OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Yuventus»ning jurnalist yulduzi

 Futbol olamida butun professional faoliyatini bitta klubda o‘tkazgan mashhur o‘yinchilar kam uchraydi. Bu toifadagi futbolchilar o‘z jamoalariga shu qadar sadoqatli bo‘lishadiki, ular uchun futbol va o‘z sevimli klublaridan boshqa hamma narsa (terma jamoa manfaati bundan mustasno), hatto pul ham ikkinchi darajali hisoblanadi.

Ma’lumot uchun
To‘liq ismi: Alessandro Del Pero
Ampluasi:
 Hujumchi
Terma jamoasi: Italiya.
Klubi: «Yuventus» (Turin) Italiya
Tug‘ilgan yili va sanasi: 1974 yil, 9 noyabr.
Bo‘yi: 174 sm. Vazni: 73 kg.
Sovrinlari: Jahon chempioni  — 2006 yil
Yevropa vitse-chempioni – 2000 yil
Yevropa ChL g‘olibi – 1996 yil,
Yevropa Superkubogi – 1996 yil,
Qit’alararo Kubok  - 1996 yil,
Italiya chempioni – 1995, 1997,1998, 2002 yillar

Boshqacha aytganda, oshirib yubordi demang-u, ular o‘z klublariga bo‘lgan sadoqatlarini, muhabbatlarini pulga sotmaydilar. Badiiy til bilan ifodalaganda esa, zamon va makon ularni o‘zgartira olmaydi. Yo‘qsa, Paolo Maldinidek yulduz 20 yillab parvoz qilmasdan allaqachon «Milan» osmonini tark etgan bo‘lar edi. Yoki Raul Gonsalesdek futbolchining yuragida o‘z «Real»iga muhabbat bo‘lmasa, 14 yil ichida albatta  kamida 2-3 bora klubni o‘zgartirgan bo‘lardi.

Jahon futbolida o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Italiya mamlakatida  ana shunday, ya'nikim, taqdirini faqatgina bitta klub bilan bog‘lagan futbolchilarga nisbatan «Bayroqdor inson» degan ajoyib ibora qo‘llaniladi. Bunday sharafli nomga «A» seriya tarixida Janni Rivera, Franko Barezi va sal avval ta'kidlaganimizdek, Paolo Maldini singari mashhur o‘yinchilar loyiq ko‘rilganlar. Shuningdek, Italiya futbolida yana bir «Bayroqdor inson» ham borki, uning nomini nafaqat Italiyada yoki Yevropada, balki butun dunyoda yaxshi bilishadi. Uni sevishadi, qadrlashadi. O‘z klubi boshiga tushgan qaro kunlarda  uni tark etmagan superyulduz sifatida hatto unga muxlis bo‘lmaganlar ham uni hurmat  qilishadi. Bu - mashhur «Yuventus» klubi hamda Italiya milliy terma jamoasi hujumchisi Alessandro Del Pero.

VENETSIYALIK BOLAKAY

Bundan roppa rosa 32 yil muqaddam Venetsiya shahri yaqinidagi Konelyano shaharchasida yashovchi elektrik Jinno hamda oddiy uy bekasi Bryuna Del Perolar oilasida o‘g‘il dunyoga keldi. Uni Alessandro deb ataydilar.

 Yosh Aleks («Aleks» - uning laqabi) barcha bolakaylar  kabi to‘pga oshno tutilib ertadan kechgacha futbol o‘ynar, uning bunchalar bu o‘yinga  mehr qo‘yganligini ko‘rgan onasi, o‘zi ham futbol muxlisasi emasmi, bundan juda-juda quvonardi. Vaqti kelib Alessandro 7 yoshga kirgach, uni senora Bryuno opaning  o‘zi mahalliy futbol maktabiga olib boradi. O‘sha paytda uni qabul qilishar ekan, maktab jamoasi qanday bo‘lajak  futbol yulduzini  qabul qilayotganliklarini tasavvur ham qilishmagan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, Alessandro hali kichkinagina va nozikkina bolakay edi.

«PADOVA»DAGI O‘SMIR

1987 yil Italiya «V» seriyasida   ishtirok etuvchi «Padova» jamosi Del Peroni o‘z safiga qo‘shib oladi. Aleks mazkur jamoa tarkibida kam maydonga tushgan va aytarli yutuqlarni  qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, bitta narsani yutgan edi - u shu jamoada ham  futbolchi, ham inson sifatida ulg‘ayadi, tajriba to‘playdi. Aynan shu klub safida  ko‘rsatgan o‘yinlari evaziga  mamlakatning yetakchi jamoalari - «Milan» hamda «Yuventus»ning nazariga tushadi. Bu grand klublar uni o‘z tarkiblariga chorlay boshlaydilar. Alessandro Del Pero o‘zi sevgan «Yuve»ni tanlaydi...

