* Tug‘ilgan kuning esdan chiqsa chiqsinu, biroq nima uchun tug‘ilganing esdan chiqmasin.
* Sassiq daraxtga qo‘nib, chah-chahlab sayrayotgan bulbulni kim ko‘ribdi?
* Hayvonlar ham insoniy munosabatga muhtoj.
* Siz vaqtni tejamasangiz, vaqt sizni tejaydi.
* Odamlarni barcha kuchli va zaif tomonlari bilan, ular qanday bo‘lsalar shundayligicha qabul qilish kerak.
* Agar sen halol mehnat qilsang, odamlar seni o‘zlari izlab topadi.
* Ko‘rishni istasang, har qanday kimsada ham istagancha yaxshiliklarni ko‘rishing mumkin. Buning uchun nekbin ko‘z bo‘lishi kerak.
* Olimning johilligi nima-yu, johilning olimligi nima?
* Bilmaslik garchi ayb emas, illo fazilat ham emas.
* Yuksalishni istasang – boshqalarni ko‘tar!
* Boshqalarni pastga tortayotgan odam o‘zining yer qa’riga kirib ketayotganini sezmaydi.
* Cho‘g‘ puflab alanga oldirilmasa, ustini kul bosib so‘nadi. Pichoqni qayrab turmasangiz, o‘tmaslashadi, kesmaydi. Raqobat yo‘q joyda inqiroz paydo bo‘ladi...
* Yomonning yomonligini gapirgandan ko‘ra, yaxshining yaxshiligini gapirgan yaxshi.
* Biron kishi bilan gaplashmoqchi bo‘lsang, shunday bir tilda gaplashginki, to gaplashguningga qadar u senga dushman bo‘lsa – do‘stga aylansin!
* Sen o‘zingga boshqalar ko‘zi bilan qara. Boshqalarga o‘z ko‘zing bilan.
* Hayot – oqar daryo... dam g‘animat. Hazrati odamni ziyorat qil. Ojizlarga ko‘maklash. Muhtojlarning koriga yara. Ertadan boshlayman, deysanmi? Ertaga kech bo‘lishi mumkin. Agar bugun hali kech bo‘lib qolmagan bo‘lsa...
* Birovni oshirib-toshirib maqtash – uni ortiq daraja yerga urishdek gap. Har ikkala holatda ham me’yor buziladi.
* Dunyoning ishlari qiziq. Odamlar bir-biriga yaqinlashishlari uchun goho bir-birlaridan uzoqlashishlari ham kerakka o‘xshaydi. Ana shunda ular bir-birlarining isini, shevasini, a’molini sog‘inadilar. Kimni va nimani yo‘qotganini anglaydilar, bir-birlariga qarab talpina boshlaydi!
* O‘zgalarning qalblariga tiling bilan emas, diling bilan kir.
* Bir-birining tagiga suv quymasa – cho‘llab qoladiganlar bor.
* Odam bolasini, murg‘ak qalbni badbinlik va nafrat bilan faqat o‘ldirish va nogiron qilib qo‘yish mumkin. Uni inson qilib tarbiyalash uchun esa faqat muhabbat va nekbinlik kerak.
* Hamma narsa sinsa sinsin, odamgarchilik, nafsoniyat, oriyat, iymon-e’tiqod kasod bo‘lmasin. Yo‘qotilgan har qanda y narsaning o‘rni to‘ladi, boy berilgan ma’naviy qadriyatning o‘rnini hech qanday boylik, zar-zevar, duru gavhar bilan qoplab bo‘lmaydi.
* Milliy ahloq deganda men odamlarimizga xos hayo, ibo, sharm, mehmondo‘stlik, sabr-qanoat, mulohazakorlik, andisha, shafqat, oilaga, ota-onaga, ayolga hurmatni tushunaman.
* Iste’dod o‘zini koyitganida, o‘qib-o‘rganganida, qora terga botib mehnat qilganidagina samara beradi.
* Tarjima – til va tafakkurning buzilmas ittifoqi... tarjima bor ekan, xalqlar bir-biri bilan doimiy jonli muloqotda, adabiyotlar bir-biriga vobasta, bir-biridan bahramand. Tarjima bor ekan, fikr-fikrdan suv ichadi, boyiydi, o‘tkirlashadi.
* Iqtidor bilan qilingan mehnat, mehnat bilan erishilgan iqtidor bir-birini to‘ldiradi.
* Qish qo‘ynida bahor, g‘uncha bag‘rida gul, yoshlik siynasida esa kelajak yashaydi.
* O‘z millatini, uning ma’naviy shavkatini, salohiyatini va qadriyatlarini oyoq osti qilgan, uning dardiga malham bo‘la olmaydigan kishi qanday mavjudot bo‘lsa bordir, ammo inson emas.
* Kishi har qanday alamga chidaydi, ammo yaxshilik evaziga o‘sha odamdan yomonlik ko‘rganida dod deb yuboradi. Bunday nohaq alamning zahmi juda yomon bo‘ladi.
* Yoz-ku yaxshi, shunisi borki, yozdan keyin qish keladi-da. Qish sovuq, qahraton, illo, ortidan charaqlagan bahor bilan yoz keladi. Demak, qo‘ynida bahor yashiringan bo‘ladi.
* Mustaqillik zahmatlarini men ham rohat deb bilaman.
* O‘z ojizliklarimu barcha qusurlarim bilan o‘zimdan domangir bo‘lsam, yaxshi insoniy sifatlarim bilan (agar ular menda bo‘lsa?..) ota-onam, oilam, maktabim, ustozlarim va do‘stlarimga burchdorman.
Gulandon Salomova tayyorladi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 33-sonidan olindi.