OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozarbayjon xalq maqollari (174)

Ozarbayjonlar (o‘zlarini — ozarbayjonlilar, ozarilar deb atashadi) — Kavkazortidagi xalq, Ozarbayjonning asosiy aholisi (7,205 mln. kishi, 1999). Shuningdek, Eronning shimoli-g‘arbida (16,564 mln. kishi), Rossiya Federatsiyasi (621,8 ming kishi, 2002), Gruziya (267,5 ming kishi, 2004), Qozog‘iston (90 ming kishi), Armaniston va b. mamlakatlarda ham yashaydi. Umumiy soni 24 mln. kishi. Ozarbayjon tilitsa so‘zlashadi. Dindorlari — asosan, shia musulmonlar. Ozarbayjonlar katta yevropeoid irqining janubiy irqiga mansub.


• Ersiz xotin yugansiz ot kabidir.
• Xo‘rozsiz tong otmaydi.
• Oq devorni xohlagan rangingga bo‘yaysan.
• Xudo senga tuynukdan hech narsa tashlamaydi. O‘zing ishlab top.
• Boyqushning ko‘ziga bolasi tovusdan go‘zal ko‘rinadi.
• Yaxshi kunda ― hamma yaxshi, yomon kunda ― birodaringni eslab qolasan.
• Birovning qozonida osh qilolmaysan.
• Bo‘ri cho‘ponga yaramaydi.
• Bo‘ri menga tegmayaptimi ― ming yil yashasin!
• O‘g‘ri qutulib qoldi, guvoh qamoqda qoldi.
• Hamma falokat ― tildan.
• Poda ketib bo‘ldi-yu, u buzoqni qidiryapti.
• Otilgan o‘qni qaytarib bo‘lmaydi.
• Yukni tuya tashiydi, ko‘ppak esa ozadi.
• Mix taqani asraydi, taqa ― otni, ot ― mardni, mard ― Vatanni.
• Mushuklar yo‘q bo‘lsa, sichqonlar bayram qiladi.
• Semiz ozisa, ozg‘inning ruhi uchadi.
• Asosiysi ishni boshla, u o‘z-o‘zidan nihoya topadi.
• Och hammani och deb o‘ylaydi.
• Dushmaning zaif bo‘lsa ham xushyor tur.
• Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan afzal.
• Bolalar uchun ota hammadan kuchli.
• Qo‘ng‘izga uning bolasi ― eng go‘zal mavjudot.
• Chumoliga shudring ― suv toshqini.
• Sichqonga mushuk ― sher.
• Yaxshi otni eski egardan ham biladilar.
• Uydagi o‘g‘rini tutolmaysan.
• Qizga tanbeh ― kelinga ishora.
• Jinni hammani telba deb o‘ylaydi.
• Agar go‘zallik o‘n qism bo‘lsa, undan to‘qqiz qismi ― kiyimda.
• Ishing orqaga ketsa, holva yeb ham tishingni sindirasan.
• Bo‘riga achinsang qo‘ydan ayrilasan.
• Semiz molni terisidan bilib olasan.
• Uylanishga chog‘landingmi ― ko‘zingga emas, qulog‘ingga ishon.
• Qiyshiq quvurdan ham tutun to‘g‘ri kiraveradi.
• Kichkina qamish ham boshni yorishi mumkin.
• Binoning qandayligi xarobasidan ham ma’lum.
• Mingta xola bir ona bo‘lolmas.
• Bo‘ridan cho‘pon chiqmaydi.
• Bitta burgani deb ko‘rpani yoqmaydilar.
• Ayol kishi o‘z xonadonida ham beka, ham xizmatkor.
• Har maysa o‘z ildizidan o‘sadi.
• Hammaga o‘z maskani shirin.
• Tog‘ qanchalik baland bo‘lmasin, uning ustidan yo‘l o‘tadi.
• Tuya qanchalik katta bo‘lmasin, eshakning jilovidan tutadi.
• Turmushga chiqish ― katta qizdan, pol artish ― kichkinasidan.
• Eshakka egar solganing bilan, ot bo‘lolmaydi.
• Qozon qanday bo‘lsa, osh ham shunday bo‘ladi.
• Tashi qanday bo‘lsa, ichi ham shunday.
• Ajdodi qanday bo‘lsa, avlodi ham shunday.
