Abduqayum Yo‘ldoshev 1962 yili Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Toshkent Politexnika institutini tugatgan (1985). “Sunbulaning ilk shanbasi” (1998), “Timsohning ko‘z yoshlari” (2003), “Parvoz” (2004), “Bir tun va bir umr” (2007), “Alvido, go‘zallik” (2011), “Bankir” (2012), “Katta o‘yin” (2013), “Puankare” (2014), “Bu dunyoda mo‘‘jizalar bor” (2015) kabi kitoblari nashr etilgan.
Ziyouz so‘rovi: I. Sizningcha, jahon adabiyotining eng sara 10 ta asari qaysi?
1. Fransua Rable. Gargantyua va Pantagryuel.
2. Migel de Servantes. Don Kixot.
3. Iogann Volfgang Gyote. Yosh Verterning iztiroblari.
4. Fyodor Dostoevskiy. Telba.
5. Fyodor Dostoevskiy. Aka-uka Karamazovlar.
6. Teodor Drayzer. Jenni Gerxardt.
7. Jek London. Martin Iden.
8. Gabriel Garsia Markes. Buzrukning kuzi.
9. Mixail Bulgakov. Usta va Margarita.
10. Jorj Oruell. 1984.
Muxtasar izoh: Dastlabki to‘rt kitob biz bolaligimiz-o‘smirligimizda sevib o‘qigan xalq dostonlaridan so‘ng kutilmaganda yuragimizga, ong-shuurimizga bostirib kirgan, qalbimizni parchalab tashlagan asarlar edi. Ular saxiylik ila ato etgan hayratlarni so‘z bilan tasvirlab berish mushkuldir. Shu sabab bo‘lsa kerak, sahifalarni o‘zingdan o‘zing qizg‘angan ko‘yi qayta-qayta o‘qishlardan so‘ng, titrab-qaqshab ikkita shig‘irmonand bir narsalar bitib qo‘ygan ekanman:
“TELBA”NI O‘QIYOTGAN YIGIT
Qo‘ying, do‘stlar, chorlamang, qo‘ying,
Unga azob sayru bog‘ beshak.
Unga faqat yolg‘izlik lozim,
Unga faqat sukunat kerak.
O‘z-o‘zini unutib qo‘ygan,
Ko‘z yosh to‘kar, chekar iztirob.
Uni telba qutquga solgan
Favqulodda buyuk bir kitob.
Mo‘‘jaz xona unga keng dunyo,
Sahifalar titrar subhu shom.
Bo‘g‘iq ingroq, faryodlar aro
Vahshiy ta’na yangrar noayon.
Mushkul uqmoq inson qalbini,
Qalb bu mangu savol bejavob.
Ehtiroslar po‘rtanasini,
Bilmam, qay dam simirdi shitob.
Qo‘ying, do‘stlar, chorlamang, qo‘ying,
Qo‘ying, unga orom besamar.
U nogahon ko‘tarib boshin
Qalbimizga solmasin nazar.
Otash tuyg‘u topmagay bizdan,
Sokin qalblar safoga betob.
Ajablanib, do‘stligimizdan
Voz kechmasin manguga, hayhot...
(1981)
“VERTER” MUTOLAASI
So‘nggi satrlarin bitadi yigit
(O, unda iztirob qanchadan-qancha).
Bir chetda jimgina yotar mung‘ayib
Suyukli yor tutgan muzday to‘pponcha.
So‘ng... nedir portlaydi, o‘rlaydi tutun,
Talvasa ichida o‘rtanadi jon.
Buyuk qalb egasi ko‘z yumdi bu tun,
Vaqtidan ilgari bo‘shatildi jom.
Sarg‘aygan sahifa namlanar yana,
Otashin yurakka qilaman ta’zim.
Yo‘q, o‘qiy olmayman...
Sizlar jimgina,
Iljayib qo‘yasiz mayindan-mayin.
Sizga nima deyin?
Ne deyin sizga?
Nahot muhabbatdan sizga va’z aytsam.
Sizlar-ku, ilohiy tuyg‘u hukmi-la,
Mangu sodiqlikka ichishgan qasam.
