OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tatar xalq maqollari (174)

Tatarlar — Tataristonning asosiy aholisi (2 mln. kishi, 2002). RFning Boshqirdiston (990,7 ming kishi), Mari Respublikasi, Mordoviya, Udmurtiston (109, 2 ming kishi), Chuvashiston Respublikalari, Nijniy Novgorod, Kirov, Penza, Orenburg (165,9 ming kishi), Perm (136,5 ming kishi), Samara (127,9 ming kishi), Ulyanovsk (168,7 ming kishi), Sverdlovsk (168,1 ming kishi), Tyumen (242,3 ming kishi), Chelyabinsk (205 ming kishi) viloyatlarida, Moskva shahrida (166 ming kishi), Janubiy (173,5 ming kishi), Sibir (252,5 ming kishi) federal okrugida ham yashaydi. Shuningdek, turkiy tilda so‘zlashuvchi Sibir (sibir tatarlari), Qrim (qrim tatarlari) va boshqa qavmlarni ham tatarlar deb atashadi. Umumiy soni — 6,8 mln. kishi. RFdagi umumiy soni (qrim tatarlaridan tashqari) 5,554 mln. kishi (2002). Shuningdek tatarlar Qozog‘istonda (248,9 ming kishi, 1999), O‘zbekistonda (467,8 ming kishi) yashaydilar. Tatar tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar.


• Bir kun tilingni tiymasang, bir yil uning azobini chekasan.
• Avval eshagingni bog‘la, so‘ng Allohga topshir.
• Qurol, xotin va itingni qarzga berma.
• Ertangi tovuqdan bugungi tuxum afzal.
• O‘lim ikki marta kelmaydi.
• Sening suhbating ― kumush, sukutining ― oltin.
• Olmosni iflos joyga tashlasang ham olmosligicha qoladi.
• Olmos olmos bilan kesiladi, o‘g‘rini o‘g‘ri tunaydi.
• Tutundan qochib olovga tutilma.
• Shamolsiz yaproq qimirlamaydi.
• Farzandsizlik ― azob, serfarzandlik ham ― azob.
• Kamchiliksiz to‘y bo‘lmaydi.
• Asalari chaqmasidan asal yeyolmaysan.
• Mehnat qilmay quyonni tutolmaysan.
• Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi.
• Soqol echkida ham bor, mo‘ylov mushukda ham bor.
• Bosh omon bo‘lsa, qalpoq topiladi.
• Paqir bo‘lsa qopqoq ham topiladi.
• O‘rmonga o‘tin olib bormaydilar.
• Ko‘rshapalak kunduzi ko‘rmasa, Quyosh aybdor emas.
• Odam tarbiya qilsa ham bo‘ri bo‘riligichga qoladi.
• Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini o‘ymaydi.
• Kesilgan nonni qayta yopishtirib bo‘lmaganidek, aytilgan so‘zni ham ortga qaytarib bo‘lmaydi.
• Cho‘pon ko‘p bo‘lsa qo‘y harom o‘ladi.
• Egri o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• Bir tugunga ikki tarvuz sig‘maydi.
• Yomonga kecha ham kunduz ham qorong‘i.
• Bitta kichkina buzoq butun podani yomon otliq qilishi mumkin.
• Yaxshilikka yaxshilikni hamma qaytaradi, yomonlikka yaxshilik esa ― mardning ishi.
• G‘ozni kutib o‘rdakdan qolma.
• Ikki bekalik uy iflosdir.
• Bolali uy ― bozor, bolasiz uy ― mozor.
• Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit.
• Agar Xudo buqaga qanot berganida, u hamma uyni vayron qilardi.
• Agar mushukning qanoti bo‘lganida hamma chumchuqni tutib yerdi.
• Och ayiq o‘ynamaydi.
• Ikki dorboz bir arqonda o‘ynamaydi.
• Ikki qo‘chqorning kallasini bir tovoqqa joylolmaysan.
• Ko‘r tovuqqa kurmak ham ― bug‘doy.
• Agar kosov uzun bo‘lsa, qo‘lingni kuydirmaysan.
• Senga kasallik yetsa, molingni ham o‘g‘irlashadi.
