Ibrohim Haqqul — adabiyotshunos olim.
1. XX asr jahon adabiyotining 10 eng yaxshi asari deb qaysi asarlarni tilga olasiz?
Jahon adabiyotida o‘lmas asarlarni sanash uchun jahon adabiyotini, har qalay, atroflicha bilish kerak. Men esa, hatto Sharq xalqlari adabiyoti namunalari bilan ham yetarli darajada tanisha olganim yo‘q. Ammo XX asr jahon adabiyotidan qayta-qayta o‘qilishi zarur bo‘lgan kitoblarning soni o‘ndan ortadi, deb o‘ylayman.
2. XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi 10 asarni tilga oling.
O‘qishga arzirli uch-to‘rt kitob yaratilgan. Lekin inson qalbi va ruhining ashaddiy g‘animi bo‘lgan XX asrda birgina buyuk asarga erishdi, xolos. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Qolaversa, bu ko‘z nurini ayash “ilmi”ni bilmay, duch kelgan yoki maqtalgan va maqtalmagan kitoblarni o‘qishdan chiqarilgan bir xulosa erur.
Murtazo Qarshiboyev — munaqqid:
1. Jahon adabiyotining o‘n buyuk mo‘‘jizasini ajrim qilib berish bizga qolibdimi? Shu sohaning nonini yeb, shu yo‘lda sochi oqarganlardan so‘rang buni.
Qo‘rqamanki, bu qadar ulkan masalalar xususida bosh qotirishga kaminaning ilmi ham, jur’ati ham yetmasa kerak.
Eng oson yo‘li dunyo jamoatchiligi e’tirof etgan o‘nta asarning nomini aytib ko‘yaqolish. Shunda six ham kuymaydi, kabob ham, bu boradagi nodonligimiz ham, mutolaaga tanballigimiz ham bilinmay ketadi. Lekin dunyo tan olgan deb duch kelgan narsani maqtayverish ham insofdanmikan? Biz uchun boshqalar o‘qisa, biz uchun boshqalar fikrlasa, bizning ishimiz faqat mahliyoliqdan iborat bo‘lsa...
Hamonki, shunday savol berilgan ekan, ko‘nglimda borini aytib qo‘yaqolay: avvalo mutolaa san’atini o‘rganib olaylik, baholash bo‘lsa qochmas.
2. Nega endi faqat XX asrda yozilgan asarlarni nazarda tutish kerak? Asrimiz poyoniga yetib borayotgani uchunmi? Unday desak, faqat bir asr emas, balki mingyillik ham nihoya topib bormoqda-ku? Yoki XX asrdan naridagi asarlarni ham sanoqqa tortadigan bo‘lsak, bu tarafdagilarga bo‘sh o‘rin qolmaydimi?
Basharti, adabiyotimizni zamonlarga bo‘lmay, aynan o‘nta asarning nomini qayd etish zarur bo‘lsa, to‘qqiztasini Alisher Navoiy ijodiy merosidan tanlab olgan bo‘lar edim. Bittasi ehtiyoji shart kelajak uchun turgani ma’qul. Shoyadki, istiqbolda Alisher Navoiydek yana bir buyuk ijodkor paydo bo‘lsa...
Manba: «Hurriyat» gazetasi, 1999 yil, 12-18 may soni.