OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Skinxedlar: muammo ildizi qayerda?

 Aytishlaricha, kakku o‘z tuxumini o‘zga qushlarning, masalan chug‘urchuq yoki loyxo‘rak inida qo‘yar ekan. Bu uning o‘z ini yo‘qligidan emas, azboroyi polaponini boqishni istamasligidan sodir bo‘larkan. O‘z tuxumlari orasida begona tuxum paydo bo‘lganini qush bechora bilmaydi ham. Vaqt o‘tishi bilan tuxumdan polaponlar yorib chiqishadi.

Kichik uyada jussasi yirik kakkucha pitirlab-pitirlab o‘zga polaponlarni tushirib yuboradi. Qush esa o‘zidan katta “bolasini” temirqanot bo‘lib, inni tark etguniga qadar chuvalchang va pashshalar bilan boqadi. Eng hayratlanarlisi shundaki, kakku loyxo‘rak “tarbiyasini olgan” bo‘lsa-da, vaqt kelib o‘z tuxumini yana o‘zga inda qo‘yadi... 

HAVASKOR ISYONKORLIKDAN VAHSHIYLIK SARI

Bundan ikki oy muqaddam Rossiyaga ishlagani kelgan uch nafar tojikistonlik mahalliy skinxedlar do‘pposlashi tufayli halok bo‘ldi. Ularning qotillari Moskva oliy sudida ko‘p yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm o‘qib eshittirilayotganda bir jinoyatchining onasi ko‘zida yoshi bilan o‘z farzandini la’natlab, undan voz kechganini aytdi.  Sochi tagidan qirilgan farzand esa o‘z onasini sud zalidan haydashlarini talab qilardi.
Onani boladan, bolani onadan ayirayotgan skinxedlik nima o‘zi? 
Skinxed(inglizcha skinhead, taqirbosh)larning dastlabki guruhi XX asrning 50-yillari oxirida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. O‘sha paytda bu guruh ko‘ngilxushlik qilishni istab qolgan 16-20 yoshli o‘smir yoshlarning ixtiyoriy birlashuvidan paydo bo‘lgan, deyish mumkin. 
Guruh bo‘lish uchun yagona g‘oya kerak. 50-yillar skinxedlari uchun umumiylik — vaqt o‘tishi, kayfu safo va odatiy muhitga isyon edi, xolos. O‘sha davr ota-onalari o‘z farzandlarining  boy-badavlat tadbirkor bo‘lishini istashardi. Buning uchun boladan mashaqqatli izlanish, o‘qib-o‘rganish talab qilinadi. Yalqov farzand uchun kitob titkilashdan ko‘ra, shovqin-suronli musiqa ostida tengdoshlari bilan spirtli ichimlik, pivo ichish jozibaliroq edi. Nega “skinxed”? O‘zingizga yaxshi ma’lum, har qaysi davrda yoshlar orasida ommalashgan soch turmagi bo‘lgan. O‘tgan asr o‘rtalarida uzun (quloqlarni yopadigan) soch qo‘yish yigitlar uchun urf bo‘lgan edi. Davrga, qarindoshlarning zerikarli nasihatlariga, o‘qituvchilarning va’zlariga, umuman, doimiy birxillikka qarshi bosh ko‘targan skinxedlar uchun zamonaviylik ham begona edi. Pivoxo‘r taqirboshlar ustidan kulganlar esa ayovsiz do‘pposlangan. Ular ko‘cha olishuvlariga mos kiyinar, politsiya qo‘lidan oson sirg‘alib chiqib ketish uchun qulay bo‘lgan charm kurtka, og‘ir baland poshnali butsi va zanjirli kamarlar bilan “qurollangan”lar.  
