OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad, Mahmud Sa’diy. XX asrning eng yaxshi asarlari

«Hurriyat» gazetasining 1999 yil, 12-18 may sonida yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad va munaqqid Mahmud Sa’diy tayyorlagan «XX asr — kitob asri: munosabatlar, mulohazalar, fikrlar» materiali chop etilgan edi. Jahon va o‘zbek adabiyotidagi XX asrning eng yaxshi asarlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari ikki sahifada chop etilgan. Ana shu manba asosida o‘zbek ziyolilari tavsiya etgan asarlarni e’lon qilishni boshlaymiz.

«Hurriyat»ning 1999 yilgi sonida quyidagi adib va olimlar fikr bildirgan edilar:

Ozod Sharafiddinov (1929-2005) — adabiyotshunos olim, professor.
Salohiddin Mamajonov (1931-2005) — adabiyotshunos olim, akademik.
Murodjon Mansurov (1941-2014) — yozuvchi.
Omon Muxtor (1941-2013) — shoir va yozuvchi.
Hojiakbar Shayxov (1945-2002) — fantast yozuvchi va publitsist.
Ibrohim G‘afurov — munaqqid, tarjimon va yozuvchi.
Naim Karimov — adabiyotshunos olim.
No‘mon Rahimjonov — adabiyotshunos olim.
Umarali Normatov — adabiyotshunos olim.
Tohir Malik — yozuvchi.
Norboy Xudoyberganov — munaqqid.
Suvon Meli — adabiyotshunos olim.
Ahmad Otaboyev — munaqqid va tarjimon.
Abdulla Ulug‘ov — munaqqid.
Qozoqboy Yo‘ldoshev — adabiyotshunos olim.
Rahmon Qo‘chqor — adabiyotshunos olim.
Aziz Said — shoir.
Ibrohim Haqqul — adabiyotshunos olim.
Murtazo Qarshiboyev — munaqqid.

YANGI MING YILLIK BO‘SAG‘ASIDA

Xurshid Do‘stmuhammad: Asrda asrga, mingyillikdan mingyillikka o‘tayotirmiz. Ko‘p narsalarni sarhisob qilgimiz keladi bunday paytda. Ko‘pchilikning nazarida ommabop vositalardan biri badiiy adabiyotdir. Xalqning badiiy adabiyot haqida o‘z tasavvurlari, o‘z mezonlari bor. Har bir odam badiiy asarga o‘z saviyasidan, dunyoqarashidan kelib chiqib baho beradi. Shu nuqtai nazardan, tajriba tariqasida, bir so‘rov o‘tkazish niyati tug‘ilgandi. Mana, bir qancha ustoz adiblarning, boshqa qalamkashlarning javoblari qo‘limizda. Gazetxonlarimizga ravshan bo‘lishi uchun ularga bergan ikki savolimizni eslatib o‘tsak:

1. XX asr jahon adabiyotining 10 eng yaxshi asari deb qaysi asarlarni tilga olasiz?

2. XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi 10 asarni tilga oling.

Mahmud Sa’diy: Shu savollarning berilishi ko‘p qalamkashlar uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Ba’zilarning savollarga javob bergisi ham kelmadi.

Xurshid Do‘stmuhammad: Bu tabiiy, bunday so‘rov haligacha o‘tkazilmagan. Ikkinchidan, bizda sotsiologik tadqiqotlarga e’tibor kam. Qolaversa, ozgina o‘zbekchiligimiz bor. O‘zingiz guvoh bo‘ldingiz, falonchilar qolib ketyapti singari andishalarga ham borishdi ayrim qalamkashlarimiz. Biroq baribir, bu ishning zarur, kerakli ekanini e’tirof etdilar.

Mahmud Sa’diy: Bu so‘rovimiz, mening nazarimda zamonaviy adabiyotning 100 yillik o‘ziga xos sarhisobi bo‘ldi. Albatta, javoblar sub’ektiv, lekin sub’ektiv fikrlardan ob’ektiv umumlashma xulosa kelib chiqadi. Bu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash lozim bo‘ladi. Agar biz so‘rovimizda faqat XX asr o‘zbek adabiyoti yoki, aksincha, faqat XX asr jahon adabiyoti bilan cheklanib qolganimizda to‘g‘ri bo‘lmas edi. Negaki, biz mustaqillik davrida dunyo hamjamiyatiga tobora kengroq qo‘shilib bormoqdamiz. Binobarin, adabiyotimiz ham dunyo adabiyotida kechayotgan jarayonlardan chetda rivojlanolmaydi.

