Bu o‘lka sayyohlarni o‘ziga eng ko‘p jalb etayotgan mamlakatlar ro‘yxatida u qadar muhim o'ringa ega emas. Uning xalqini dunyoning eng farovon yashayotgan odamlari deb aytsak ham mubolag‘a bo‘ladi. Lekin bugun «sariq ajdar» bolalari* tez orada barcha jabhalarda dunyo ro‘yxatida peshqadam bo'lishga da'vo qilishmoqda. Ularning bu da'volari qanchalik haqiqatga yaqin?
Universitetda o‘qib yurgan kezlarim fakultetimizga madaniy almashinuv dasturi bo‘yicha xitoylik bir guruh talabalar tashrif buyurishdi. Ular bilan bir oy mobaynida Xitoy va O‘zbekiston xalqlari urf-odatlari, turmush tarzi, bugungi kuni haqida fikr almashdik. Mehmonlar orasidan shanxaylik bir talaba yigit Xitoyning yaqin o‘tmishi haqida quyidagilarni so‘zlab bergandi: "Bolaligimda bir kuni uyimizga otam yangi televizor olib keldi. Shu kuni qo‘shnilarimizning aksariyati chiqib, biz bilan allamahalgacha televizor ko‘rishgani esimda. Chunki u paytlar kamdan-kam oilada televizor bo‘lardi..."
Bu voqea sodir bo‘lganiga ham o‘n yildan oshdi. Kecha televizor ko‘rish uchun qo‘shnisinikiga chiqqan xitoylik bugun uni o‘zi ishlab chiqarib, jahon bozorida eng xaridorgir narxda sotmoqda. Xitoyning eng katta shahri bo‘lgan Shanxay esa bugun nafaqat mamlakatning, balki butun jahon moliya bozorining markazi bo‘lishga da'vogar.
Xitoy XX asr so‘ngida kommunist rejimi va iqtisodning sotsialistik yo‘nalishini o‘zgartirmagan holda mamlakat bozorini liberallashtirish yo‘liga o‘tdi. Natijada, bir necha o‘n yil ichida mamlakat iqtisodi katta rivojlanish pallasiga kirib, har jabhada avval Sharqiy Osiyoning, so‘ng Osiyo va butun jahonning katta ta'sir kuchiga ega siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biriga aylandi.
Bugun ayni shu gurkirab rivojlanish dunyo siyosiy doiralarida, Xitoy dunyoning birinchi raqamli kuchli davlati bo‘la oladimi, degan turli kayfiyatdagi qarashlarni yuzaga keltirmoqda.
Ko‘plab mamlakatlarda o‘tkazilgan so‘rovlarga qaraganda, Xitoyning bu nomga da'vogarligi allaqachon boshlangan. Pyu tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Yaponiyada 67 foiz aholi Xitoy tez orada AQSh o‘rnini egallab, dunyoning eng qudratli davlatiga aylanadi, degan fikrda. Xitoyning o‘zida 53 foiz odam Chin diyori dunyoda eng katta kuch bo‘la olishiga ishonadi.
"Germaniya, Ispaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya va Avstraliyada so‘roq qilinganlarning aksariyati, Xitoy allaqachon AQShni kuchlilikda ortda qoldirgan yoki tez orada shunga erishadi, deb hisoblaydi", deb yoziladi Pyu tadqiqotida. AQShda esa aholining 53 foizi Xitoyning poygada g‘olib chiqishiga shubha qiladi.
Dunyo miqyosida ekspertlarning bu boradagi fikri xilma-xil. Lekin Xitoyning yetakchilikka qarab jiddiy ildamlab borayotganini hech kim inkor etmaydi.
Bir farazga ko‘ra, Xitoy AQShni ikkinchi jahon urushidan beri egallab kelayotgan dunyo iqtisodiyoti liderligidan tushirish arafasida. Mazkur qarashni olg‘a surgan Jorjiya texnologiya instituti tadqiqotchilari ilm-fan rivojiga katta sarmoya sarflayotgan Xitoyning tez orada dunyoda 1-raqamli texnologik kuchga aylanishiga shubha qilishmayapti. O‘tgan yili o'tkazilgan yana bir tadqiqotga ko‘ra, Xitoyning behisob aholisi uning taraqqiyotini tezlatayotgan eng katta «Energiya manbai»dir. Bu jarayon, ayni paytda, turli iqtisodiy-siyosiy doiralarda tashvish uyg‘otmoqda.
