“Marvda aholi aksariya ila rus, arman va eron tab’alaridur. Atrof xalqi turkman bo‘lub, shahariy bo‘lg‘onlari yo‘q. ..Yo‘l ustindagi turkmanlarni boshindagi uzunligi uch yarim qarish, eni ekki qarishdan ziyoda telpagidan bashqa ko‘rgu yeri yo‘q, faqat hanuz belida aksariya ila xanjari bordur. Ammo alar xanjar o‘rnig‘a qalam tutish zamoni kelganini bilmaydurlar”. (“Sayohatnoma”)
* * *
“Yer – qum. Bir taraf o‘tsiz tog‘, besh-o‘n teva, bir-ekki eski olachiq har yerda oz-oz ko‘rinur. Bu qazoqlarga lozim ediki, o‘zlarig‘a yaqin shaharlar atrofinda yig‘ilib turg‘un bo‘linsalar, valloh, bu ketishni oxiri yo‘q bo‘lmoqdir. Muhtaram qazoq talabalari, qazoq ulamo va ziyolilari muni talqin etsalar kerakdur”. (“Qizilarvot”)
* * *
“Boku ...hiyla vus’at topib, imoratlari besh-olti tabaqag‘acha yuksalibdur... Boku Rusiyaning obodonlik jihatidan beshinchi shahri bo‘lib, ammo musulmon davlatligining ko‘pligi ila Rusiyada ikkinchi shahardur. Chunonchi, munda yuz milyo‘n so‘mlik mulku sarmoyag‘a doro ( ega) bir necha musulmonlar bo‘lub, milyo‘n sohibi musulmonlar yana ortuqroq...bo‘lub shaharning aksari mulki musulmonlar qo‘lidadur. Olloh ziyoda etsun! Bul shaharning yeridan naft (neft. Barcha izohlar bizniki), boshqa til ila, oltun chiqur. Bu kun mehnatkash bir kishining yeridan naft chiqsa, ertag‘a milyo‘nchi og‘a bo‘lur...
“Mo‘‘tabar sado” va “Iqbol” jaridalari idoralari hamda muridi muhtaramlari Hoshimbek Vaziruf ila Sodiqiyni ziyorat etdim. Idoralarining ahvoli zohiriyasini nihoyatda tang va mashaqqatda ko‘rdum... Bechora mudir va muharrirlarning biri qorong‘u yerto‘lada, digari tor va issig‘ bir do‘konda murattablari ila umr o‘tkazurlar ekankim, manga ko‘b ta’sir etdi”. (“Sayohatnoma”)
* * *
“Iloho, u aziz va faol bandalaring hurmatig‘a bizga basirat et. Eshitar quloq, anglar aql ber...
Ey Ollohi azim-u shon! Bu magar sening g‘azabingmidur? Afu et, biz-insonlarni; hidoyat et! Yer yuzinda sulh va salohi umumi ato ayla, insonlarg‘a insoniyat ber. Zolimlarni qahr et, mahv bo‘lsun zulm. Yashasun adolat va haqqoniyat! Omin...”(“Sayohatnoma”)
* * *
“... muning olti yuz chaqirimi (Kavkaz N.R.) komilan musulmon yerlari ham nihoyatda manbit (ko‘kalamzor) va a’lo yerlardurkim, arpadan sholig‘acha ekilgan va aksariyati bahorikori. Daraxtlari u qadar ko‘pki, Samarqandning Qaradaraxtu Miyonkoli anga nisbatan hechdur. Xalqi bizning pirsiyon, lazgi, dog‘istoniy degan xalqlar bo‘lub, yana doxilan chechen, qumuq va boshqa ismlar ila atalur. Biz turkistoniylar topganimizni to‘y, o‘luk va ko‘pkarig‘a sarf qilgandek, bu musulmon qarindoshlarimizning aksari o‘z molini qiz olib qochib, janjoliga sarf etmoq, bir-biravlarini o‘ldurub, yana qasosi nomashru’ tariqida tarafayndan bir nechalab o‘ldurub, so‘ngra bor pullarini sudu sinod yo‘lig‘a va umrlarini Sibiriyo cho‘llarig‘a sarf qilib, nobud bo‘lar ekanlar”.