Xurshid Do‘stmuhammad: Har bir xalqning badiiy adabiyoti, avvalo, o‘sha millatning ma’naviy mulkidir. Shu bilan birga, qaysi xalqniki, qaysi millatniki bo‘lishidan qat’i nazar har bir asar kim qadriga yetsa — o‘shaniki! Misol uchun, Ozod Sharafiddinov «Tinch Don»ni o‘ziga yoqqan asarlar sirasiga kiritgan ekan, bu asar o‘zbek Ozod Sharafiddinovniki. Eng yaxshi badiiy asar deyilganda adiblarimiz muayyan asarning badiiy barkamolligidan, uning ta’siridan, ayni shu kunlardagi ahamiyatidan, ayni shu kunimizga qay darajada xizmat qilayotganidan kelib chiqib fikr yuritganlar.

Bir qancha javob beruvchilar o‘zlariga yoqqan asarlar o‘ntadan oshib ketayotganini aytdilar (o‘zbek adabiyotidan ham, jahon adabiyotidan ham). Buni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Axir biz ham o‘n asar doirasiga sig‘magan, lekin sara o‘nlikdan joy olishga da’vogar badiiy asarlarning badiiy yetukligini shubha ostiga olmoqchi emasmiz. Bu yerda tilga olinmagan yaxshi asarlar adabiyotimizda ko‘p. Bunga har bir o‘quvchining o‘z javobi bor, deb ishonamiz. Biroq bir mulohazani o‘rtaga tashlashga majburmiz. «XX asr jahon adabiyotining 10 eng yetuk asari qaysilar?» degan savol yer yuzining istalgan mamlakatida berilsa, XX asr o‘zbek adabiyotidan biror asar shu o‘nlikka kirolarmikan?  

Mahmud Sa’diy: Ehtimol kirishi mumkindir. Buning uchun adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini dunyoda tanitish ham kerak bo‘lar...

Xurshid Do‘stmuhammad: Xo‘sh, u holda nega shuncha javob beruvchidan birontasi o‘zbek adabiyotining biror bir asarini XX asr jahon adabiyotining barkamol namunalari qatoriga kiritmadi? Hatto bir qancha qalamkashlar so‘rovning o‘zbek adabiyotiga doir qismiga javob berishga moyillik ko‘rsatmadilar. Bundan ular adabiyotni sevmaydilar, degan ma’no chiqmaydi, albatta. Ular adabiyotni yaxshi ko‘rganlaridan, badiiy so‘zni yuksak qadrlaganlaridan muammoga badiiyatning yuksak mezonlari bilan yondashdilar. Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida bu odatiy holdir. Shu o‘rinda bir misol keltiray. Shvetsiyada «Asr odami kim?» degan mavzuda jamoatchilik so‘rovi o‘tkazilganda bolalar adibasi Astrid Lindgren shu asrning eng buyuk odami sifatida mamlakat xalqi tomonidan e’tirof etilibdi.

Mahmud Sa’diy: Endi bir masala bor. Xo‘sh, masalan, menga XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi asarlar sirasiga qaysi asarlarni, albatta, kiritgan bo‘lardingiz, deb savol berilsa, shunday derdim: so‘rovda keltirilgan ayrim asarlar bilan birga, men Zulfiyaning «Qatra» she’ri va «Xotiram siniqlari» dostonini, Asqad Muxtorning «Chodirxayol», Alisher Ibodinovning «Quyosh ham olov», Murod Muhammad Do‘stning «Dashtu dalalarda», Nazar Eshonqulning «Ozod qushlar» hikoyalarini tilga olardim. Siz-chi?

Xurshid Do‘stmuhammad: Men savolni «Qaysi asarlar o‘zbek adabiyotida burilish yasadi» deb o‘zgartirar va quyidagi ro‘yxatni keltirar edim:

Odil Yoqubov. «Muqaddas», «Ulug‘bek xazinasi».
O‘tkir Hoshimov. «Bahor qaytmaydi», «Urushning so‘nggi qurboni».
Murod Muhammad Do‘st. «Galatepaga qaytish», «Dashtu dalalarda».
Temur Po‘latov. «Mulk», «Toyibning ikkinchi safari».
Mamadali Mahmudov. «Bog‘don qashqirlari».
Olim Otaxon. «Oqshom xayollari».
Nazar Eshonqul. «Maymun yetaklagan odam».

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.