Gruziya va Ukraina NATOga kirish uchun ko‘pdan beri harakat qiladi. Har ikki davlatda Shimoliy alyans go‘yoki qo‘shni buyuk davlatning tajovuzidan saqlovchi sehrli va qudratli kuch o‘laroq baholanadi. Siyosiy doirada ustuvor bo‘lgan ana shu fikr oddiy aholi ongiga ham tuzukkina singdirilgan. Shu sababli, ukrainlar ham, gruzinlar ham NATOga kirishni tushuniksiz holda intiqlik bilan kutishadi.
O‘tgan hafta NATOga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda yig‘ilib, Gruziya va Ukrainaning harbiy ittifoqqa a'zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqishdi. Alyansning Polsha, Chexiya kabi yosh a'zolari bag‘rikenglik va qiziqqonlik bilan "rangli" inqilob mamlakatlarini a'zolikka qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashdi. Biroq NATOda so‘zi tosh bosadigan "og‘irkarvon" davlatlar (Germaniya, Frantsiya va boshqalar) bu masalani keyinroqqa qoldirishni afzal bilishdi.
Bryusselning Tbilisi va Kiev so‘rovini kechiktirgani shunchaki ehtiyotkorlik yoki manmanlik tufayli emas. Harbiy ittifoqning ushbu masalani orqaga surayotganiga mutaxassislarning fikricha bir qancha jiddiy sabablar bor...
Ayni paytda NATO rahbariyati kelgusi oyda - 2-4 aprel kunlari Ruminiya poytaxti Buxarestda o‘tadigan yirik sammitga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shimoliy alyans tarixidagi eng yirik anjuman deb baholanayotgan yig‘inda 30 ga yaqin davlat boshlig‘i, BMT va Yevropa Ittifoqi rahbariyati ishtirok etishi kutilyapti. Sammitda Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizliklar va NATOni Bolqon davlatlari (Albaniya, Makedoniya, Xorvatiya) hisobiga kengaytirish kabi muhim masalalar muhokama etiladi.
NATO Buxarest anjumaniga Rossiya bilan so‘nggi yillarda sovuqlashgan munosabatlarni yaxshilash vositasi sifatida katta e'tibor qaratyapti. Darvoqe, sammitda Rossiyaning vakolat muddati poyoniga yetayotgan prezidenti Vladimir Putin ham qatnashadi.
Rossiya har doim ham NATOning sharqqa tomon kengayishiga qarshi bo‘lib keladi. Polsha va Chexiyada raketaga qarshi mudofaa tizimi yaratish rejasi, Kosovo mustaqilligi kabi masalalar qatori Ukraina va Gruziyaning NATOga kirishi borasida ham Moskva-Bryussel yagona to‘xtamga kela olmaydi. Oldingi davrlarda-ku, NATO Moskvaning bu kabi e'tirozlariga e'tibor berib o‘tirmasdi. "Achchiqni achchiq kesar" qabilida ish tutib, Rossiya pozitsiyasiga qarshi siyosat yuritib qo‘ya qolardi. Lekin Rossiyada prezident almashayotgan va davlat rahbarligi ko‘pchilik tomonidan "G‘arb kishisi" deb baholanayotgan Dmitriy Medvedev ixtiyoriga o‘tayotgan pallada qiziqqonlik va shoshqaloqlik qilib bo‘lmasdi. NATO Sankt-Peterburgdan chiqqan arbob vositasida Kreml bilan munosabatlarni iliqlashtirishga umid qilyapti. Shu bois ham, Viktor Yushchenko va Mixail Saakashvilining iltimoslari ijrosi ortga surildi - geosiyosiy ahamiyatga molik muammo hal bo‘layotgan pallada NATO arzimas ziddiyatlar tufayli Moskva bilan munosabatlarda ortiqcha gap-so‘z chiqarishni istamadi.
Hal etaman desa, NATOning tashqi masalalardan tashqari ichki muammolari ham yetarli. Masalan, Shimoliy alyans Germaniyaning Afg‘onistondagi askarlarini jangovar harakatlarda ishtirok etishga ko‘ndira olmayapti. Hozirda nemis harbiylari Afg‘oniston shimolida tinch hududlarda ish olib borishyapti. AQSh va Buyuk Britaniya nemis qo‘shinlarini urush ketayotgan janubiy hududlarga o‘tishga chorlayapti. Germaniya kantsleri Angela Merkel esa mamlakat aholisining sakson olti foizi askarlarni urushga yuborishga qarshi bo‘lib turgan paytda bundesverni ochiq jangga tashlagisi yo‘q.
Bundan tashqari, Makedoniya, Albaniya, Xorvatiyaning NATOga kirishi masalasida ham a'zolar hamfikr emas. Deylik, tarixiy merosga da'vogarlik qilayotgan Gretsiya Makedoniya nomini o‘zgartirishi kerak degan qarashda oyoq tirab turibdi. Afina rasmiylariga ko‘ra, Makedoniya Gretsiyaning tarixiy hududi bo‘lgan va bu nom mamlakatning Aleksandr Makedonskiy bilan bog‘liq shonli o‘tmishini anglatadi. Makedoniya Gretsiyaning "tarixiy merosi"dan voz kechib, o‘ziga yangi nom olmas ekan, Afina NATOga kirishga qarshi turaveradi. Bu yoqda tashqi mojarolar, u yoqda o‘zaro ichki hisob-kitoblar turgan paytda esa Ukraina va Gruziya masalasi baribir ikkinchi darajali bo‘lib qolaveradi.