• Qaysi barmog‘ingi kesib olsang ham ― og‘rig‘i bir xil.
• Qimorboz hech qachon vaqtida to‘xtatmaydi.
• Bo‘tqani yog‘ bilan buzolmaysan.
• Otdan ot tug‘iladi, eshakdan ― eshak.
• Cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘yni bo‘ri yeb ketadi.
• Ishing yurishmasa, o‘z iting ham qopadi.
• Ilonning boshi og‘risa, yo‘l o‘rtasida yotib oladi.
• Gapning oxiri boshidan ma’lum.
• Sigir suv ichsa sut bo‘ladi, ilon ichsa ― zahar.
• Egri chizg‘ich bilan to‘g‘ri chiziq chizolmaysan.
• Kim yoshligida aldasa, katta bo‘lganda ham ishonmaydilar.
• Kim boylasa, o‘sha yechadi.
• Kamchiliksiz qayliq qidirgan yigit xotinsiz qoladi.
• Qiyinchilik ko‘rmagan yaxshi hayot kechirolmaydi.
• Zilziladan omon qolganga yong‘in qo‘rqinchli emas.
• Shamolga tupursang, betingga yopishadi.
• Atirgul tergan tikandan qo‘rqmaydi.
• Kim onasini hurmat qilsa, boshqani so‘kmaydi.
• Kim birovning otiga minsa, alaloqibat piyoda qoladi.
• Ikki kemaga chirmashgan cho‘kib ketadi.
• Tulki qayerda bo‘lsa, dumi ham o‘sha yerda.
• Sher ― urg‘ochi yoki nar bo‘lmasin ― baribir sher.
• Tulkiga xo‘rozning qancha turishi qiziq emas.
• Bekor yurgandan dushmanga tosh tashib bermoq afzal.
• Birovning oshidan o‘zingning qattiq noning afzal.
• Ikki marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal.
• O‘zga yurtdagi atirguldan, Vatandagi tikan afzal.
• Ayiq bolasini oppog‘im deydi, tipratikan yumshog‘im deydi.
• Mening otam ayyor ― xamirning har bo‘lagini sanaydi, onam undan ham ayyor ― har bo‘lakni bo‘lakchalarga bo‘ladi.
• Yosh ― baquvvat, qari ― aqlli.
• Dengizdan qancha olsang ham kamaymaydi.
• Olma shoxida olcha o‘smaydi.
• Beozor eshakka ikki kishi minadi.
• Qarilar bilan oila mustahkam turadi.
• Ishning boshlanishi ― yarim tugashi.
• Eshitganingga emas, ko‘rganingga ishon.
• Quloqqa ishonma, ko‘zga ishon.
• Hamma oq narsa qor emas.
• Vovillagan har narsa ― it emas, gapirayotgan har narsa ― odam emas.
• Hamma tuxumdan ham jo‘ja chiqmaydi.
• Qo‘shningga ishonma ― shamsiz qolasan.
• Mehmonga aytilsang rad etma, taklif etilmagan joyga burun suqma.
• Mehnat qilmasang ― rohatlanmaysan.
• Badaniga qarama, kiyimiga qara, qalbiga qara.
• Kim yozganiga emas, nima yozganiga qara.
• Chiroq ko‘ringan joyga emas, it hurigan joyga bor.
• Bajarib bo‘lmaydigan ish yo‘q.
• Chaqirilgan mehmon burchakda o‘tirmaydi.
• Baxtsizlik juft keladi.
• Kech tushmagan kun yo‘q.
• Omadsiz ovga borsa toqqa tuman tushadi.
• Xunuklik va kambag‘allikni qofiya bilan ham, kiyim bilan ham, to‘sib bo‘lmaydi.
• Hech kim o‘z kamchiligini ko‘rmaydi.
• Hozirgi chumchuq o‘tgan yilgiga chirqillashni o‘rgatadi.
• Ko‘zlar sevgini so‘zlab beradi.
• Mo‘l-ko‘l arpa otni ham o‘ldiradi.
• Dehqonga qovun sotilmaydi.
• Bitta laylak bilan bahor kelib qolmaydi.
• Bitta chiroq qirq kishini yoritadi.
• Bitta gul bilan bahor kelib qolmaydi.
• Bitta asalari bir uya pashshadan afzal.
