radan ikki yilga yaqin vaqt o‘tsa-da, Isroil mag‘lubiyat sababchisini topa olmayapti
Nihoyat, Isroil jamoatchiligi bir yildan oshiqroq kutgan hodisa ro‘y berdi: mamlakat armiyasi tomonidan Livanga qarshi olib borilgan urush bo‘yicha tekshiruv olib borgan komissiya yakuniy xulosalarini e'lon qildi. Sobiq sudya E. Vinograd boshchiligidagi mustaqil komissiya xulosalarini mamlakatdagi siyosatdonlar ham, oddiy fuqarolar ham intiqlik bilan kutishayotgandi.
Kuzatuvchilar Isroilning amaldagi bosh vaziri Exud Olmertning taqdiri ko‘p jihatdan ana shu xulosalarga bog‘liq ekanini ta'kidlayotgan edilar.
Aksariyat tahlilchilar bosh vazir va uning yaqin safdoshlari Livan urushining asosiy aybdorlari deb topilishini taxmin qilgan edilar. Chunki E. Vinograd boshchiligidagi komissiyaning o‘tgan yili e'lon qilgan dastlabki bayonotida ham qo‘shni davlat hududida olib borilgan harbiy amaliyotlar uchun javobgarlik harbiy shtab boshlig‘i, qo‘mondon Dan Xaluts, mudofaa vaziri Amir Perets va bosh vazir Exud Olmert zimmasida ekani aytilgandi. Biroq bu gal komissiya yakuniy xulosada biror-bir amaldorning nomini tilga olmadi. 500 sahifalik hisobotda urush harakatlaridagi muvaffaqiyatsizlik siyosiy va harbiy rahbariyat xatosi tufayli ro‘y bergani qayd etilgan bo‘lsa-da, aybdor nomi aniq e'tirof etilmadi.
Isroil armiyasi (SAXAL) va "Hizbulloh" guruhi o‘rtasidagi urush 2006 yilning 12 iyulida boshlangan edi. Isroilning Livan hududiga kirishiga "Hizbulloh" jangarilari yahudiy davlati armiyasiga hujum uyushtirgani va bir necha askarni asir olgani sabab bo‘lgandi. Bir zarbada Livandagi jangarilarni mahv etishni maqsad qilgan Isroil rahbariyatining istagi osonlik bilan amalga oshmadi. Livandagi urush 2006 yilning 14 avgustiga qadar (34 kun) davom etdi. Isroil armiyasi "Hizbulloh" bilan kurashda talafot ko‘rgani ham yetmagandek, ular bilan sulhga kelishishga majbur bo‘ldi. O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh bitimi esa Isroil jamoatchiligi tomonidan mag‘lubiyat o‘laroq qabul qilindi.
Shu tariqa Livandagi muvaffaqiyatsizlik sababini tahlil etish maqsadida, jamoatchilikning bosimi ostida 2006 yilning 17 sentyabrida tekshiruv guruhi tuzildi.
Komissiya o‘tgan bir yildan oshiq vaqt mobaynida 80 ga yaqin siyosatdon rahbarlar, deputatlar, shu jumladan, bosh vazir Exud Olmertni ham so‘roq qildi, 600 dan ziyod bosma hujjatlarni o‘rganib chiqdi.
O‘rganilgan hujjatlarning umumiy hajmi 60 ming sahifadan ham oshib ketdi. Ushbu hujjatlarning aksariyatini maxfiy deb topgan ekspertlar faqatgina 500 cahifalik hisobotni omma e'tiboriga havola etishdi.
O‘tgan yilnig martida chiqqan dastlabki bayonotda komissiya Exud Olmert rahbarlik tizginini bo‘shashtirib yuborgani, harbiy yetakchilar ta'siriga tushib qolganini qayd etgandi. Shuningdek, ilk bayonotda mudofaa vaziri Amir Perets o‘z mansabiga noloyiq ekani, qo‘mondon Dan Xaluts esa zimmasidagi majburiyatni uddalay olmagani aytilgandi.
Komissiyaning yakuniy xulosasi ushbu fikrlardan farqli o‘laroq, sulh va murosa ruhida tayyorlangan. Unda urush davrida jiddiy xatolar bo‘lgani, lekin bu majburiyat va zarurat taqozosiga ko‘ra yuz bergani e'tirof etiladi. Livan voqeasini "muhim imkoniyatning qo‘ldan boy berilishi" deb baholagan komissiya asosiy kamchilik armiya tomonidan yo‘l qo‘yilganiga e'tibor qaratgan.
Tahlilchilar fikricha, komissiya tomonidan salbiy baho berilishi oxirgi paytlarda bir qator mojarolar, jumladan, korruptsiya bilan bog‘liq to‘palonlar qahramoni bo‘lib qolgan bosh vazirning iste'fosiga ham olib kelishi mumkin edi.
Agar isroilliklarning bundan bir yil oldingi munosabatini yodga oladigan bo‘lsak, 70 foiz aholi Livandagi sulhni noto‘g‘ri deb baholagan, 41 foizi esa omadsizlik uchun bosh vazir Olmert iste'foga chiqishi kerak degan fikrda edi.
Hukumat rahbarining baxtiga, komissiya keskin tanqidiy munosabat bildirmadi. Kuzatuvchilar ta'kidlaganidek, komissiya hisoboti amalda bosh vazirning barcha ayblarini yuvib yubordi. Chunki tekshiruv xulosasi shunday tuzilganki, u orqali Livandagi harbiy harakatlar uchun bosh vazir mas'ul, lekin aybdor emas degan to‘xtamga kelish mumkin.
Mamlakat jamoatchiligi tomonidan keng muhokama etilayotgan hisobot "oltin o‘rtaliq"da tayyorlangani tufayli uni turlicha talqin qilsa bo‘ladi. Buning isboti shuki, mazkur ma'ruza e'lon qilinishini hamma o‘zicha qabul qildi: bosh vazir o‘zining aybsizligini isbotlovchi dalil sifatida, muxolifat esa Olmertning iste'foga asos bo‘ladigan dastak sifatida.
Eng qizig‘i, Livandagi "Hizbulloh" guruhi komissiya xulosasini o‘zining g‘alabasi tasdig‘i o‘laroq qabul qilgan.
Mavjud siyosiy beqarorlikdan foydalanib, amaldagi hukumatga muxolif bo‘lgan guruhlar ham Olmertni iste'foga chiqarish kampaniyasini boshlab yuborishgan. Xususan, mamlakatdagi yetakchi siyosatdonlardan biri, o‘tgan asrda Isroil hukumatiga rahbarlik qilgan Benyamin Netanyaxu Exud Olmertning asosiy raqibi bo‘lib turibdi. Ayni paytda «Likud» partiyasiga rahbarlik qilayotgan siyosatdon qulay imkonni qo‘ldan boy bermay, raqibini muddatdan oldin lavozimdan ketishini talab qilmoqda.
Tabiiyki, Isroil hukumat rahbarining taqdiri Falastin bilan munosabatlarga bevosita bog‘liq. Mo‘ljalga ko‘ra joriy yilning oxiriga qadar Falastin hududida mustaqil davlat tuzilishi kerak. Ana shunday nozik bir holatda hukumat rahbari oqilona siyosat yuritishi lozim: u qo‘shnilar bilan murosa qilishi, xalqaro hamjamiyat talablarini bajarishi va ayni paytda doim murosasiz kayfiyatda bo‘lgan jamoatchilik istaklarini ham hisobga olishi talab etiladi.
Sobirjon Yoqubov
“Hurriyat” gazetasidan olindi