Buyuk Britaniyaning “Daily Telegraph” gazetasi eng yaxshi 10 ta mumtoz asarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Gazeta ekspertlarining ma’lum qilishicha, aynan shu kitoblar dunyoni o‘zgartirgan, vaqt chig‘irig‘idan o‘tgan asarlardir. Ro‘yxatga ingliz adabiyotidan 7 ta, qadimgi yunon, fransuz va rus adabiyotidan bittadan kitob kiritilgan. Mualliflarning uch nafari ayol yozuvchilardir.
10-o‘rin. Jorj Eliot. «Middlmarch».
Ingliz adibasi Jorj Eliot (1819-1880)ning ushbu romani qahramonlari dunyoni muhabbat, mehr bilan o‘zgartirishga shiddat bilan kirishgan kishilardir. Asar qahramonlari Britaniyaning Middlmarch shaharchasida tanishadilar. Ularning har biri hayotda o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida kurashadilar. Kitob 1871-72 yillari chop etiladi. Kitob asosida 1994 yili film ishlangan.
9-o‘rin. Gustav Flober. «Bovari xonim».
Fransuz yozuvchisi Gustav Flober (1821-1880)ning ushbu romani 1856 yili “Revyu de Pari” jurnalida chop etilgan. Garchi muallifga ushbu asari uchun turli ayblovlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, ko‘plab adabiyotshunoslar ushbu asarni yuqori baholashgan. Ivan Sergeevich Turgenev ham «Bovari xonim»ni tengsiz asar deya ta’riflagan. Kitob bir necha marta ekranlashtirilgan. Ushbu asar o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1976).
8-o‘rin. Uilyam Tekkerey. «Manmanlik ko‘rgazmasi: qahramonsiz roman».
Ingliz yozuvchisi Uilyam Tekkerey (1811-1863)ning Napoleon urushlari haqidagi ushbu romani 1847-1848 yillari “Punch” hajviy jurnalida chop etilgan. Unda inson fe’l-atvorining eng qora sahifalari o‘tkir yumor bilan tasvirlangan. Asar 1911-2004 yillar orasida 10 marta ekranlashtirilgan.
7-o‘rin. Lev Tolstoy. «Urush va tinchlik».
Rus va jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rin olgan «Urush va tinchlik» (1863-69) epopeyasi Tolstoy (1828-1910)ning eng go‘zal ijod namunalaridan biridir. Ayrim rus adabiyotshunoslari garchand bu asarni Tolstoyning o‘z davri muammolaridan qochishi, deb baholagan bo‘lsalar-da, yozuvchi «Urush va tinchlik» romani bilan o‘z davrida ro‘y bergan va o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan voqealarga faol munosabat bildirgan. Eng muhimi, u Napoleonning 1805-07 va 1812-14 yillardagi harbiy yurishlari mavzuiga murojaat etib, ko‘plab qahramonlar ishtirok etgan epik voqealar bilan birga qahramonlarning ruhiy tasvirlari ilk bor katta mahorat bilan uyg‘unlashgan tarixiy roman janrini yaratdi. Ushbu kitobda 550 dan ortiq qahramonlar mavjud bo‘lib, ulardan 200 nafari tarixiy shaxslardir. Asar 1913-2016 yillar orasida 11 marta ekranlashtirilgan. Bu asar Kibriyo Qahhorova va Abdulla Qahhor tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1-2-kitob, 3-4-kitob).
6-o‘rin. Charlz Dikkens. «Devid Kopperfild».
Ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens (1812-1870)ning tarjimai hol yo‘sinidagi «David Kopperfild» (1850) romanida o‘sha zamonning ijtimoiy ziddiyatlari ko‘rsatilgan. Tolstoy va Dostoevskiy ham romandan ta’sirlanganlarini yozishgan. Asar 1911 yildan boshlab bir necha marta ekranlashtirilgan.
5-o‘rin. Sharlotta Bronte. «Jeyn Eyr».
Ingliz adibasi Sharlotta Bronte (1816-1855)ning ushbu romani 1847 yili Karrer Bell taxallusi ostida chop etiladi. Romanda bosh qahramonning hissiy dunyosi o‘quvchini hayratga soladi. Asar asosida bir nechta film va seriallar ishlangan.
4-o‘rin. Jonatan Svift. «Gulliverning sayohatlari».
Ingliz yozuvchisi Jonatan Svift (1667-1745)ning ushbu romani (1-2-jildlar, 1726) ingliz jamiyatidagi illatlarni fosh etuvchi achchiq satira, o‘tkir aybnomadan iborat. Gulliverning xayoliy o‘lkalar — liliputlar (mitti odamlar), brobdingneglar (ulkanlar), guigngnmlar (aqlli otlar) mamlakatlariga qilgan sayohatlari bilan bog‘liq holda adib real voqelikdagi yangicha munosabatlar, bosqinchilik urushlari, davlat idoralaridagi sotqinlik, sudyalarning adolatsizligini aks ettirgan. Asar 1902-2010 yillar orasida 10 marta ekranlashtirilgan. Bu asar o‘zbek tiliga Sotiboldi Yo‘ldoshev tomonidan tarjima qilingan (1974).
3-o‘rin. Jeyn Ostin. «G‘urur va xurofot».
Ingliz adibasi Jeyn Ostin (1775-1817)ning ushbu romani 1796-1797 yillarda yozilgan bo‘lsa-da, uzoq yillar nashriyotlar tomonidan rad etilib, chop etilmaydi. Roman 1813 yildagina nashrdan chiqadi. Asar asosida bir nechta filmlar ishlangan.
2-o‘rin. Entoni Trollop. «Barsetshir solnomalari».
Ingliz yozuvchisi Entoni Trollop (1915-1882)ning olti romandan iborat ushbu to‘plami viktorian davri hajviy adabiyotining yuksak namunasi hisoblanadi. Muallif asarda o‘z davrining siyosiy, ijtimoiy masalalarini hajv yo‘li bilan ochib tashlaydi. Ushbu asar asosida 1982 yili film ishlangan.
1-o‘rin. Homer. «Iliada» va «Odisseya».
Qadimgi yunon mutafakkiri Homer (m.a. 8-asr)ning «Iliada» va «Odisseya» asarlari qahramonlik eposi bo‘lib, yunon mifologiyasi asosida yaratilgan. Shu bilan birga, ularda faqat she’rlar, afsonalar va rivoyatlargina emas, real tarixiy voqealar ham aks etgan. Ushbu asarlar jahon adabiyotiga katta ta’sir o‘tkazgan. Homerning «Iliada» va «Odisseya» eposlarini o‘zbek tiliga Qodir Mirmuhamedov o‘girgan.