* * *
“Astag‘furillo, subhonolloh. Bizni qiladurg‘on aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundoq qattiq bir illatki, o‘lmaguncha qutulib bo‘lmaydur. Shaharlarda o‘rtahol, ya’ni o‘turarg‘a xona va bog‘i bor bir kishi nikoh uchun ikki ming so‘m sarf etar va o‘g‘ul xatnasi uchun hech bo‘lmaganda ming so‘m... Oxiri nima bo‘lur? Nima bo‘lur deysiz? Ota-bobosidan qolgan mulk va vatanini o‘z ixtiyori ilan zo‘raki boyni o‘zi o‘lgandan so‘ngra bir yahudiy yo bir armani ajnabiyg‘a sotib to‘y va ta’ziya qarzini berar...Samarqandda bir mahalla borki, aksar xalqi faqru zaruratdan, to‘g‘risi, aql noqisligidan havlilarini pulg‘a qiziqib, yahudiylarg‘a sotgani uchun mahallada oz musulmon qoldi. Mahalla maktabi yo‘q bo‘ldi”.
“...yahudiylar ba’zan o‘luklarini oqshom eltib ko‘marlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz bo‘lsak, o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto oylar ila ishdan qolurmiz. Xolbuki, shore’i a’zam, payg‘ambari akram sallalohi alayhi vassallam hazratlari o‘lganni tez ko‘mub va ko‘mgandan so‘ngra tez tarqalib, ishga ketmoqg‘a va o‘lukhona xalqini uch kundan ziyoda ta’ziya tutmasg‘a, qaro kiymasg‘a, kir, falokat bo‘lmasg‘a amr etarlar! Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun xudo va rasulni so‘zig‘a va o‘zimizni naf’imizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami?” (“Bizni kemirguvchi illatlar”)
* * *
“Bu ma’dan suvlarg‘a ( Krasnovskiy N.R.) har nav’ kasallar kelur. Qartaygan, bir musht ila oxiratga ko‘chadurg‘on muysafid boylar, boshi qaltiraydurg‘on chollar, holsiz generallar, binnisi(burni)dan tutsang, joni chiqadurg‘on sil va qonsizlar, ko‘p o‘qugon, miyasi achigan talabalar va muallimlar...”
* * *
“Bu shaharda (Rostov N.R.) besh mingdan ziyod musulmon bo‘lub, muning 300 qadari turkiyalik musulmonlar, ammo o‘zlarining maktablari yo‘q. Munda Turkiya davlatining ko‘nsulxonasi va imomi bordur. Tasodifan imom afandi ila muloqot etduk. Yerli musulmonlardan faqat 20 qadar oilaning mulki bo‘lub, bashqasi tamoman ijoranishin emishlar. Musulmonlar ekki mahalla bo‘lub, biri ijora olingan o‘sha uyda namoz qilur. Digarining yangi solingan masjidi bor. Ammo biz musulmonlarni na din va na dunyoga ahamiyat bermaganimiz uchun shuvoqsiz va usti tomadurg‘on holida qolib, bir tarafida namoz qilurlar...”
* * *
“Oh, biz musulmonlar na uchun Qur’ondan, san’at va g‘ayratdan uzoq ketduk? Ostimizdagi paraxo‘dning to‘li 150 gaz ziyoda, ichidagi yolg‘uz hayvon notiq (odam) 300dan ziyoda. G‘alla va boshqa yuki ham bor. Bu jonsiz hayvon bizdek jonli hayvonlarning asari san’atidur. 3 sinfdagining aksari musulmon bo‘lub, faqru zaruratdan oyoq ostida va hojatxonalar hamsoyaligida o‘lturub va anda yotarlar”. (‘Qora dengiz”, 1914)
* * *
“Biz turkistoniylarg‘a turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozimdur. Turkiy, ya’ni o‘zbekini sababi shulki, Turkiston xalqining aksari o‘zbakiy so‘ylashur. Forsiy bo‘lsa, madrasa va udabo tilidur...Turkistonning Samarqand va Farg‘ona viloyatlarinda forscha so‘ylaydurg‘on bir necha shahar va qishloqlar bordur. Buxoro hukumatining tili forsiydur...Arabiy til din uchun na daraja lozim bo‘lsa, rusiy ham tiriklik va dunyo uchun lozimdur. Bizg‘a lozimki, o‘z naf’imiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarinda o‘quyluk. Davlat mansablarig‘a kirayluk. Vatanimizg‘a va o‘z dinimizg‘a xidmat etayluk...”
* * *
Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar!
O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar! (“Vasiyatnoma”dan)
To‘plovchi: Nusrat Rahmat