Kofi Annanni ayrim kuzatuvchilar BMT xalqaro nufuzi va ta'sir doirasini keskin tushirib yuborishda ham ayblashadi. Bu ayblovlar bejiz emas. 1999 yili AQSh va NATO harbiy kuchlari BMT ruxsatisiz Yugoslaviya hududida harbiy amaliyotlarni olib bordi.
Xabaringiz bor, BMT Xavfsizlik Kengashi yangi Bosh kotib nomzodini tasdiqladi. Kutilgandek, ushbu yuqori lavozimga Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Pan Gi Mun tasdiqlandi. 2007 yilning 1 yanvarida Pan Gi Mun o‘z vazifasini bajarishga kirishishi bilan tashkilot tarixidagi o‘n yillik Kofi Annan rahbarligiga yakun yasaladi.
Kofi Annan 1939 yilning 8 aprelida Buyuk Britaniya koloniyasi bo‘lgan Gana davlatining Kumasi shahrida dunyoga keldi. Annanning otasi mamlakatdagi viloyatlardan birining gubernatori (hokimi) edi va bu omil uning kelgusi faoliyat yo‘nalishini belgilashda hal qiluvchi o‘rin tutdi.
Annan dastlab ona shahri Kumasidagi texnika universitetida o‘qidi. Dorilfunun tahsilidan keyin AQShga yo‘l oldi. Omad izlab kelgan yigit okean orti davlatida millionlab odamlardan iborat hayot oqimida yo‘q bo‘lib ketmaslik uchun jiddiy kurashga kirishdi.
Bo‘lajak Bosh kotib Amerikadagi yetakchi oliygohlardan biri Massachusets texnika instituti magistratura bosqichini tamomladi. Bu orada u Jenevada joylashgan xalqaro muammolarni o‘raganish oliy institutida ham tahsil oldi.
1962 yili 24 bahorni qarshilagan Kofi Annan ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti ostonasiga qadam qo‘ydi. Dunyoning manaman degan davlat va siyosatchilari ham hisoblashadigan bu nomdor idora birinchi kundanoq afrikalik yigitni o‘ziga rom qildi va u mana salkam yarim asrdirki, mazkur tashkilotda faoliyat yuritib kelmoqda. Dastlab BMTning byudjet masalalari boshqarmasida ish boshlagan Annan tez orada Bosh kotibning maxsus vazifalar bo‘yicha yordamchisi vazifasiga tayinlandi.
1990 yil dunyo miqyosida notinch keldi. Iroq tomonidan qo‘shni Kuvayt davlatiga bostirib kirilgani BMT oldiga ziddiyatni bartaraf etish borasida jiddiy vazifalar qo‘ydi. Ana shu murakkab holatda o‘sha paytdagi Bosh kotib Butros G‘oliyning ishonchli vakili sifatida Kofi Annan Iroqqa keldi va Saddam Husayn hukumati bilan mojaroni bartaraf etish bo‘yicha muzokara olib bordi.
1995-96 yillarda Bosniya va Gertsegovinada bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushining sovuq nafasi hali ham ushbu mamlakat fuqarolari dimog‘idan ketmagani aniq. Bu paytga kelib Bosh kotibning o‘rinbosari lavozimiga saylangan Annan sobiq Yugoslaviya davlatida tinchlik o‘rnatishga bosh-qosh bo‘ldi.
Umuman, Kofi Annan siyosiy faoliyatini kuzatganda, bu kabi zalvorli amaliyotlarni ko‘plab uchratish mumkin. Shu sabab ham, 1997 yili Bosh kotib Butros G‘oliy vakolat muddati tugab, iste'foga chiqqan paytda ko‘pchilik davlat va hukumat rahbarlarining bir ovozdan ma'qullashi bilan Kofi Annan BMT rahbarligiga saylandi. U xalqaro tashkilot tarixidan yettinchi Bosh kotib sifatida o‘rin oladigan bo‘ldi.
Ganalik diplomat Bosh kotib sifatida ish faoliyatini "Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh etish" dasturini e'lon qilishdan boshladi. Mazkur dastur xalqaro tashkilotning vaqt o‘tishi bilan eskirgan ish tizimini yangilash va uning xalqaro maydondagi e'tibor hamda nufuzini oshirishni ko‘zda tutgan edi. Ayni paytda Bosh kotib tomonidan ishlab chiqilgan islohot dasturi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
1998 yili Nigeriya davlatida fuqarolar urushining bartaraf etilishi, 1999 yili qonga botirilgan Sharqiy Timorda tinchlik o‘rnatilishi, 2000 yili Livan hududidan Isroil kuchlarining olib chiqib ketilishi kabi muhim voqealar ham aynan BMTning amaldagi rahbari nomi bilan bog‘lanadi.
2001 yilning 29 iyunida Kofi Annan yangi muddatga Bosh kotib etib qayta saylandi. Bu esa xalqaro tashkilot yetakchisiga bildirilgan ishonch ifodasi edi.
Ochig‘i, 2001 yili Kofi Annanga tinchlik yo‘lidagi Nobel mukofoti topshirilganda ko‘pchilik hayron ham bo‘lmadi. Chunki Annan bu paytga qadar BMT rahbari sifatida jahonda tinchlikni mustahkamlash va boshqa global muammolarni bartaraf etish borasida katta ishlarni qilib ulgurgan edi.
Darvoqe, Kofi Annanni ayrim kuzatuvchilar BMT xalqaro nufuzi va ta'sir doirasini keskin tushirib yuborishda ham ayblashadi. Bu ayblovlar bejiz emas. 1999 yili AQSh va NATO harbiy kuchlari BMT ruxsatisiz Yugoslaviya hududida harbiy amaliyotlarni olib bordi. 2003 yili ana shu holat Iroqdagi urush misolida yana takrorlandi. Nufuzli xalqaro tashkilot rezolyutsiyasisiz AQSh Saddam Husayn tuzumini ag‘darish shiori bilan hozirga qadar davom etayotgan harbiy harakatlarni boshladi. Annan yetakchiligida BMT bunga qarshi hech qanday chora ko‘rolmadi...
2006 yilning 31 dekabrida Kofi Annanning Bosh kotiblik vakolati yakunlanadi. Siyosiy faoliyati tugagach, BMT rahbari oilasi bilan o‘z vataniga - Gana qishloqlaridan biridagi fermasiga qaytmoqchi. Lekin bu bilan xalqaro tashkilot yetakchisi siyosatni butkul tark etmoqchi emas. Janob Annan iste'fodan so‘ng Afrikaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish niyatida.
Xullas, Bosh kotiblik kursisini tark etish ham 67 yoshli diplomatni dunyo tashvishlaridan uzoqlashtirmaydigan ko‘rinadi.