OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sulhparvar qirol

Tailand davlat rahbarini haqorat qilgani uchun Shveytsariya fuqarosi 75 yilga qamalishiga bir bahya qoldi

Mamlakat qiroliga hurmat borasida tai­landliklarga yetadigan xalq topilmasa kerak. Uzoq yillar mutloq monarxiya tuzumida yashagan Janubiy Osiyoning ushbu davlatida mamlakat qiroli millat ramziga aylangan. Ana shu aqidadan kelib chiqib, kimki davlat rahbarini haqorat qilsa, u butun Tailand xalqi yuziga oyoq qo‘ygan hisoblanadi.

Yaqinda Tailand sudida qirolni haqorat qilish aybi bo‘yicha jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Bu safar mahkamaning qora kursisida o‘tirgan aybdor xorij fuqarosi - shveytsariyalik Olive Jyufer bo‘ldi.

Yevropalik mehmon uchun juda katta fojia bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan hodisa 2006 yilning dekabrida - Tailand xalqi mamlakat qiroli  Pumipon Adulyadetning tug‘ilgan kunini tantana qilayotganda ro‘y berdi. Olive Jyufer shu kuni do‘sti bilan me'yordan oshiq spirtli ichimlik ichganidan mast bo‘lib qoldi. Ichkilikbozlikka berilib ketgan xorijliklar shishalarini bo‘shatgach, "shayton suvi"dan yana xohlab qolishdi, biroq ikki yevropalik Osiyo davlatida istagan narsalarini topisholmadi (Mamlakatda milliy bayram sanalgan qirol tug‘ilgan kunda do‘konlarda spirtli ichimliklar sotish taqiqlanadi).

Bundan qattiq g‘azablangan Olive Jyufer bor alamini shaharning turli yerlariga o‘rnatilgan qirol suratlaridan oldi: davlat rahbari Pumipon Adulyadetning beshta portretini qizil rang bilan boplab bezab chiqdi. Ehtimolki, bu bezorilik muallifi topilmay qolib ketishi ham mumkin edi. Biroq baxtiqaro shveytsariya­likning fojiasiga hamma bo‘yash sahnalari kuzatuv kameralariga tushib qolgan ekan.

Ko‘p ham o‘tmay, Jyuferning oyog‘ini yerga tekkizmay qamoqqa olib borib qo‘yishdi. Davlat ayblovchisi mahkama jarayonida xorijlik bezori uchun 75 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘radi. Dastlab sudya Tailand qiroliga behurmatlik qilgan yevropalikka 20 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Voqealarning bunday taxlit bo‘lib ketishini umuman kutmagan Olive Jyufer ming bor tavba-tazarru qilgach, sudya­ning ham ko‘ngli yumshadi: 20 yil muddatni 10 yilga tushirdi. Shveytsariyalik taqdirga tan berib, Osiyo davlati qamoqxonasida 10 yil muddatni o‘tkazish haqida bosh qotirayotgan bir paytda kutilmagan quvonchli xabar keldi. Pumipon Adulyadet uni haqorat qilgan xorijlikning gunohidan o‘tib, avf etganini ma'lum qildi...

Bu Tailand qirolini haqorat qilish bilan bog‘liq birinchi ish emas. Bundan avval ham mazkur ayblov bilan bir qancha xorijliklar mahkamaga tortilgan. Masalan, 1994 yili Tailand politsiyasi qirol oilasi a'zosi - malikaga nisbatan tanqidiy so‘zlarni aytgan frantsuz ishbilarmonini ham hibsga olgandi. Qaysi yurtda ekanini unutib qo‘ygan frantsuz ham ma'lum muddat qamoqda o‘tirgach, avfparvar qirolning marhamati bilan qo‘yib yuborilgandi.

Darvoqe, Tailandning 80 yoshli qiroli Pumipon Adulyadet mamlakatni 1946 yildan beri idora qiladi. Tay xalqining beqiyos iftixoriga aylangan keksa hukmdor bu jihatdan, ya'ni davlat tepasida uzoq turish borasida dunyodagi ayni paytda hayot bo‘lgan podshohu qirol, knyazu gertsog, xullas, jamiki monarxlarni ortda qoldiradi.

Tailand qiroli va uning oilasini tanqid qilish, ularga nisbatan haqoratli so‘zlar uchun jinoiy jazo berilishi to‘g‘risidagi qonun 1908 yili qabul qilingan. O‘tgan davr mobaynida juda ko‘p narsalar o‘zgardi, bu orada Tailandda mutloq monarxiya tuzumi ham tugatildi (mamlakat qiroli ramziy ma'noda davlat boshlig‘i bo‘lib qoldi, uning asosiy vakolatlari esa hukumat rahbari -  bosh vazirga berildi). Biroq hamma narsa o‘zgarsa-da, bundan bir asr oldin qabul qilingan qonun o‘z kuchida qoldi. Kim  biladi deysiz, Tailandda qirol oilasini ideallashtirishga  xizmat qiluvchi bu qonun yana qachongacha amalda bo‘ladi-yu, yana qancha xorijlikni panjara ortiga yo‘llaydi?..

Abdul Sobir

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.