«YUVYENTUS»NING YULDUZI

1993 yil qahramonimiz uchun unutilmas yil bo‘ldi. U millionlab bolakaylarning orzusi, millionlab muxlislarning suyuklisi bo‘lgan dongdor jamoaning nomdor futbolchilari qatorida ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. Eh-he, o‘sha paytlari Turin superklubida kimlar o‘ynamasdi deysiz» Roberto Bajo, Janluka Vialli, Fabritsio Ravanelli... Ha, darvoqe, o‘sha Ravanellining o‘rniga ikkinchi bo‘limda  maydonga tushib u «A» seriyadagi ilk golini  «Rejina» darvozasiga urgan edi. («A» seriya, 1993/94 yilgi avsum 2-tur). Mana shunga ham 13 yildan ko‘proq vaqt bo‘libdi. Bu orada Del Pero hayotidagi o‘z futbolkasidagi yanglig‘ oq-qora kunlar ham bo‘ldi. Yutuqlar, unvonlar, mukofotlar. Bularga qarama-qarshi ravishda - mag‘lubiyatlar, jarohatlar... Ammo Del Pero hayotining biz uchun qiziq bo‘lgan bir jihati ham borki, uni aytmasdan sira ilojimiz yo‘q. Gap shundaki, bu mashhur yulduz faqatgina futbolchi emas, professional jurnalist hamdir. Aleksning professional sportchi bo‘la turib, tag‘in har mavsum  30-40 tadan o‘yin o‘tkazib, shu davr mobaynida  universitetda jurnalistikadan tahsil olganligiga faqat qoyil qolish mumkin.

ORZULAR RO‘YOBI: DEL PYERO - JAHON CHYEMPIONI!

«Skuadra adzurra» tarkibida  10 yildan oshiq vaqt mobaynida  to‘p surib Aleks o‘zi ishtirok  etgan barcha yirik musobaqalarda  jamoasi bilan birga omadsizlikka uchrab kelayotgan, aftidan shu yo‘sin u  katta futboldan ketadi, degan taxminlar  bo‘layotgan edi. Ne baxtki, terma jamoa bosh murabbiyi Marchello  Lippi JCh - 2006 da qahramonimizga yana ishonch bildirdi. Natija bo‘lsa hammaga ma'lum.. Final uchrashuvida zahiradan maydonga tushgan Del Pero jamoaga katta foyda keltirdi. U zarur paytda  penaltilardan birini  bajarishga kuch topa oldi... Va chempion bo‘ldi!

DEL PYERO!.. ZARBA!.. GOOOOL!!!

Biz mazkur jumlani  oynai jahon orqali juda ko‘p eshitganmiz. Va futbol muxlislari Del Peroning gollari deganda oddiy gollarni tasavvur qila olmasliklarini ham juda yaxshi bilamiz.  Chunki haqiqatdan ham Aleks oddiy gol ura olmaydigan hujumchidir. U go‘yo faqat va faqat chiroyli gol urish uchun dunyoga kelgandek... Mening gapimni mubolag‘aga yo‘ysangiz, futbol olamining taniqli mutaxassislaridan biri Xans Yorgan Nilson aytgan quyidagi gaplarga quloq tuting:  «Futbolchilar uch toifali bo‘ladilar. Birinchisi, hamma ko‘rib turgan aniq vaziyatlarda  gol ura oladigan o‘yinchilar. Ikkinchi toifadagilar esa, o‘z sheriklariga ana shunday  vaziyatni tuhfa  qiladilar va bundan o‘zlari  ham quvonib qo‘yadlilar. Uchinchi toifa futbolchilar bo‘lsa, gol urish imkoniyati umuman bo‘lmagan(!), hech kim kutmagan vaziyatlarda gol uradilar. Alessandro Del Pero aynan uchinchi toifadagi o‘yinchilar sirasiga kiradi».

«MEN HAM O‘YNAYMAN!»

Yaqinda OAVga intervyu berar ekan, hujumchi quyidagi mazmunda fikr bildirdi: «Men to 40 yoshga to‘lgunimcha ham «Yuventus», ham Italiya  uchun o‘ynayveraman!»

Ha, bu  kun 32 yoshni qarshi olgan millionlar yoqimtoyi - Alessandro Del Pero, hali yana sakkiz yil o‘z muxlislarini quvontiradi. Zero, uning o‘yinlaridan faqat va faqat zavq olish mumkin. Yana nima deyish mumkin!..

Elmurod Nishonov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.