"Agar Xitoy dunyo ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta'sir qila oluvchi kuchga aylansa, boshqalarning manfaatlari bilan hisoblashmay qo‘yadi, degan hadik AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq hamda Xitoyning yon qo‘shnilari Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliyada keng yoyilgan", deb yozadi Pyu tahlilchilari.
Odamlar Xitoyning dunyoga egalik qilishini Napoleon davridan beri bashorat qilib kelishadi. Xo‘sh, dunyoning eng qudratli davlati bo‘lish o‘zi nima degani? Bu savolga beriladigan javob bilan aniqlanadigan Xitoy taqdiri Pekin osmoni kabi g‘uborli va noaniqdir.
Qudratli bo‘lishning to‘rt sharti
Qudratli davlat "etakchi kuch va dunyoning istalgan burchagiga yoki bir paytda Yer sharining birdan ortiq hududiga ta'sir qila olish salohiyatiga ega mamlakatdir", deb yozadi Stendford universiteti tadqiqotchisi Alisa Miller. Unga ko‘ra, davlat qudratli bo‘lishi uchun to‘rt shart bajarilishi kerak. Ya'ni, mamlakat harbiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan boshqalardan ustun bo‘lmog‘i lozim.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSh dunyoda yagona ana shunday davlatga aylandi va ko‘p yillar jahon savdosining 40 foizini o‘z nazorati ostida tutdi, deydi Miller. Ko‘p mamlakatlar milliy valyutalari qiymatini dollar asosiga qurishdi. Ingliz tili global siyosat va biznes tiliga aylanib, Amerika madaniyati va yashash tarzi butun dunyoni egalladi. Sobiq Ittifoq qulagandan so‘ng esa AQSh shak-shubhasiz dunyoning 1-raqamli eng kuchli davlatiga aylandi.
Mazkur birinchilikning muhim belgisi bu gegemonlikdir. Gegemoniya (Hegemony) yunoncha so‘z bo‘lib, yetakchilik (liderlik) ma'nosini anglatadi. Gegemonlik boshqa davlatlarga o‘z siyosatini o‘tkazish demakdir. Bu narsa Rim va Buyuk Britaniya imperiyalari davrida yoki o'tgan asrning 30-yillaridagi Germaniya harakatlarida ko‘ringanidek, ochiq zo‘ravonlik yo‘li bilan yoki bugungi neo-imperializm davrida mamlakatlarni madaniy va iqtisodiy yo‘l bilan egallash orqali amalga oshirilishi mumkin. Tarixchilar Rossiyaning ko‘p bor dunyo siyosiy sahnasida gegemonlik qilishga uringanini, lekin bu borada muvaffaqiyat qozonmaganini yozishadi. Xitoy esa, ko‘pincha, Sharqiy Osiyoning hududiy gegemon davlati sifatida tilga olinadi.
Dunyo iqtisodiy-siyosiy hayotida AQSh ustunligini ta'minlayotgan yana bir muhim omil - bu dollar gegemoniyasidir. AQSh Prezidenti nomzodligiga da'vogar Ron Paul ikki yil burun, "AQSh yetakchiligini ta'minlayotgan muhim omil bu dollarning kuchi va jozibasidir, lekin dollar gegemoniyasi o‘z nihoyasiga yetmoqda", deb yozgan edi.
Xitoy qudratli bo‘la oladimi?
O‘tgan ikki o‘n yillikda o‘ziga xos katta kuchga aylangan bo‘lsa-da, "Xitoy hali qudratli davlat bo‘la olgani yo‘q va yaqin orada ham bunday bo‘lishi kutilmayapti", deb yozadi Miller.