• Ba’zilar yeyish uchun yashaydi, ba’zilar yashash uchun yeydilar.
• Bir zarb bilan daraxtni qulatolmaysan.
• Bir qo‘l bilan qarsak chalolmaysan.
• Bir o‘q bilan ikki qushni urolmaysan.
• Burgut pashsha tutmaydi.
• Eshak ot bo‘lolmaydi, jigar ― go‘sht.
• Buqa hazil qilsa ko‘zsiz qolasan.
• Ota bolaga bog‘ni berdi, bola otaga bir bosh uzumini minnat qildi.
• Otang ― piyoz, onang sarimsoq bo‘lsa, sen qanday atirgul bo‘laqolding?
• Podadan qolgan qo‘y, bo‘riga yem bo‘ladi.
• Tuyadanam kattasi bor ― fil.
• Jayron quvigan o‘tloqqa boradi, cho‘chqa quvigan balchiqqa.
• Eshakka egar topgunimcha, uni bo‘ri yeb ketdi.
• Temir ishlab tursa, zanglamaydi.
• Ilonni dumiga tegmasang, seni chaqmaydi.
• Olish oson, berish qiyin.
• Eshakning egari o‘zidan katta.
• Cho‘chqacha xurxurlashni cho‘chqadan o‘rganadi.
• O‘t va o‘tin do‘stlasholmaydi.
• Chevar juldur kiyimga yalchimaydi.
• Ishni dangasaga topshirsang, senga aql o‘rgatadi.
• Bo‘riga qo‘ylarni boqishni topshirishibdi.
• "Yo‘q"ni eksang, "hech narsa" o‘rasan.
• Haqqoniy so‘z doim achchiq.
• Rostgo‘y hammani ro‘stgo‘y deb o‘ylaydi, yolg‘onchiga hamma yolg‘onchi.
• Kiyimi ho‘l yomg‘irdan qo‘rqmaydi.
• Birovning qo‘lidagi yara, devordagi teshikka o‘xshaydi.
• Qilich yarasi bitar, til yarasi bitmaydi.
• Ota-onalar bolalarda davom etadi.
• Yaqining kelmay qo‘ysa, begonaga aylanadi, begona kelaverib, qarindoshga aylanadi.
• Qo‘l qo‘lni yuvadi, ikki qo‘l ― yuzni.
• Qo‘l ishlaydi, bosh topshiriq beradi.
• Maqol bilan bahslasholmaysan.
• Egri o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• Eshakka bolasi aziz.
• It tuyaga qancha hurimasin, u eshitmaydi.
• "Holva-holva" deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Qancha tilni bilsang, shuncha odamni taniysan.
• Shirin gap bilan ilon inidan chiqadi.
• Fil eshak bo‘lolmaydi.
• Tashi ― qasr, ichi ― katak.
• Tishlaydigan it tishini ko‘rsatmaydi.
• G‘iybatchi ― doim yolg‘onchi, yolg‘onchi ― doim g‘iybatchi.
• So‘rab tog‘ oshasan, so‘ramay to‘g‘ri yo‘lda ham adashasan.
• Qari tulki qopqonga tutilmaydi.
• Haqiqiy so‘z ― o‘z vaqtida aytilsan so‘zdir.
• Sho‘x sigirning buzog‘i ham to‘polonchi.
• Yolg‘onchining uyi kuysa, hech kim ishonmaydi.
• Tayoqning ikki tomoni bor.
• Yo‘qolgan boltaning sopi oltindan.
• Seni hurmatlashlarini xohlasang, boshqalarga hurmatda bo‘l.
• Onasini bilib, qizini ol, ipini ko‘rib matoni ol.
• Yirtqich qushni tumshug‘idan biladilar.
• Odam o‘z kuchini bilmaydi.
• Tom qancha katta bo‘lsa, shuncha ko‘p qor tushadi.
• Cho‘ponning kichigi bo‘lguncha, cho‘chqaboqarning kattasi bo‘l.
• Yomon xabar tez tarqaladi.
• Yolg‘on bilan sotilgan mol daromad keltirmaydi.
• Ekkaningni o‘rasan.
• Oqib ketgan qaytib kelmaydi.
• Begona xotin qizdek ko‘rinadi.
• Begonaga tegma, o‘zingnikidan qolma.
• Til qilichdan o‘tkir.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.