AQSh tomonidan Polsha va Chexiya davlatlari hududida raketa hujumidan mudofaa tizimi qurilishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan ilk paytlardanoq ushbu tashabbus qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Rossiya ushbu harakat ortida mintaqa xavfsizligi uchun katta bir xatarni ko‘rdi. Rasmiy Vashington esa bu bor-yo‘g‘i raketa hujumi ehtimolida qo‘llanadigan tizim ekanini bildirdi.
Oxir-oqibat, ushbu tashabbus har ikki davlat - Polsha va Chexiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, Polsha bosh vaziri Yaroslav Kachinskiy Vashington taklifini rasmiy Varshava qabul qilganini bildirarkan, bu Rossiya tomoni xavfsirayotganidek, mintaqaning qolgan davlatlariga tahdid qilmasligini eslatib o‘tdi. Shu tariqa Polsha rahbariyati okeanorti davlati bilan ittifoqchilikda davom etajagini takror namoyish etdi.
Co‘nggi yillarda Sharqiy Yevropa mamlakatlarining dunyo siyosatida ta'siri oshganini kuzatilyapti. Xususan, AQSh va Rossiya o‘rtasida mintaqa uchun manfaatlar kurashi ketayotgan bir paytda 1990 yillarda sotsializm yo‘lidan voz kechib, G‘arbga xos iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini tanlagan Polsha har ikki katta davlatning diqqat markazida turibdi.
Sobiq sotsialistik lagerning e'tiborli davlatlaridan biri bo‘lgan Polshada 1990-yillardagi siyosiy yangilanishlar davrida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mamlakatda xoh iqtisodiy, xoh siyosiy, xoh madaniy jabhada bo‘lsin, ommaviy ravishda yangilanishlar ro‘y berdi. Bu jarayonda mamlakatning ko‘p yillik ittifoqchi davlati bo‘lgan Rossiya bilan munosabatlari ham o‘zgardi. Polsha sobiq Ittifoq paytida sotsialistik lager davlatlari qatori Moskvaning ta'sir doirasiga kirgan bo‘lsa, yangi xalqaro munosabatlar davrida mamlakat rahbariyati qo‘shni davlat ta'siridan xalos bo‘lish siyosatini olib bordi. Polsha ochiq-oshkora Yevropaga yuz burdi. Mamlakat dunyoning eng yetakchi birlashmalaridan biri bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishga intildi.
Polshaning Yevropa uyiga qo‘shilish harakatini Ittifoq rahbariyati quchoq ochib qabul qildi. Polshaning mintaqadagi eng ko‘p aholiga ega ekani, shunga yarasha mamlakatda ishsizlik, uy-joy bilan bog‘liq iqtisodiy muammolar oshib-toshib yotgani ham mamlakatning Ittifoqqa kirishiga to‘siq bo‘la olmadi. Shu tariqa 39 million aholiga ega davlat 2004 yilning mayida Yevropa Ittifoqiga qabul qilindi.
Ochig‘i, Polshaning Yevropa uyiga kirishida Ittifoqqa a'zo davlatlar Varshavaga yon bosishdi. Aks holda, aholisining 17 foizi ishsiz bo‘lgan davlat hech qachon YeI kabi iqtisodiy talab va shartlari baland bo‘lgan birlashmaga kirolmagan bo‘lardi.
Polshaning Yevropa Ittifoqiga kirishi haqiqiy geosiyosiy kurashlar manzarasida ro‘y berdi. Bu bilan Yevropa davlatlari Rossiya kabi eng asosiy raqobatchisiga hududiy jihatdan yaqinlashdi. Kreml o‘sha paytda Polsha, Chexiya kabi Sharqiy Yevropa davlatlarini Ittifoq bilan Rossiya o‘rtasidagi o‘ziga xos betaraf hudud sifatida saqlashga urinayotgan edi. Yevropa uyining bu tariqa kengayishi tabiiy ravishda Moskva uchun ko‘p murakkabliklar keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqining kengayishi bilan Rossiya va mintaqa davlatlari o‘rtasida harbiy sohada ham ayrim kelishmovchiliklar yuzaga keldi.
