She’r shoir qalbida tug‘ilgan hayotiy tuyg‘ularni ifoda qiladi va shu bilan o‘quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she’riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q.
* * *
Inson yuragi ham bir olam. Uning ham bahor va kuzlari, tong va tunlari, orom va zilzilalari bor. She’riyat yurak sadosi bo‘lganidan ana shu murakkab tuyg‘ular olamini ifoda qiladi. Shuning uchun ham bir she’rni o‘qib quvonsak, ko‘ksimiz surur va iftixor tuyg‘ulariga to‘lsa, ikkinchi bir she’rni o‘qib xayolga tushamiz, inson dardlariga oshno bo‘lamiz. Shoirlik o‘sha tuyg‘ularning tabiiyligi va haqqoniyligiga she’rxonni ishontira olishdir. Ishontira olish qobiliyati iste’dodning ibtidosi.
* * *
Baxt shunday narsaki, borligida uni kishi sezmaydi, yo‘qligida orzu qiladi. Baxtli odam «men baxtliman» deb olamga jar solmaydi. Inson hech qachon baxtga to‘ygan, baxtim yetarli, degan emas.
Aslida, hayotda biror maqsad bilan yashashning o‘zi — baxt. Maqsadsiz yashash shunday ko‘rgilikki, u hech kimning boshiga tushmasin! Kishida maqsad bo‘lsa, unga erishish yo‘lida kurashish, mashaqqat chekish, ta’na-dashnomlar eshitib kuyib-yonib yurish ham — baxt.
* * *
Bu olamda yo‘qotishlar ichidagi eng og‘ir yo‘qotish insonning o‘zligini yo‘qotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi e’tiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. O‘zlikni yo‘qotmoq ana shu olamdan judo bo‘lmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning — ustunlarning sinmog‘idir.
* * *
Kishiga dunyoni ko‘rmoq uchun ko‘z berilgan, uni eshitmoq va sezmoq uchun quloq va sezgilar berilgan. Olamni bilish uchun esa odamzodning tafakkuri bor. Inson dunyoga kelib dunyoni bilishga intiladi. Ko‘z bilan ko‘rish uchun mashaqqatlar chekib olam kezadi, ohanglarni eshitish, zavqlana bilish uchun musiqa o‘rganadi. O‘tmishu bugunni yorqinroq tasavvur etish, ertani xayol bilan qamrash uchun bolalikdan yillab mehnat qilib savod o‘rganadi, kitob o‘qiydi, Chunki kitob insonga Alloh tomonidan mo‘‘jizadek hadya etilgan tafakkurni yorituvchi mash’aldir.
* * *
Iste’dod — bu avvalo did, yaxshi did egasi bo‘lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Iste’dod — bepoyon tushuncha. U ta’rifga siqqanda edi, uni ma’lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo‘lganda edi, odamlar yo‘q iste’dodni tarbiyalab bor qilgan bo‘lardilar. Gorkiy, iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma iste’dodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv — qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni «jo‘shidan» deydi. Ya’ni jo‘shmoq. She’riyat ham jo‘shmoqdir. Jo‘shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o‘sha kamtarin bir foiz — ya’ni tug‘ma iste’dod kerak.
* * *
Tog‘ning ulug‘ligini tasavvur qilmoq uchun undan uzoqlashish kerak bo‘lganidek, buyuk tarixiy voqealarning haybatini rostmana his etish uchun ma’lum vaqt masofasi lozim bo‘ladi. Hozirjavoblik adibning yaxshi fazilati. Lekin u adabiyotning belgilovchi sharti emas. Zamonaviylikning o‘zi ham bu kungi hayotimizni aks ettirishgina bo‘lmay, zamonamizga munosib badiiyatki ham o‘z ichiga oladi. O‘quvchi uchun avtorning yoshu qarisi, unvonli, unvonsizi yo‘q. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga o‘z munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yo‘qlikka mahkum etadi.
* * *
Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, o‘tgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa — bundan ulug‘ baxt yo‘q. Har bir aytgan so‘zing, ishing o‘zingning xohishingga muvofiq bo‘lsa — eng katta baxt shu. Aksincha, insonning o‘z ichki intilishlari, qalbi, e’tiqodi, so‘zi bilan ishi o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu — inson uchun juda katta baxtsizlikdir.
* * *
Shoirlikning «qora ishi»ni ko‘z oldiga keltirmay, bu nomning o‘ziga, obro‘ va shuhratiga qiziqib she’riyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Ko‘pincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, she’riyat uchun ham. Shu sababli «yoshlarga g‘amxo‘rlik» deganda faqat ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘g‘ini bor qilib ko‘rsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi. Ovozi yo‘q odam hofiz bo‘lolmaydi, musiqani eshitish, farqlash, anglash qobiliyati yo‘q odam bastakor bo‘lolmaydi. Lekin ikki satrni bir-biriga juftlash, savodli yozish qobiliyati bo‘lgan har bir fuqaro shoirlik, yozuvchilik da’vo qilishi mumkin. Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda iste’dod bilan havaskorlikni ajratish mushkul bo‘lib qoldi.