Xu Szintaoga yaqin bo‘lgan kishilar uning hofizasi o‘ta kuchli ekani, ko‘p yillik voqea va yuzlab odamlarni xotirasi saqlab qola olishini aytishadi. Xu Szintao g‘arbona demokratiyaga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan.
Ayni paytda juda yuqori sur’atda rivojlanayotgan mamlakatga boshchilik qilayotgan siyosatdon Sharq xalqlari chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lgan milliy an’ana va qadriyatlarga ega ekani, G‘arb davlatlarining demokratiyaga asoslangan erkinlik g‘oyalari bu qadriyatlarga mos kelmasligini urg‘ulaydi.
Dunyoning beshdan bir qism aholisi istiqomat qilayotgan Xitoy davlati bugun xalqaro siyosatni muvofiqlashtiradigan, sayyoramizning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan barmoq bilan sanarli davlatlardan biriga aylandi. Albatta, Xitoyning bu darajaga yetishi uchun mamlakat ko‘p ming yillik tarixga egaligi yoxud eng ko‘p aholi yashayotgan hudud ekani kifoya qilmadi. Bu borada hukumat va davlat rahbarlari, xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao katta o‘rin tutadi. Shu bois, oxirgi paytlarda ulkan bir davlat boshqaruvchisi sifatida ushbu siyosatdon hayoti va faoliyatiga bo‘lgan qiziqish oshib bormoqda.
Xu Szintao 1942 yilning 25 dekabrida Xitoyning sharqiy muzofotlaridan biri Anxoyda dunyoga keldi. Kelgusida hayotning ko‘p achchiq-chuchugini totib ko‘rishga mahkum bo‘lgan bolakay turfa tashvishlar tegrasida voyaga yetdi. Beg‘ubor go‘daklik chog‘lari ortda qolib, oq-qorani taniy boshlagan Xu Szintao juda qashshoq oilada tug‘ilgani, ota-onasining bor-budi onda-sonda hosil berib qoladigan bir parcha yer ekanini anglab qoldi. Ana shunda hali qishloqning sodda bir yigiti bo‘lgan Szintao chuqur ilm olish va qashshoqlikda umr kechirayotgan oilasi hamda yaqinlarini bilim va aql vositasida farovonlikka olib chiqishga ahd qildi.
Xu Szintao ana shu ezgu maqsad ijobati yo‘lida 1960 yili Xitoydagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri Pekin universitetiga o‘qishga kirdi. O‘sha paytlarda Xitoyda qishloq xo‘jaligi islohotlari davom etar va aynan shu sohadagi mutaxassislarga katta ehtiyoj bor edi. Shu bois ham, Xu Szintao gidrotexnika ixtisosligini tanladi. Qahramonimiz universitetdagi tahsil yillaridanoq tashkilotchilik qobiliyatini ko‘rsatdi va jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etdi.
Xitoyda boshqa davlatlarda uchramaydigan o‘ziga xos an’ana shakllangan. Buyuk devor mamlakatida kimki yuqori davlat lavozimlarini egallashni istasa, eng avval kommunistik partiyaga a’zo bo‘ladi. Shu bilan siyosiy faoliyatga yo‘l ochiladi, oldda turgan to‘siqlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasini Raisi vazifasini bajarayotgan Xu Szintaoning tarjimai holida ham partiya ishi bilan bog‘liq faoliyat asosiy sahifani tashkil etadi.
Bo‘lajak davlat rahbari 22 yoshidayoq mamlakatdagi yetakchi va hukmron partiyaga a’zo bo‘ldi. Bu voqea amalda Xu Szintao siyosiy faoliyatini boshlab berdi.
Universitetni bitirgan qaynoq qonli talaba Xuanxe daryosida bunyod etilayotgan GES qurilishida ishtirok etish uchun Xitoyning uzog‘ g‘arbiy muzofotiga yuborildi. Og‘ir uchastkalarda fidoyilik bilan mehnat qilib o‘zini ko‘rsatgan Xu Szintao ko‘p o‘tmay partiya boshqaruv idoralariga ishga taklif etildi. Turli boshqaruv lavozimlarida xizmat qilgan yosh arbob 1980-yillarga kelib Xitoyning ko‘zga ko‘ringan siyosiy yetakchilaridan biriga aylandi.