Tashqi aloqalar konsulligida Xitoy masalalari bo‘yicha tadqiqotchi Adam Sigelning aytishicha, XX asrning 90-yillari o‘rtalaridan beri Xitoyning xalqaro munosabatlarda o‘zini tutishi namunali bo‘lib kelyapti. Mamlakatning takror-takror aytayotgan iborasi, "Xitoy uchun yaxshi bo‘lgan narsa boshqalar uchun ham yaxshidir". Ya'ni, ularga ko‘ra, Xitoy iqtisodining ko‘tarilib, nafaqat Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda ta'sirchan kuchga aylanishi dunyoning barcha xalqlari uchun birday manfaatlidir.
"Xitoy qo‘shnilari bilan tinch va teng asoslarda hamkorlik qilib kelmoqda", deydi Sigel. Shunga asosan uning aytishicha, Xitoy qudratli davlatga aylangan taqdirda ham boshqa mamlakatlar manfaati uchun xavfli bo‘lgan siyosat yuritmaydi.
Ko‘plab mutaxassislarning fikriga ko‘ra esa, bugungi global siyosiy jarayon shunday yangi bosqichga ko‘tarilyaptiki, endilikda superkuchli davlat tushunchasi ilgarigidek bo‘lmaydi. «Sovuq urush» yakunidan shu kungacha bo‘lgan davrda bir qutbli tizim amal qilgan bo‘lsa, bundan buyon kelajakda bir necha kuchli davlatlar mavjud ko‘p qutbli dunyoga aylanishi mumkin. Bunda AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi yirik harbiy, siyosiy va iqtisodiy quvvatga ega mamlakatlar dunyo hayotida teng ta'sirli kuchga aylanishadi. Ular orasida Xitoyning muhim o‘ringa ega bo‘lishi aniq. Ammo muammo shundaki, Xitoy yetakchilik lavozimini namunali bajaradimi yoki gegemonlikka o‘tib oladimi, bunga hali javob topilgani yo‘q.
AQSh o‘rnini egallay oladimi?
"Xitoy AQSh bilan ziddiyatlarga kirishmaslik uchun bor imkoniyatini ishga soladi", deb yozadi Kaliforniya Universitetining Global ziddiyatlar va hamkorlik instituti direktori Syuzen Sherk. (Syuzen AQSh Davlat kotibining Xitoy masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari bo‘lgan). "Xalqaro masalalarda Xitoy biz bilan ziddiyatga kirishishdan ko‘ra ko‘proq hamfikr bo‘lishni ma'qul deb topmoqda,-deydi u.- Boshqa davlatlar bilan solishtirilganda, Xitoy bizning Iroqdagi amaliyotimizni kamroq tanqid qilgan mamlakatdir".
AQSh ikkinchi jahon urushidan beri dunyo iqtisodini nazorat qilib kelmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri ta'lim va texnologiyaga ajratilgan katta mablag‘ bo‘ldi. Xitoy ham ayni shu yo‘ldan bugun bormoqda.
Amerikalik olimlarning fikricha, mamlakatda bu sohani ushlab turgan federal mablag‘larning ajratilmay qo‘ygani so‘nggi yillarda AQShning ilm-fan va texnologiyadagi liderligini nihoyasiga yetkazmoqda.
Shu yil Jorjiya texnologiya instituti e'lon qilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, tez orada Xitoy texnologik va sanoat mollarini eksport qilishda AQShni ortda qoldiradi. "XX asr boshidan beri birinchi marta tadqiqot va uning natijasi bo‘lgan sanoat mollarini ishlab chiqarish sohasida AQSh liderlikni boy berish arafasida ekani kuzatilmoqda,"-deydi tadqiqot mualliflaridan biri Nils Nyumen.
"Xitoy, darhaqiqat, texnologiya sohasida dunyo iqtisodini o‘zgartirib yubordi.-deb yozadi yana bir tadqiqotchi Alen Porter.- Bu yurtning kamxarj va arzon sanoat mollari boshqa mamlakatlarni raqobatda osonlikcha ortda qoldirmoqda".