60-yillar so‘ngida bu guruhdagi yoshlar safi sezilarli darajada kengaydi. Ba’zi siyosatchilar esa skinxedlardan siyosiy sahnalarda vositachi sifatida foydalana boshladi. Jamiyatdagi tartibsizlik muxolifatga amaldagi hukumatni baralla tanqid qilishga imkon berardi. Endi kalboshlar ota-onalari qatorida qora portfelli hukumat vakilidan ham nafratlana boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan g‘arb jamiyatlaridagi mahalliy yoshlarga nisbatan muhojirlar o‘zlarining iqtidorini namoyish qilib, o‘ziga to‘q qatlam tarkibiga singiy boshlaydi. Tabiiyki, hasad hislari uyg‘otilgach, ancha nochor sharoitda yashovchi skinxedlar o‘zlarining “g‘arb mahalliylarining azobiga muhojirlar sababchi” degan xulosaga kelgan alohida guruhga bo‘linadilar. Terror, zo‘ravonlikka tayangan bu yangi bo‘g‘in o‘z tarafdorlarini “oliy irq” — oq irqning qon tozaligini saqlab qolishga, muhojirlarni mahalliy oqlarga xizmat qilishga majbur qilishni tashviq qiladilar. Bu borada ular o‘zlariga Adolf Gitlerni ideal qilib olishdi. SS guruhlar tuzib, Ikkinchi jahon urushida fashistlar foydalangan uniformalarning zamonaviy ko‘rinishlarini 
ustlariga iladilar. Eng hayratlanarlisi, ular o‘zlarigacha bo‘lgan madaniyatga nuqta qo‘yib, yangi skinxedlik madaniyatini yaratishga kirishadi. Uzoq yillar natsi-skinxed(millatchi-kalbosh)lar shovinistik harakatlari tufayli hukumatlar tomonidan “noqonuniy” deya ta’qibga olinib kelindi. 
Ko‘p narsa muhitga bog‘liq. Urush nihoyasiga yetgach, butun dunyoda necha yuz minglab bolalar tirik yetim, boshpanasiz ko‘chada qoldi. O‘sha davrda skinxed tushunchasining yuzaga kelishining asosiy omili ham shu edi. Biroq 
malham — vaqt keyinchalik vaziyatni o‘zgartirdi-ku?! Hozir dunyo boyligining 46 foizi Yevropada to‘plangan. Bu yerda oddiy ishchining farzandi ham qiynalmay oliy maqomdagi universitetlarda o‘qishi, agar istasa, bir ishning boshini tutib, qo‘sha-qo‘sha mashina minishi mumkin. Xo‘sh, endi taqirboshlarga nima yetishmaydi? Bizningcha, bu muammo yechimini jamiyat, oila va tarbiya masalalaridan qidirmoq kerak. Nitsshe aytganidek, muammoning borligi doimo kimgadir imkon yaratgan. Yevropa yuragi hisoblanuvchi Bryussel markazida qora tanli ona-bolaning otib ketilishi, jinoyatning voyaga yetmagan millatchi tomonidan amalga oshirilgani yoxud Germaniyada polyak talabalari yotoqxonasining tunda yondirib yuborilishi va natijada o‘nlab begunoh yigit-qizlarning olamdan ko‘z yumishi — bularning barchasi yagona rejaning kichik 
qismlari, xolos. Agar irqchi-millatchilar guruhi bor ekan, demak uni kimdir moliyalashtiradi. Buzg‘unchi kuchlarning mavjudligi qaysidir siyosiy kuchlarning amaldagi hokimiyatga ta’sir qilish imkonini yaratadi. Yoshlar vositaga aylanadi. Buni joriy yilning mart-aprel oylarida Parijda sodir etilgan tartibsizliklar misolida ham ko‘rish mumkin. Natijada, Frantsiyaning amaldagi bosh vaziri obro‘si xalq orasida keskin darajada tushib ketdi.

NEGA AYNAN ROSSIYADA?