Yo‘q, yo‘q, so‘ylamang, bas, yolg‘on hamdardlik
Bosiq mulohaza, o‘gitlar nechun?
Anglaganim: ulkan, zimiston jarlik
Bizning oramizga tushgan kun bu kun.
Unsiz sirdoshimni ko‘ksimga bosib,
Xilvat yotog‘imga shoshilar asno,
Nafrat oloviga muzday kul sochib
Dilda ojiz taskin bo‘ladi paydo:
Buyuk qalb fojesin eshitib behis,
Kuling. Lekin qismatda bor anyach bitik —
Sizni hech kim sevmas uning kabi, qiz,
Seva olmaysiz ham uningdek, yigit...
(1983)
Qolgan durdona kitoblarga biron izoh berishga zarurat ham yo‘qdir. Juda nari borsa, yana bir bor “ajoyib” sifatini keltirish bilan kifoyalanarmiz.
Faqat ko‘ngilda andakkina xijolatpazlik paydo bo‘ldiki, bu ro‘yxatdan Gogol (“Старосветские помещики”), Balzak (“Sag‘ri teri tilsimi”), Tolstoy (“Anna Karenina”), Brext (“Jizn Galileya”), Mark Tven (“Geklberri Finning sarguzashtlari”), Dikkens (“Oliver Tvistning sarguzashtlari”), Sent-Ekzyuperi (“Kichkina shahzoda”), Ilf va Petrov (“O‘n ikki stul”), Kamyu (“Begona), Xeminguey (“Alvido, qurol”), Milorad Pavich (“Хазарский словарь”), Richard Bax (“Oqcharloq Jonatan Livingston”), Aytmatov (“Jamila”), Mo Yan (“Musallas o‘lkasi)” va hokazo va hokazo mualliflar ham joy olishga haqli edi... Nachora, tanlash imkoniyati juda katta bo‘lgandan so‘ng odam shoshib qolarkan: unisini yozsang, bunisi qolib ketayotganday...
II. Jahon adabiyotining eng sara 10 ta hikoyasi sifatida qaysi asarlarni e’tirof etasiz?
1. Frants Kafka. Evrilish.
2. Akutagava Ryunoske. O‘rgimchak uyasining tolasi.
3. Rey Bredberi. Qichqirayotgan ayol.
4. Stefan Sveyg. Noma’lum ayol maktubi.
5. Xuan Karlos Onetti. Sohil bo‘ylab chopayotgan Esberg.
6. Agata Kristi. Ayblov tomon guvohi.
7. Jerom K.Jerom. Ro‘yo.
8. Anton Chexov. Kuchuk yetaklagan xonim.
9. Prosper Merime. Matteo Falkone.
10. Nodar Dumbadze. Ko‘rnamak.
III. O‘zbek adabiyotining eng sara 10 asarlari ro‘yxatiga qaysi kitoblarni kiritgan bo‘lardingiz?
1. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar.
2. Cho‘lpon. Kecha va kunduz.
3. Oybek. Navoiy.
4. Abdulla Qahhor. O‘tmishdan ertaklar.
5. Odil Yoqubov. Ulug‘bek xazinasi.
6. Murod Muhammad Do‘st. Lolazor.
7. Shuhrat. Shinelli yillar.
8. Erkin A’zam. Shovqin.
9. Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar.
10. Isajon Sulton. Boqiy darbadar.
IV. O‘zbek adabiyotidagi eng o‘qishli bo‘lgan 10 ta hikoya qaysi?
1. Abdulla Qahhor. Dahshat.
2. Shukur Xolmirzaev. Bodom qishda gulladi.
3. Erkin A’zam. Anoyining jaydari olmasi.
4. Murod Muhammad Do‘st. Dashtu dalalarda.
5. Xayriddin Sulton. Bunchalar shirinsan, achchiq hayot!
6. Asqad Muxtor. Chodirxayol.
7. Olim Otaxon. To‘rtinchi qavatdagi sarg‘ish deraza.
8. Nazar Eshonqul. Shamolni tutib bo‘lmaydi.
9. Isajon Sulton. Ota qasidasi.
10. Muhammad Sharif. Somon yo‘li.