Xalqaro ilmiy jurnallarda sanoatning so‘nggi yo‘nalishlariga oid eng ko‘p ilmiy maqolalarni chop etayotgan olimlar ham bugun xitoyliklardir, deydi Porter. Xitoy yana fazoni keng tadqiq etayotgan sanoqli mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Texnologiya sohasidagi baquvvat iqtisodiy ko‘rsatkich qudratli davlat bo‘lishning yagoni o‘lchovi bo‘lmasa-da, lekin eng muhimi ekani shubhasiz. Bu borada AQSh yetuk tajribaga ega, Xitoy esa davraga endi kirib kelayotgan yosh va navqiron mamlakatdir.
"Bu xuddi 40 yoshli odamning 12 yoshli, lekin bo‘yi o‘zi bilan tenglashib qolgan yosh o‘yinchiga qarshi basketbol o‘ynashiga o‘xshaydi, - deydi Nyumen. - Sening yoshing ulug‘, tajribang yetarli, lekin bu ustunlikni doim o‘zingda saqlab turishing imkonsiz. 12 yoshli bolakay esa kundan-kun ulg‘ayib boryapti. Kelajak AQSh uchun unchalik ham porloq emas".
O‘tgan yili La Sierra universiteti biznes maktabi tadqiqot o‘tkazdi. Uning xulosasiga ko‘ra, Xitoy asr o‘rtasigacha xalqaro iqtisodiyotni o‘z nazorati ostiga olib, qudratli superdavlatga aylanadi. Unda, shuningdek, Hindiston ham Xitoy ko‘rsatkichlariga yaqin mavqeda bo‘lishi aytilgan. Hozirda AQSh aholisi 305 million bo‘lsa, Xitoyniki 1,3 mlrd., Hindiston esa 1,1 mlrd.lik xalqqa ega. Tez o‘sayotgan va yosh aholi davlat taraqqiyotiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan katta potentsial hisoblanadi.
"Mazkur o‘sib kelayotgan yangi superdavlatlar kishi boshiga yalpi milliy mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha rivojlangan davlatlarga yeta olmasa ham, lekin ulkan miqdordagi aholisi hamda ta'lim va texnologiyaga berayotgan katta e'tibori orqali dunyo rahnamoligiga haqli da'vogarlik mavqeiga erisha oladilar", deb yozadi tadqiqot mualliflari.
AQSh va Xitoy muhorabasi: kim g‘olib chiqadi?
Xitoy va AQSh o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi borib-borib harbiy nizoga va ochiq urushga aylanib ketishi mumkinligini hech kim inkor etmaydi. Muammo shundaki, an'anaviy qurol-aslaha va yadro raketalari bilan to‘la qurollangan bu ikki mamlakat o‘rtasidagi urush nafaqat o‘zlari uchun, balki butun dunyo uchun katta vayronagarchilik keltirishi tabiiy. Bugungi globallashgan va integratsiyalashgan dunyoda ikki qudratli davlatning urushi 3-jahon muhorabasini keltirib chiqarishi ehtimoldan uzoq emas.
Samuel Hantington o‘zining mashhur "Tamaddunlar to‘qnashuvi" kitobida AQSh va Xitoy o‘rtasida harbiy ziddiyat yuzaga kelsa, uning oqibati nima bilan tugashi mumkinligini quyidagicha tasavvur qilib ko‘radi:
"Faraz qiling, 2010 yil. AQSh askarlari Koreyani tark etgan. Yaponiyadagi qo‘shinlari soni ham anchaga kamaygan. Tayvan va Xitoy o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lib, unga ko‘ra, Tayvan rasmiy mustaqillikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, amalda Xitoy suverenitetini tan olgan.
