OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sindirish san’ati

Amerikadagi prezidentlik saylovi targ‘ibot kampaniyasida Internetning ahamiyati oshib boryapti

Saylov arafasida barcha siyosiy kuchlar ham har qanday usullarni qo‘llab ommani o‘z ortidan ergashtirishga, tarafdorlarini orttirishga harakat qiladi. Elektorat e'tiborini qozonish uchun piarmenlar qanday usullardan foydalanmaydi deysiz. 2008 yilda o‘tadigan prezidentlik sayloviga hozirlik ko‘rayotgan AQShda ham siyosiy texnologlar yangi-yangi ta'sir usullarini kashf etishga kirishib ketishgan.

Amerikada xoh parlament, xoh ijroiya hokimiyati uchun bo‘lsin, ovoz berish jarayonlari jo‘shqin va shiddatli ruhda o‘tishidan xabaringiz bor. Hali saylovgacha ikki yilga yaqin fursat bo‘lishiga qaramasdan nomzodlar o‘rtasidagi kurash anchayin qizg‘in pallaga kirgani bu yil ham prezidentlik «poygasi» keskin o‘tishdan dalolat berayotgandek. E'tiborli tomoni, bu safar nomzodlar o‘rtasidagi raqobatda an'anaviy ommaviy axborot vositalari emas, Internetning o‘rni keskin oshgani ko‘zga tashlanyapti.

Saylovda ishtirok etayotgan har bir nomzod o‘z Internet saytiga ega ekani tabiiy. Oq uy sohibligi uchun kurashayotgan siyosatdonlar bu bilan cheklanmay endilikda millionlab o‘quvchilar o‘rtasida mashhur bo‘lgan ommaviy saytlarda ham o‘z sahifalarini ochishmoqda. Hozirga qadar demokratlar ham, respublikachi nomzodlar ham AQShda keng tanilgan YouTube, MySpace kabi axborot portallariga o‘zlari haqidagi ma'lumotlarni joylashtirishdi.

Davlat rahbarligi uchun raqobatlashayotgan nomzodlarning Internetga alohida e'tibor qaratayotgani bejiz emas. Xalqaro kompyuter tarmog‘i bir tomondan arzon siyosiy targ‘ibot vositasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ommaga tez va kuchli ta'sir ko‘rsatish usuli ham sanaladi.

Yaqinda Qo‘shma Shtatlarda ommabop bo‘lgan YouTube videoservis sayti orqali demokratik partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Barak Obamaning reklama roligi namoyish etildi. Aslida mazkur rolik  1984 yili Apple kompaniyasi suratga olgan reklamaning yangilangan shakli, xolos. Biroq unda teskari ta'sir usuli orqali omma fikrini kerakli maqsadga yo‘naltirishga erishilgan. Xullas, mazkur reklama roligida quyidagi holat tasvirlangan: Xillari Klintonning saylovoldi chiqishini nafas yutib tinglayotgan olomonning hayajonli holati. Birdaniga ongni zabt etish «seans»ini buzib sahnada sportchi qiz paydo bo‘ladi va katta ekranni sindirib tashlaydi. Chil-chil singan ekranning qora fonida esa Apple kompaniyasi logotipi va Barak Obamaning shaxsiy veb-sahifasi manzili yozuvi chiqadi.

Qiziq tomoni, Barak Obama siyosiy portretini juda chiroyli usulda targ‘ib qilgan reklama roligidan nomzodning o‘zi bexabar ekanini aytgan. Biroq ushbu rolikni tayyorlagan hojatbaror kim bo‘lsayam juda uzoqni ko‘zlab ish tutgani ko‘rinib turibdi...

Ko‘pni ko‘rgan Amerika siyosiy texnologlari mazkur kontrreklama usulidan oldin ham foydalanishgan. Masalan, 1964 yili Lindon Jonson tarafdorlari tomonidan tayyorlangan «Margaritka» deb nomlangan rolikda gul ushlab turgan qizaloq va uning ortida uchishga hozirlik ko‘rayotgan ballistik raketa tasvirlangandi. Bu bilan Lindon Jonson guruhi agar raqib Barri Golduoterga ovoz bersangiz, Sovet Ittifoqi bilan yadro urushi boshlanib ketishi mumkin degan fikrni ommaga singdirishga harakat qilishgandi. Teskari ta'sir usuli o‘shanda ham o‘z samarasini berdi: Lindon Jonson saylovda g‘alaba qozondi.

