OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yiqilgan kurashga to`ymas

Livan urushining asosiy aybdori deb e’lon qilingan Isroil bosh vaziri Exud Olmert osonlikcha taslin bo`lmoqchi emas


Isroil hukumati siyosiy parokandalik holatida. Livan urushidagi barcha talafotlar uchun javobgarlik bosh vazir Exud Olmert zimmasiga yuklanganidan keyin hukumat boshlig‘ini eng yaqin safdoshlari ham tark etishyapti. “Kadima” partiyasidagi maslakdoshlar esa Exud Olmertga izzatni borida iste’foga chiqishni maslahat berishyapti. Shu kunlargacha do‘st bo‘lgan ba’zi arboblar esa hali o‘ldirilmagan arslonning terisi uchun da’vo qilib, bosh vazirlik lavozimini egallash uchun kurashga ham kirishib ketishgan.

Xabaringiz bor, 2006 yilning 12 iyulida Isroil tomonidan Livanga qarshi boshlangan urush mag‘lubiyatga teng sulh bilan yakunlandi. Dastlab “Hizbulloh” harakatini mahv etish maqsadida boshlangan, keyinroq butun Livanga katta talafotlar keltirgan urush bosh vazir kutgandek g‘alaba bilan yakunlanmadi. Sulh bitimi Isroil jamoatchiligi hafsalasini pir qildi. Chunki butun dunyoga vahimali ovoza va haybatli chaqiriqlar bilan boshlangan harbiy amaliyotlar davomida va’dalar bajarilmadi: garovga olingan askarlar ozod qilinmadi, “Hizbulloh”  tor-mor etilmadi. Aksincha, Livan iqtisodi milliardlab dollar zarar ko‘rgani-yu, yuzlab begunoh odamlarning qurbon bo‘lgani qoldi.  

Mamlakat hukumati Livan urushi masalasidan aholini har qancha chal­g‘itishga urinmasin, bu mavzu yahudiy jamiyatining eng og‘riqli nuqtasi bo‘lib qoldi. Jamoatchilik noroziligi oshib ketganidan keyin hukumat Livan urushi bo‘yicha maxsus tekshiruv komissiyasi tuzishga majbur bo‘ldi. O‘tgan yilning sentyabridan ish boshlagan taftish komissiyasiga sobiq sudya Eliagu Vinograd rahbarlik qildi. Deyarli to‘qqiz oy davomida urush oqibatlarini o‘rganib chiqqan komissiya nihoyat o‘z xulosasini oshkor qildi.

Kutilgandek, tekshiruv guruhi Isroil bosh vaziri Exud Olmert, mudofaa vaziri Amir Perets va o‘sha paytdagi bosh harbiy shtab rahbari Dan Xalutsni Livan urushining asosiy aybdorlari deb e’lon qildi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, urush tashabbuskori bo‘lgan bosh vazir jang paytida harbiylarni idora qilish o‘rniga ularning yo‘rig‘iga tushib qolgan. Boz ustiga, rahbarlarga xos bo‘lmagan shoshma-shosharlik va siyosiy no‘noqlikka yo‘l qo‘yilgan, hukumat va harbiy qo‘mondonlik jang borasida aniq ko‘zlangan rejaga ham ega bo‘lmagan...

Mantiqan olib qaraganda, bu kabi jiddiy tanqidlardan keyin aybdorlar lavozimidan ketishi kerak edi. Biroq kunday ravshanki, yuqori rutbadagi rahbarlarning aybini tan olishi, xususan, o‘z ixtiyori bilan mansabidan ketishi xalqaro siyosatda noyob hodisa sanaladi.  

Isroil matbuotining asosiy tanq­id mavzusiga aylangan bosh vazir Exud Olmert ham osonlikcha taslim bo‘lish niyatida emas. U komissiya tomonidan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etgan. “Kadima” partiyasi yetakchisi o‘zini ayb­li deb bilmasligini, agar o‘shanday holat yana takrorlansa, ayni shu taxlit harakat qilishini aytgan.

Mudofaa vaziri Amir Perets esa sal boshqacharoq (aqlliroq) harakat qilgan. Urush paytidagi xatolarini e’tirof etgan vazir lavozimdan ketishi, biroq “Avoda” partiyasi rahbarligini saqlab qolishiga ishora qilgan. Harqalay, kasaba uyushmasi yetakchiligidan mudofaa vazirligiga qadar ko‘tarilgan Amir Peretsga na shuhrat, na obro‘ keltirgan lavozimdan ko‘ra, partiya lideri bo‘lib yurish afzalroq bo‘lsa kerak.

Uchinchi aybdor — urush davrida Isroil armiyasi qo‘mondoni bo‘lgan Dan Xaluts o‘z vaqtida etagini yopgan. U 2007 yilning yanvaridayoq o‘z ixtiyori bilan tinchgina lavozimdan ketgan. Shu bois ham, general ayni paytda matbuotning g‘azabli nigohidan chetda.

Hayratlanarli tomoni, Exud Olmert eng yaqin safdoshi o‘laroq ishonch bildirgan arboblar ham unga qarshi borishyapti. Masalan, mamlakat tashqi ishlar vaziri Sipi Livni cho‘kayotgan kemadan tushib qolishga harakat qilyapti. Bosh vazirni fursati borida mansabdan ketishga chaqirgan siyosatdon xonim hukumat rahbarligi uchun kurashish niyatini ham yashirmagan.

Isroil bosh vaziri o‘zining fav­qulodda uddaburonligi va topqirligi bilan tanilgan. Shu paytga qadar u poraxo‘rlik, korruptsiya, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish kabi og‘ir ayblovlar bilan qoralangan bo‘lsa-da, har gal suvdan quruq chiqib keladi. Exud Olmertning baxtiga unga qarshi  biror ish qo‘zg‘atilgan paytda mamlakatda kutilmagan voqea ro‘y beradi va jamoatchilik ham hukumat rahbari bilan bog‘liq mojaroni esdan chiqaradi. Ko‘plab tahlilchilar ana shu jihatga urg‘u berib, hozirgi sharoitda ham Exud Olmertni faqat katta shov-shuvli mojarogina qutqarishi mumkinligini aytishmoqda.

Agar omma e’tiborini chalg‘itadigan mojaro zarur bo‘lsa, bu borada ham bosh vazirning omadi chopgan. Ayni paytda Isroil prezidenti Moshe Katsav axloqsizlikda ayblanib, tergov idoralariga so‘roq beryapti. Harqalay, davlatning birinchi raqamli rahbari bilan bog‘liq gap-so‘zlar bosh vazirga qarshi keskin tanqidlarni oz bo‘lsa-da, esdan chiqarishga yordam berishi mumkin.

Sobirjon YOQUBOV

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.