To‘satdan Janubiy Xitoy dengizida yangi neft zahiralarining topilishi Xitoyning bu hududga to‘la egalik qilishi haqidagi eski da'vosini yana qo‘zg‘ab yuboradi. Dengizning Vetnam qo‘l ostidagi hududida Amerika kompaniyalarining ishlayotgani Xitoyga yoqmaydi. Xitoy dengizning to‘la o‘ziga qarashli ekanini ro‘kach qilib, Vetnam bilan qurolli to‘qnashuvga borib yetadi. Natijada Xitoy Vetnamga qo‘shin kiritadi. Vetnam hukumati AQShga yordam so‘rab murojaat etadi. Xitoy AQShni o‘zining ichki ishlariga aralashmasligini so‘rab ogohlantiradi. Yaponiya va Osiyoning boshqa mamlakatlari ikkilanib qoladi. AQSh Vetnamning bosib olinishini qabul qilib bo‘lmas deb baholaydi va Xitoyga qarshi iqtisodiy jazo choralarini tatbiq etadi hamda hududda qolgan oz sonli harbiy flotini Janubiy Xitoy dengiziga kiritadi. Xitoy buni o‘z hududiga qilingan daxl deb qabul qiladi hamda AQSh kemalariga qarshi havo hujumlari uyushtiradi. BMT Bosh Kotibi hamda Yaponiya bosh vazirining tinchlik o‘rnatish borasida qilgan muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlanadi va urush Sharqiy Osiyo bo‘ylab kengayib boradi. Yaponiya AQShga o‘z hududidagi harbiy bazalardan Xitoyga qarshi foydalanishini taqiqlaydi va o‘zining betarafligini e'lon qiladi. Xitoy harbiy floti va havo hujumlari AQSh kemalariga hamda uning Sharqiy Osiyodagi boshqa bazalariga jiddiy zarar yetkazadi. Bu orada Xitoy qo‘shinlari Xanoyga kirib boradi va Vetnamning katta qismini o‘z nazorati ostiga oladi.
Urushayotgan har ikki tarafda yadro qurollarini tashishga qodir raketalar bo‘lgani holda urushning dastlabki davrida ular ishga solinmaydi. Lekin qarshi tomon yadro qurolini ishlatishi mumkinligi haqidagi tashvish har ikki tomonni, ayniqsa, AQShni ko‘proq bezovta qiladi. Bu narsa AQSh jamoatchiligi orasida urushga qarshi norozilik kayfiyatini kuchaytiradi. Olis hududdagi arzimas manfaat uchun mamlakatni yadro hujumi xavfi ostiga qo‘yish shartmi, degan qarashlar yuzaga keladi. Natijada AQSh 1942 yili Yaponiya boshidan o‘tkazgan vaziyatga tushadi: "Bu ulkan davlatni [Xitoyni] yengish qimmatga tushadi. Undan ko‘ra murosa yo‘lini topganimiz ma'qul".
Bu orada mazkur urush boshqa tsivilizatsiyalarning yetakchi davlatlariga ham o‘z ta'sirini o‘tkaza boshlaydi. Xitoyning Sharqiy Osiyoda band bo‘lib qolganidan foydalangan Hindiston azaliy dushmani Pokistonga uning an'anaviy va yadro qurollarini yakson qilish uchun urush ochadi. Pokistonga yordam uchun ittifoqdoshlari Xitoy va Eron yetib keladi.
Xitoyning AQSh ustidan qozongan dastlabki g‘alabalari aksilg‘arbiy kayfiyatdagi musulmon o‘lkalarda AQShga qarshi g‘alayonlarning boshlanishiga turtki beradi. Asta-sekin Arab mamlakatlari va Turkiyada G‘arb bilan murosa qiluvchi hukumatlar islomchi harakatlar tomonidan ag‘darilib, ular o‘rniga diniy boshqaruv o‘rnatiladi. So‘ng arab davlatlari birgalikda Isroil davlatiga qaqshatqich hujum uyushtirishadi. AQShning miqdori kamaytirilgan 6-floti ham Isroilni saqlab qololmaydi.
AQSh va Xitoyning o‘z atrofiga ittifoqchilar yig‘ishi davom etadi. Vaziyatni ehtiyotkorlik bilan kuzatayotgan Yaponiya va nihoyat betaraflikdan Xitoyga yon bosish yo‘liga o‘tib oladi. Bu AQShning Yaponiya bilan munosabatlarini urush holiga keltiradi. Yaponiya AQShning o‘z hududidagi harbiy bazalarini egallab oladi. G‘arbiy Tinch okeanida AQSh va Yaponiya harbiy flotlari o‘zaro jangga kirishadi.
Xitoyning Sharqiy Osiyoda to‘la hukmronlikni qo‘lga kiritgani Moskvani jiddiy sarosimaga soladi. Rossiya Uzoq Sharqqa qo‘shinlarini joylashtirib, u yerdagi xitoyliklarni surib chiqaradi. Xitoy o‘z vatandoshlarini himoya qilish uchun qo‘shin jo‘natadi va natijada Vladivostokni egallab oladi."