1984 yili u mamlakatdagi millionlab yoshlarni birlashtirgan Xitoy yoshlar ittifoqiga rahbar qilib saylandi. Mas’ul vazifada o‘z qobiliyatini yana bir karra namoyon eta olgan arbobga Xitoyning eng murakkab viloyati — Tibet muzofoti rahbarligi ishonib topshirildi. Bu paytga kelib, Xu Szintao mamlakatning o‘sha vaqtdagi rahbari Mao Szedun ishongan va suyangan mansabdorlardan biriga aylangandi.
Shu tariqa o‘tgan yillar mobaynida turli yuqori lavozimlarda xizmat qilgan arbob 1998 yili Xitoy Xalq Respublikasi Raisining o‘rinbosari bo‘ldi. Xu Szintao bir paytning o‘zida mamlakatdagi nufuzli siyosiy idora — Markaziy Kengash qoshidagi Oliy maktabga ham boshchilik qildi.
Xitoyni ko‘p yillar idora qilgan Mao Szedun o‘z o‘rniga shogirdini qoldirib ketishni ixtiyor etdi. Ana shu xohish ifodasi sifatida Xu Szintao 2002 yili Xitoy kommunistik partiyasi bosh kotibi etib saylandi. 2003 yilning martidan esa Xitoy Xalq Respublikasining Raisi sifatida ish boshladi.
Xitoy hali hanuz kommunistik boshqaruv tuzumida yashayotgani sababli, mamlakatda hukumat mansabdorlari, davlat rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘p-da oshkor tarqatilavermaydi. Ayniqsa, davlat rahbarining shaxsiy hayoti har doim ham parda ortiga yashiriladi...
Xitoy Raisi san’at va adabiyotga qattiq ixlos qo‘ygan. Bu qiziqish va intilish talabalik davridan meros: ma’lumotlarga qaraganda, Xu Szintao universitetdagi tahsil yillari badiiy ijod bilan shug‘ullangan, hatto talabalar raqs ansamblida ham ishtirok etgan. Teatr va kinoga muhabbat qo‘ygan davlat rahbari hali ham qo‘shiq kuylab turadi.
Xu Szintaoga yaqin bo‘lgan kishilar uning hofizasi o‘ta kuchli ekani, ko‘p yillik voqea va yuzlab odamlarni xotirasi saqlab qola olishini aytishadi.
Xu Szintao g‘arbona demokratiyaga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan. Ayni paytda juda yuqori sur’atda rivojlanayotgan mamlakatga boshchilik qilayotgan siyosatdon Sharq xalqlari chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lgan milliy an’ana va qadriyatlarga ega ekani, G‘arb davlatlarining demokratiyaga asoslangan erkinlik g‘oyalari bu qadriyatlarga mos kelmasligini urg‘ulaydi.
Xu Szintao davlat boshlig‘i sifatida ish boshlagan dastlabki davrlardanoq korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash siyosiy faoliyatinign asosiy yo‘nalishi ekanini e’lon qilgandi. Darhaqiqat, ayni paytda Xitoyda poraxo‘rlik o‘ta og‘ir jinoyat sanaladi va bu qilmishni sodir etganlar o‘lim jazosiga tortiladi.
O‘z navbatida G‘arb mamlakatlari Xu Szintaoni demokratik tamoyillar, matbuot va so‘z erkinligiga qarshilikda ayblashadi. Shuningdek, Amerika va Yevropa siyosatchilari Xitoyda hukumatni tanqid qilgani uchun ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari hibsga olinayotgani va mamlakat jurnalistlar qamoqxonasiga aylanib qolganidan xavotir bildirishadi. Xullas, Xitoy Raisi haqida ana shunday bir-biriga zid turfa qarashlar shakllangan.
Qadimgi Xitoy hikmatlaridan birida toju taxtga ega bo‘lish, davlatni idora etish ming ot qo‘shilgan aravani boshqarishdan mushkulroq ekani aytiladi. Darhaqiqat, davlatni, boz ustiga, dunyodagi eng ko‘p aholi yashayotgan mamlakatni idora etish hazil ish emas. Osiyoning ko‘zga ko‘ringan siyostdonlaridan bo‘lgan Xu Szintao qadimgi hikmatda aytilgan ana shu murakkab va mushkul vazifani qoyilmaqom bajarishga harakat qilib kelmoqda.
"Hurriyat" gazetasidan olindi.