2006 yilning noyabrida o‘tgan Kongress saylovlarida ham respublikachilar demokratlarga qarshi ana shu sinalgan usul bilan kurashmoqchi bo‘lishdi. Respublikachilar tayyorlagan roliklarda uyatchan tabassum bilan qarab turgan Usama Bin Lodin timsoli asosiy planga chiqdi. Bu bilan elektoratda agar demokratlarga ovoz bersangiz, birinchi raqamli terrorchi yana harakat boshlaydi degan tahlika tuyg‘usi uyg‘otish ko‘zlangandi. Biroq, ne ajabki, parlament saylovida teskari reklama foyda bermadi. Pirovardida demokratik partiya baribir Kongressda o‘z nazoratini o‘rnatdi.  

Internet vositasida saylovchilar ko‘nglini topish, albatta, qulay va arzon usul. Xalqaro kompyuter tarmog‘i televidenie yoki matbuot kabi millionlab dollar mablag‘ talab ham qilmaydi. Biroq ming bir toifa o‘quvchilarga ega bo‘lgan Internet talay nozik jihatlarga egaki, bularni inobatga olmagan nomzod ko‘p narsa yo‘qotishi mumkin.

Balki ana shu jihatdan hadiksiragani tufaylidir, demokratlar vakili Barak Obamadan yaqinda Internet saytlardan biri bilan sudlashdi. Gap shundaki, voyaga yetmagan qizlar bilan ishqiy munosabatlarni targ‘ib qiluvchi veb-xizmatlardan biri demokrat nomzod to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ruxsatsiz joylab qo‘ygan. Nomzod esa axloqsiz sayt orqali olib borilayotgan targ‘ibotni o‘z imijiga salbiy ta'sir qilishidan xavotirlangan.

Boshqa bir misol. 2006 yilgi saylovda senatorlikka nomzod sifatida qatnashgan virjiniyalik Jorj Allen mag‘lubiyatga uchradi va, eng qizig‘i, uni sindirgan ham aynan Internet bo‘ldi. Saylov kampaniyasi davridagi uchrashuvlardan birida Jorj Allen raqibining qora tanli yordamchisini «makaka» deb atagan. Buni tabiiy ravishda haqorat deb qabul qilgan raqiblar nomzodni sudga berib o‘tirishmadi, undan ham aqlli yo‘lni topishdi: o‘sha holat aks etgan lavhani YouTube videoservis sayti orqali tarqatib yuborishdi. J. Allen siyosiy qiyofasiga irqiy kamsitish tamg‘asini bosgan bu lavha oxir-oqibat nomzodga mag‘lubiyat keltirdi.

Ochig‘ini aytganda, millionlab Internet foydalanuvchilar ko‘ngliga yo‘l topish ham oson emas. Chunki xalqaro tarmoqning mijozlari ko‘pligi barobarida ularning fe'l-atvori, qiziqish va yondashuvlari ham turlicha. Masalan, Xillari Klintonning Iroq urushi borasida murojaatini bor-yo‘g‘i 20 ming Internet foydalanuvchi ko‘rgan. AQShning sobiq birinchi xonimi Ayovadagi saylovchilar bilan madhiyani birgalikda kuylagan lavhani esa milliondan oshiq elektorat tomosha qilgan. Yoki prezidentlik saylovidagi yana bir nomzod Jon Edvardsning aholiga murojaatini kamsonli odam ko‘rgani holda, uning sochini to‘g‘rilayotgan lavha bilan bir necha yuz ming foydalanuvchi tanishgan.

Xullas, Amerikadagi saylov jarayonida yangi kurash yo‘llari, raqibni sindirishning yangi usullari ixtiro etilyapti. Hali saylovgacha ancha vaqt bor. Bu fursat ichida tinib-tinchimas siyosiy texnologlar yana boshqa ta'sir yo‘llarini o‘ylab topishsa ham ajab emas.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.