Hantington voqealar rivojini shu tarzda bashorat qilib borib, global tus olgan urush asosan AQSh, Yevropa, Rossiya va Hindistondan iborat bir tomon hamda Xitoy, Yaponiya va Islom olamining ko‘p mamlakatlaridan tarkib topgan ikkinchi tomon o‘rtasida bo‘lishini aytadi. Unga ko‘ra, Xitoyning AQSh, Yevropa yoki Hindiston bilan ziddiyatlarga kirishishi asosida iqtisodiy manfaat yoki siyosiy tizimdagi tafovutlardan ko‘ra ko‘proq ularning farqli tsivilizatsiya va hayot yo‘liga ega ekanligi yotadi. Demak, kelajakning qay darajada ziddiyatli yoki tinch bo‘lishini yakka davlatlar emas, balki farqli tamaddunga ega davlatlar guruhlari o‘rtasidagi munosabatlar belgilaydi.
To‘siqlar saqlanib qoladi
Tadqiqotchi Adam Sigal Xitoyning superdavlat bo‘lishiga shubha qiladi. Unga ko‘ra, bu mamlakat yaqin kelajakda harbiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarda yetakchilikni qo‘lga oluvchi darajaga erishishi amrimahol.
Amerikaning ochiq, demokratik jamiyati uning superdavlat bo‘lishida muhim omil vazifasini o‘tagan. Xitoyda esa ayni shu narsa yo‘q. Demak, ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, Xitoy mavjud byurokratik tizimi bilan dunyoning eng kuchli davlati bo‘la olmaydi.
"Xitoyning qush tumovi (grippi) tarqalgan paytda mamlakatdagi mavjud vaziyatdan dunyoni ogoh etmagani, balki aniq raqamlarni yashirgani uning jahon rahnamoligiga hali tayyor emasligini ko‘rsatdi,- deydi Sigal.- Sichuan zilzilasidan so‘ng mamlakat rahbariyati biroz oshkoralik yo‘lini tutgan bo‘lsa-da, lekin tizim hanuz eskicha yo‘sinda ishlayapti".
Xitoyning siyosiy tizimiga hech bir davlat havas qilmaydi, deydi Miller. Shuningdek, unga ko‘ra, xitoy tili hali-veri ingliz tilining o‘rnini egallashi amrimahol.
Lekin ko‘p kuzatuvchilarning aytishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari Xitoy uchun o‘zgarishlar davrining boshlanishidir.
"Xitoy yaqin orada dunyoning moliyaviy markazi bo‘la olmaydi, -deydi Miller.-Buning uchun u hozirgi rivojlanish tezligini ana shunday tarzda bir necha o‘n yil davomida ushlab turishi kerak. Bu esa qiyin masala".
Darhaqiqat, hozircha Xitoy iqtisodi dunyoning eng yirik bozoriga aylanib ulgurmadi. Mamlakatning yillik yalpi milliy mahsuloti 7 trillion dollar. Bu borada u AQShdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turibdi (AQShniki 13,8 trillion dollar). Lekin Xitoy iqtisodining rivojlanish tezligiga hali biror mamlakat yeta olganicha yo‘q. Uning qudratli superdavlat bo‘la olishi haqidagi bashoratlar ham asosan uning shiddatli taraqqiyotga ega ekanligi bois aytilmoqda.
*Xitoyliklar azaldan ajdarni kuch-qudrat ramzi sifatida e'zozlab kelishadi. Tarixda o‘tgan buyuk Xitoy imperiyalari bayroqlarida sariq ajdar timsoli aks etgani ham shundan. Bugungacha Xitoy tilga olinganda ajdar ramzi uning nomi bilan barobar esga olinadi. Yana afsonalarda xitoyliklarning ajdar avlodlari ekani ham aytilgan. Ayniqsa, bugungi xitoyliklar orasida ajdar farzandiman, deyish faxr va urfga aylanib bormoqda.
Behzod Mamadiyev,
"Ma'rifat" gazetasidan