Rossiya uchun millatchilik muammosi ilidizini ikki omildan qidirish lozim. Birinchisi, ishsizlik, qashshoqlik bo‘lsa, ikkinchisi yoshlarning turli oqimlarga berilishlariga kattalarning befarqligi. Biroq har ikki holatda masala o‘qildizi oilaga borib taqaladi. 80-yillarning oxirida Rossiyada yoshlar o‘rtasida savodsizlik ommaviy tus ola boshladi. Voyaga yetmaganlar orasida ko‘chabezorilik, guruhbozlik, uyushgan jinoyatchilik, reketchilik avj olishi  Ittifoqning tarqalishi, ommaviy ishsizlik va qashshoqlik kabi muammolarga ulanib ketdi. 90-yillar boshlarida Peterburg va Moskvada 10-20 nafarni tashkil qilgan natsi-skinxedlar safi azbaroyi kun o‘tkazish uchun talonchiliklarga bosh qo‘shuvchi bekorchilar bilan kengayib bordi. Xuddi xorijda bo‘lgani kabi bu yerdagi millatchilar o‘z azoblarining asosiy sababchisi sifatida Kavkaz, O‘rta Osiyo va boshqa joylardan borgan, pul topib, ko‘ngildagidek umrguzaronlik qilayotgan muhojirlarni ko‘radilar.
Xorij stsenariysi asosida millatchilar  siyosiy sahnada ham bo‘y ko‘rsata boshladilar. O‘zlari tashkil qilgan turli partiyalar orqali hokimiyatga intilib, “bepoyon Rossiyada yagona oq irq slavyanlardan iborat davlat” tuzishga harakat qilishayapti. Hokimiyat va boshqa turli partiyalarning neofashistlar xatti-harakatlarini tanqid ostiga olishi  ayirmachilarning muhojirlarga nisbatan terrori bilan javob qaytarilishiga sabab bo‘layapti. Ayni paytda, Sankt-Peterburg va Moskvada 60 mingdan ziyod millatchi-skinxedlar bor. Afsuski, ularning soni kun sayin o‘sib borayotir. Qurbonlar soni esa mamlakat miqyosida 160 dan oshib ketgan. 
Tabiiy savol tug‘iladi. Fashizm g‘oyalari bilan qorishib ketgan bu mafkura nega g‘arbiy Yevropa yoki AQShda emas, aynan Rossiyada bunchalik ommalashib borayapti? Axir, Sobiq Ittifoq davlati gitlerchilarni yo‘q qilishda eng jonbozlik ko‘rsatgan mamlakat edi-ku. Rus qariyalari haligacha urush dahshatlarini unutmagan bu damda nega ularning nevaralari Adolf Gitlerning tug‘ilgan kunini nishonlayotir?
“Insonlarning to‘daga aylanishi uchun bir daqiqalik mulohazasizlik talab qilinadi, xolos”, degan edi A.Shopengauer. Ana shu bir daqiqalik tafakkurning oqsashi tufayli er aroqxo‘rga aylanadi, xotin farzand-
lariga befarq bo‘lib qoladi. Bu kulfatning kasofatidan eng ko‘p jabrni yosh bolalar tortadi. Har kungi janjaldan bezgan bolakay ko‘chadan panoh izlaydi, qizaloq onasidan o‘rnak oladi. “RIA Novosti” axborot 
agentligining 16 mayda tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi 42 million oiladan 47 foizida farzand yo‘q. Ularning 5 millionida bu hol er yoki xotinning nosog‘lomligi sabab yuzaga kelgan. Mamlakatdagi oilalarning 30 foizi to‘liqsiz. Bundan tashqari, ayni paytda Rossiyadagi bolalarning 720 mingi yetim, shundan 220 ming nafari mehribonlik uylarida. Moskva davlat dumasining ayollar, oila va bolalar masalasi bo‘yicha vakili Yekaterina Laxovaning so‘zlariga qaraganda, hozirgi kunda Rossiyada demografik muammo tufayli vatanga va oilaga nisbatan muhabbat ayanchli ahvolda. Agar hukumat tomonidan ushbu muammoga doir chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqilmasa, vaziyat taranglashishida davom etaveradi. Yana shuni ham aytib o‘tish kerakki, ayni paytda Rossiyada bir yilda 12 foiz er-xotin ajrashadi. 7,8 oila boshlig‘i ichkilikka beriladi. Mamlakatda vujudga keladigan har qanday muammo yechimini birinchi navbatda xuddi shu yerdan — oiladan izlash lozim. 
Ayni paytda faqat hukumat ko‘rsatmalarigina skinxedlikka barham berishga kamlik qiladi. Buning uchun natsizmga qarshi tura oladigan boshqa biron g‘oya ilgari surilishi lozim. Chunki millatchilikning qabihlik ekanini ongli ravishda tushunmasa, hech bir vosita odamni o‘z dunyoqarashidan voz kechishga majbur qila olmaydi. Tushunib yetish uchun esa idrok, idrok uchun bilim egallash lozim. Shunday ekan, bunday shafqatsizlik yoshlarning bekorchiligidan, bilimsizligidan  va albatta, biror bir kasb-hunarni egallab, o‘z hayotini to‘g‘ri tashkil eta olmaganligidan kelib chiqqaniga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Shahobiddin Musayev
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.