OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sakkiz yilga cho`zilgan mahkama

Liviya oliy qonunchilik kengashi besh nafar bolgar hamshirasi va falastinlik shifokor bilan bog‘liq mahkama jarayoniga nuqta qo‘ydi. Liviyalik 400 dan ziyod bolalarni OITS virusi bilan zaharlashda ayblangan xorij fuqarolarga qarshi sud jarayoni 8 yildan oshiqroq davom etdi. Bu muddat ichida ayblanuvchilarga uch bora berilib, shuncha marta bekor qilingan o‘lim jazosi umrbod qamoq bilan alishtirildi.

Liviya jamohiriyasida oliy qonunchilik kengashidan ham yuqori turadigan sud instantsiyasi yo‘q. Demak, so‘nggi hukm qat'iy, shikoyatga o‘rin yo‘q.

Bolgariyalik besh nafar hamshira (Kristiana Vulcheva, Nasya Nenova, Valentina Siropulo, Valya Chervenyashka, Snejana Dimitrova) va falastinlik shifokor Ashraf al-Xajoj 1999 yili hibsga olingan edi. O‘shanda ular shartnoma asosida ishlaydigan Bengazi shahridagi shifoxonada bolalarning ommaviy ravishda VICh infektsiyasiga chalinishi yuz bergandi. Igna orqali tarqatilgan deb taxmin qilingan infektsiya tufayli 400 dan ziyod bola qattiq kasal bo‘ldi, ulardan 56 nafari esa hayotdan ko‘z yumdi.

Dastlab yevropalik hamshiralar Liviya hukumatiga qarshi Markaziy razvedka boshqarmasi va Mossad ishtirokida fitna uyushtirishda ayblandi. Keyinroq AQSh va Isroil razvedkasi bilan til biriktirish aybi olib tashlandi. Xorijliklar faqat liviyalik bolalarni qasddan OITS bilan zaharlashda ayblanishdi.

Bir necha yil davom etgan tergov va mahkamalardan so‘ng 2004 yilning mayida ayblanuvchilarga ilk bor o‘lim jazosi tayinlandi. Unga qadar Liviya yetakchisi Muammar Qazzofiyning o‘g‘li, mazkur sud ishi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan asosiy vositachi bo‘lgan Saif al-Islom Bolgariyadan Iroq masalasida pozitsiyasini ko‘rib chiqish, ya'ni urushga qo‘shilmaslikni talab qildi. Biroq Bolgariya hukumati bu talablarga e'tibor berib o‘tirmadi va Iroq urushida birinchilar qatorida ishtirok etdi...

Bolgar hamshiralari dastlabki sud so‘rovlarida ayblariga iqror bo‘lishdi. Biroq oradan ozroq vaqt o‘tganidan keyin qo‘yilgan barcha ayb­larni rad etishdi, ularga qarshi qiynoqlar qo‘llanganini bildirishdi. Himoya tomoni bolalarning infektsiyaga chalinishiga hamshiralar emas, Bengazi shifoxonasidagi sanitariyaga zid holat sabab ekanini aytdi. Lyuk Montane boshchiligidagi G‘arb shifokorlaridan iborat tekshiruv guruhi ham ayni shu xulosaga keldi.

Bu orada mahkamaning dastlabki hukmi bekor qilinib, ish qayta tergovga yuborildi. Yevropa Ittifoqi diplomatiya tufayli erishgan muvaffaqiyatidan xursand bo‘lib turgan bir paytda Liviya sudi o‘lim jazosini qayta tayinladi.

Tabiiyki, Yevropa hukmdan norozi bo‘ldi. Liviya rahbarining o‘g‘li Saif al-Islom esa otasi nomidan sulh taklif qildi: Bolgariya bedavo dardga chalingan har bir bola boshiga xun sifatida 10 million yevrodan to‘lashi kerak. Shu tariqa rasmiy Tripoli 426 nafar bola uchun umumiy miqdorda 5,5 milliard dollar xun talab qildi. Buncha katta miqdordagi mablag‘ni to‘lash Bolgariya hukumatiga ma'qul kelmadi. Boz ustiga, xun berilishi hamshiralarning aybini tan olish bilan barobar edi...

Mahkama jarayoni iyul oyining boshida hal qiluvchi bosqichga kirdi. Darvoqe, bu paytga kelib, falastinlik shifokor Ashraf al-Xajoj ham YeIning ko‘magi bilan Bolgariya fuqaroligini olgan edi.

Kutilmaganda muzokaralar boshida turgan Saif al-Islom Yevropa Ittifoqi jabrlangan oilalarga kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lganini ma'lum qildi. Liviya oliy sudi esa kelishuv mustahkamligi uchun bo‘lsa kerak, ayblanuvchilarni uchinchi marta o‘lim jazosiga hukm qildi. Ke­yinroq ma'lum bo‘lishicha, Yevropa Liviya  bilan jabr ko‘rgan oilalarga 10 million yevro emas, bir million dollardan berishga kelishgani oydinlashdi. Shu paytga qadar murosadan ko‘ra bosim o‘tkazishni ma'qul ko‘rayotgan Bolgariya ham oxiri Muammar Qazzofiy va uning o‘g‘liga yon berdi: Sofiya Liviyaning 400 million dollarlik qarzidan voz kechdi.

Sakkiz yilga cho‘zilgan mahkama jarayoni yakunlangandi. Endi umrbod qamoqqa mahkum etilgan shifokorlarni Bolgariyaga ekstraditsiya qilish masalasi kun tartibida turibdi. Biroq yevropaliklarda Muammar Qazzofiyning kayfiyati buzilib, qarorini o‘zgartirib qolmasa edi, degan xavotir ham yo‘q emas.

Kuni kecha Bolgariyaga ekstraditsiya qilingan mahbuslar mamlakat prezidenti tomonidan rasman afv etildi va ozodlikka chiqarildi. 

Abdul Sobir

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.