining Osiyo qurollanish maydoniga aylanib borayapti, degan fikrida ham jon borga o‘xshaydi. Harqalay, raqamlar qaysar va ularni inkor qilish ham oson emas.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.