OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hikmat yog'dusi

http://ziyouz.com/images/hikmet.jpgNe tilaging bo‘lsa, Allohdan tila,
Yo‘qsa ishing to‘xtar, uzayar ohing.
Har ishni boshlagin Alloh nomi-la:
“Bismillahir rohmanir rohim...” 

* * *

Allohga hamd bo‘lsin, cheksiz beadad. 
Uning hukmidadir osmonu zamin.
Maqtovga loyiq zot Allohdir faqat:
“Alhamdulillahi robbil ‘alamin...”

* * *

Borligiga keltir imon,
Tog‘u toshlar bunga shohid.
Alloh birdir, bunga inon:
“Innama ilahun vahid...”

* * *

Shafqat, marhamat-la yorlaqar bizni,
Maxluqotlar rizq-ro‘zin yetkazur doim.
Taqdir etgan Udir har ishimizni:
“Zalika taqdirul azizir-rohiim...”

* * *

U iroda etsa mutlaq bo‘ladir,
Unga pinhon emas har yon, har iqlim.
Hatto ko‘nglingdagi sirni biladir:
“Vahuva bikulli shay’in aliym...”


* * *

U qulni kechirgay, U rahm qilar,
Go‘zal ismlari Raufu Rohiym.
Tavba qilganlarni bilgin afv etar:
“Innahu huvat-tavvabur-rohiym...”

* * *

Alloh va’dasidir: yetkazar rizqing,
Shubhasiz, bu qulga buyuk marhamat. 
Namoz o‘qi. Zakot ber qodir bo‘lsang:
“Va aqimus-solata va atuz-zakat...”

* * *

Inson tafakkurda, harakatda hur,
Amallarda sokin, xotirjam bo‘ling.
Alloh qilganingiz har ishni ko‘rur:
“Vallohu basiyrun bima ya’malun...”

* * *

Uning izmidadir zaminu samo,
Har ish amri ila bo‘ladi sodir.
U har ishga mohir, qodir doimo:
“Vallohu ‘ala kulli shay’in qodir...”

* * *

Alloh sabr aylagan qulni sevadi,
Mo‘min yuksaladi sabr etgan sayin.
Alloh sabrlilar bilan birgadir:
“Innalloha maas-sobiriyn...”

* * *

Allohga ko‘p shukr aytgan baxtiyor,
Zero, U har damda – sizdan xabardor.
U bilar chin shokir banda asli kim.
 “Fainnalloha shakirun aliym...”

* * *

Uning oyatlari ko‘p,
Kofiy bunga ko‘k va suv.
Undan o‘zga Tangri yo‘q:
“La ilaha illa hu...”

* * *

Kim u o‘zin sanar juda quvvatli?
Axir hamma uchun hisob bor, hisob.
Allohning azobi, qattiq shiddatli:
“Va innalloha shadidul azab...”

* * *

U afv etguvchidir, kechirgay albat,
Nadomat chekib, chin tavba qilaylik.
Alloh gunohlaring aylar mag‘firat:
“Innalloha g‘ofurur rohiym...”

* * *

Yomonlikka yaxshilik qilsang ajr bor,
Yaxshilik, go‘zallik – shiori dinning.
Alloh ehson etgan qullarni sevar:
“Innalloha yuhibbul muhsiniyn...”

* * *

Fasod bir ilondir, boshin darhol ez,
Fasodchining ishi oxiri barbod.
Alloh fasodchini yomon ko‘radi:
“Vallohu la yuhibbul fasad...”

* * *

Insonlar barchasi bir asldandir,
Bo‘lsa ham biri oq, biri qoratan.
Bir millat bo‘lgani shundoq ayondir:
“Kanan – nasu ummatan vahidatan...”

* * *

Mumkinmi bir nima Undan yashirmoq?
U hammasin ko‘rar, bilar – qolmas sir.
Hamma ishimizni ko‘rmoqda Haq-rost:
“Innalloha bima ta’maluna basiyr...”

* * *

Eng to‘g‘ri qarorni Sen berasan, Sen,
Ey ulug‘ Allohim, ey ulug‘ Rabbim.
Har neni eshitib ham bilasan Sen:
“Innaka antas-sami’ul aliym...”

* * *

Musulmon hech kimni urmas va so‘kmas,
Qidirmas kimsani qiynamoq yo‘lin.
Shubha yo‘qdir, Alloh zolimni sevmas:
“Vallohu la yuhibbuz-zolimiyn...”

* * *

Sabr etgan doimo murodga yetar,
Ey mo‘minlar, siz ham murodga yeting.
Alloh ham sabrli qullarin sevar:
“Vallohu yuhibbus-sobiriyn...”

Turk tilidan Abdumurod Xolmurodov tarjimasi, 
“Hikmat yog‘dulari” kitobidan olindi.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.