NATOga qarshi harbiy blok sifatida tuzilgan Varshava shartnomasi tashkiloti 1990 yillarga qadar faoliyat yuritgandi. Tashkilotning asoschisi sobiq Sovet davlatining tarqab ketishi bilan harbiy ittifoq ham o‘z-o‘zidan tugatildi. Ana o‘sha murakkab vaziyatda Sharqiy Yevropa davlatlari oldida mustahkam harbiy tayanch va ittifoqchi topish masalasi ko‘ndalang turardi. Siyosiy kursni Yevropa tomon burgan Polsha harbiy sohada ham Ittifoqning madadiga ishonch bildirdi. Rasmiy Varshavaning mudofaa borasida ittifoqchi topish harakati mamlakatning 1990 yillar oxirida NATO - Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqiga kirishi bilan yakunlandi.
Polshaning NATOga a'zo bo‘lishi bir qarashda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi muammolarga yechim topganday edi. Biroq Polsha faqatgina Ittifoqning yordami bilan cheklanmadi. Mudofaa borasida okeanorti davlati - AQSh bilan ham bevosita hamkorlik qilishga urindi.
Xalqaro kuzatuvchilar Polsha davlati siyosatiga xos bo‘lgan quyidagi xususiyatni alohida ta'kidlashadi: Polsha garchi Yevropa uyiga teng huquqli a'zo bo‘lib kirgan bo‘lsa-da, mamlakat rahbariyati tabiatan Ittifoq rahbarlariga to‘la ishonch bilan qaramaydi. Nemislar ularda shubha-gumon uyg‘otadi, polyaklar nazdida frantsuzlar ularga baland nazar bilan qarashadi. Inglizlarning milliy manfaatlar ustivor bo‘lgan siyosati ham rasmiy Varshavaga ko‘p-da ma'qul kelmaydi. Shu bois, Polsha davlati har ehtimolga qarshi AQSh bilan ham aloqalarni mustahkamlashga alohida e'tibor beradi. Mamlakatning ehtiyotkor va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan siyosati sabablidir, polyaklarga ko‘p o‘rinda «Yangi yevropaliklar» deya ta'rif berishadi.
Polsha muhim geografik nuqtada joylashgan. Bu esa Rossiya va AQSh manfaatlari to‘qnashayotgan hudud sifatida mamlakatning ahamiyatini oshirmoqda. Ikki davlat o‘rtasida Polshani o‘z ta'sir doirasiga olish borasidagi kurash ko‘pdan beri davom etayotgan edi. Bu kurash oxirgi paytda yanada faollashganday bo‘ldi.
AQSh tomonidan Polsha va Chexiya hududida havo hujumidan mudofaa tizimini o‘rnatish rejasi ayni shu kurashning yaqqol ifodasidir. Polsha hududiga o‘rnatilishi kutilayotgan mudofaa tizimi ballistik raketalar hujumini qaytaradi. Albatta, mamlakatda raketa hujumi xavfini bartaraf etishga qodir bo‘lgan mudofaa tizimining mavjud bo‘lishi ayni muddao: mamlakat tinch-osoyishta, bexatar hayot kechiradi. Biroq bu o‘rinda boshqa muhim siyosiy jihatlar ham bor. Birinchidan, Polsha hududida AQSh harbiy bazasi bunyod etilishi mamlakatning milliy suverenitetiga daxldor bo‘lgan masaladir. Bu muhim savollarga esa odatda referendum yo‘li bilan javob topilishi kerak.
Ikkinchidan, AQSh Polsha hududida millionlab dollar mablag‘ sarflab mudofaa tizimi tashkil etgach, tabiiy ravishda ma'lum maqsadlarni amalga oshirishga harakat qiladi.
Ayni paytda mudofaa borasida ko‘p tomonlama siyosat olib borishga urinayotgan Polsha rahbariyati oldida ana shu muhim masalada qat'iy to‘xtamga kelish, milliy mustaqillik va xavfsizlik o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topish vazifasi ko‘ndalang turibdi.