OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ish boshqa, orzu boshqa...

Arab davlatlarining yagona valyuta joriy etish borasidagi harakatlari hozirdanoq qarshilikka uchrayapti


So‘nggi paytlarda Fors ko‘rfazida joylashgan arab mamlakatlarining jahon siyosatida ta’siri oshayotgani kuzatilyapti. Bu holatni butun dunyo miqyosida neftga bo‘lgan talabning keskin o‘sib borayotgani bilan izohlash to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Lekin “qora oltin” sotib oluvchi davlatlarning baxtiga Fors ko‘rfazida joylashgan davlatlar har doim ham bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishavermaydi. Aksariyati monarxiya tuzumida yashayotgan davlatlar iqtisodiy manfaat va milliy siyosat vajidan ko‘p masalalarda til topisha olishmaydi.

O‘tgan hafta Qatar poytaxti Doxa shahrida tashkil etilgan Ko‘rfaz davlatlari hamkorlik kengashi (Gulf Cooperation Council)ning yillik yig‘inida ham ana shu tushunmovchilik yana bir bora namoyon bo‘ldi. 

Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida yagona valyuta joriy etish to‘g‘risidagi qaror, shubhasiz, mazkur anjumanda qabul qilingan eng muhim hujjat edi. Kelishuvga ko‘ra, ko‘rfaz davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgan olti mamlakat – Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA va Ummon 2010 yili yagona pul birligiga o‘tishi kerak (hozircha yangi valyuta qanday nomlanishi ham aniq emas). 

Bir qarashda a’zo davlatlar tomonidan hujjat imzolangani hamma muammo hal bo‘lganidan dalolatdek: kengash qarori qabul qilindi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muddat aniq-ravshan belgilandi. Lekin muhim qaror qabul qilingani ham hali amaliy chora-tadbirlarga kafolat emas. 

Birgina mamlakat miqyosida milliy valyuta joriy etishi jarayoni qanchalik og‘ir kechadi. Shunday ekan, bir necha davlatning umumiy to‘lovga o‘tishi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi turgan gap. Qolaversa, yana ikki yildan keyin yagona valyutaga o‘tishni iddao qilayotgan davlatlar tavakkalchilikdan mulohazakorlikni ustun qo‘yadigan, siyosatda yetti emas, yetmish o‘lchab ish yuritadigan “og‘irkarvon” arab mamlakatlari ekanini ham e’tibordan qochirmaslik kerak. 

Bu holat davlatlarning umumiy oilaga birlashganini ham anglatadi. Shu ma’noda yagona valyuta joriy etilishi davlatlarning milliy manfaatlariga daxl qilishi ham ehtimoldan xoli emas. Chunki umumiy pul amal qilgan sharoitda bir davlatda ro‘y beradigan iqtisodiy qiyinchilik yoki inqirozlar qo‘shni davlatda ham aks-sado beradi. Boshqacha aytganda, har bir davlat o‘z hamkorining quvonchiga ham, qayg‘usiga ham teng sheriklikni bo‘yniga oladi.

Balki shu boisdir, hozirdanoq ko‘rfaz davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlardan Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari mazkur loyihaga qo‘shilmasligini bildirgan. BAA o‘z qarorini yagona valyutani joriy etish katta tayyorgarlik talab etishi, Amirlik 2010 yilgacha bunday keng miqyosdagi chora-tadbirlarga ulgurolmasligi bilan izohlagan. Ummon sultonligi esa umumiy valyuta mamlakatning iqtisodiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini oshkora aytgan.  

Milliy manfaat vajidan mazkur loyihani orqaga surayotgan har ikki davlatni ham tushunsa bo‘ladi. Masalan, Ummon sultonligi oxirgi yillarda barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishyapti. 2006 yili sultonlikning yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishi 6,6 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich, kengash davlatlaridan, deylik, Saudiya Arabistonida 4,3 foizga to‘g‘ri keldi. Demak, Ummon mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlardan ham ko‘z yumib yagona valyutaga o‘tadigan bo‘lsa, qo‘shnilarning zararini ham o‘ziniki deb bilmog‘i kerak bo‘ladi. Turgan gapki, “Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun” qabilidagi bunday mushketyorcha yondashuv ko‘rfaz davlatlariga ma’qul kelmaydi. 

Bu o‘rinda milliy valyutalarining qadr-qimmati borasida sezilarli farq mavjudligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, BAAning dirxami yoki Kuvaytning dinori qo‘shni mamlakat pullaridan ko‘ra qudratli, ayni paytda AQSh dollari bilan ham bemalol raqobatlasha olmoqda. Bunday holatda har ikki davlatning yagona valyuta to‘g‘risidagi takliflarni jo‘r ovozdan qo‘llab-quvvatlashini tasavvur etish qiyin.

Yevropa Ittifoqi davlatlarida amal qilayotgan yevro tajribasi ham umumiy pulning muomalaga kiritish juda murakkab jarayon ekanidan dalolat beradi. Yevropa uchun umumiy pulni ta’sis etish g‘oyasi o‘tgan asrning 70-80-yillarida paydo bo‘lgan edi. Lekin ushbu taklif ro‘yobga chiqishi uchun chorak asrdan ziyodroq muddat kerak bo‘ldi. Yevro muomalaga kiritilib, qadr-qimmati ancha mustahkamlanganiga qaramay, Ittifoqning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lmish Angliya hali-hanuz o‘z funt sterlingidan voz kechmagan. Shu ma’noda Ko‘rfaz davlatlari ham yagona pul borasida bir to‘xtamga kelolmayotgani tabiiy holat. 

Mazkur masalada har bir arab davlati aravani o‘zi istagan tomonga tortayotganining yana bir sababi, hozirda amalda bo‘lgan barcha milliy valyutalar AQSh dollari bilan bog‘langan. Ayni kunlarda dollar kursining tushishi va bunga qarshi o‘laroq neft narxining ko‘tarilib borayotgani ko‘rfaz davlatlari uchun ulkan daromad manbai bo‘lib qolyapti. Moliyaviy o‘yinlar ortidan kelayotgan foydadan voz kechishga esa mintaqa davlatlari hali tayyor emas.  

Darvoqe, Qatarda o‘tgan anjumanda 2008 yilning 1 yanvaridan Kengashga a’zo olti davlat o‘rtasida umumiy bozorni tashkil etish to‘g‘risida ham deklaratsiya qabul qilingan. Bu esa yangi yildan ko‘rfaz davlatlari o‘rtasida iqtisodiy chegaralar olib tashlanib, odamlar va tovarlarning erkin harakati yo‘lga qo‘yiladi deganidir. Soddaroq aytganda, agar mazkur deklaratsiya amalga tatbiq etiladigan bo‘lsa, Caudiya Arabistoni fuqarosi Bahraynda ishlab, Kuvaytda qimmatbaho qog‘ozlar sotib olish, Qatarda istiqomat etish va bir paytning o‘zida Ummonda ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi. 

Afrika qit’asi 1945 yildan beri yagona valyuta (afro)ni  muomalaga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borishdan charchamayapti. Uzoqqa bormaylik, Rossiya va Belorus so‘nggi besh-olti yil ichida umumiy valyuta (rubl)ga o‘tish muddatini necha marotaba uzaytirib, necha marotaba ortga surdi. Shu ma’noda ko‘rfaz davlatlari tomonidan 2010 yilda umumiy valyuta joriy etish to‘g‘risida hujjat imzolanishi ham jiddiy ishga kirishilganini anglatadi, xolos. Asosiy maqsadga erishgunga qadar qancha vaqt o‘tishi esa Yaratganning o‘ziga ma’lum. 

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.