• Qanday ovqat bo‘lsa tovoq ham shunday, odam qanday bo‘lsa kiyimi ham shunday.
• Otni taqalansa, qurbaqa ham qo‘lini tortarkan.
• Odamning ishi yurishsa, tuprog‘i ham oltinga aylanadi.
• Ot to‘rt oyoqda bo‘lsayam qoqinadi.
• Mushukka ― ermak, sichqonga ― o‘lim.
• Sichqon o‘z iniga zo‘rg‘a sig‘adi-yu, dumiga savatcha osib olibdi.
• Nodonning qo‘lidan suv ham ichma.
• Ko‘tarolmagan narsanngni ko‘tarishga urinma.
• Boshqalarning qo‘shig‘ini aytma.
• Yiqilayotgan qoqinishga ulgurmaydi.
• Qolgan ishga qor yog‘adi.
• Yig‘lamagan bolani emizmaydilar.
• Bag‘doddan yaxshi shahar yo‘q, onadan yaxshi do‘st yo‘q.
• Omadsizga shamol ham to‘g‘ridan uradi.
• Un ham emas, xamir ham emas.
• Ip ham ingichka joyida uziladi.
• Iplar birlashsa arqon bo‘ladi.
• Podadan ayrilgan qo‘y bo‘riga yem bo‘ladi.
• Olovni etak bilan o‘chirib bo‘lmaydi.
• Kimdir yoshligida baxtli bo‘ladi, kimdir qarilikda baxtga erishadi.
• Birinchi kun ― "mehmon", ikkinchi kun ― "mehmon", uchinchi kun ― ket endi, munofiq.
• Bir zarba bilan daraxtni qulatolmaysan.
• Bir qo‘lda ikki tarvuzni ko‘tarolmaysan.
• Arg‘umoqdan toy tug‘iladi, telbadan ― telba.
• Bitta beshikdan ola ot ham, malla ot ham yaraladi.
• Yolg‘iz otdan chang chiqmaydi.
• Qalb omon bo‘lsa, umid qilsa bo‘ladi.
• Dangasaga ish buyursang, senga qanday bajarishni o‘rgatadi.
• To‘ydan keyingi qo‘shiq ortiqcha.
• Chetiga qarab mato tanla, onasini ko‘rib, qizini ol.
• Haqiqat doim achchiq.
• Sut bilan kirgan odat, jon bilan chiqadi.
• Sotilgan sigirning suti mo‘l.
• O‘tgan ishni ko‘z yosh bilan qaytarolmaysan.
• Jarohat yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi.
• Farzandni bolalikdan tarbiyala.
• Shoxli ho‘kizga egar yarashmaydi.
• Bir qo‘ydan ikki teri ololmaysan.
• O‘zi to‘q, ko‘zi ― och.
• Daraxt ― achchiq, mevasi ― shirin.
• To‘y bazmiga janjal yonma-yon.
• To‘ydan oldin raqsga tushma.
• O‘zingning qora noning birovning patiridan afzal.
• O‘zingning atalang boshqaning bo‘tqasidan afzal.
• Onaning ko‘ngli ― bolada, bolaning ko‘ngli ― ko‘chada.
• Aytilgan so‘z ― otilgan o‘q.
• Qancha suzgan bilan qo‘chqor tog‘ni yiqitolmaydi.
• Suv bilan qancha aralashtirma, yog‘ni ko‘pchitolmaysan.
• Ho‘kiz o‘lsa ― suyagi qoladi, odam o‘lsa ― ishlari.
• Boshqalarning aybini yashir, o‘zingnikini tomosha qil.
• So‘zning qanoti yo‘q, lekin butun dunyoni aylanib chiqadi.
• Eshakning o‘limi ― itning bazmi.
• It hurar ― shamol esar.
• It hurar ― bo‘ri izg‘ir.
• Suv dumigacha yetsa it ham suzadi.
• Qo‘shnining tovug‘i kurkaga o‘xshaydi.
• Qari bo‘ri itlarga masxara bo‘ladi.
• Shoshilgan oyoq qoqiladi.
• Otni o‘g‘irlashgandan so‘ng, otxona qulflanadigan bo‘ldi.
• Uyda o‘tirgan qariya hech narsani bilmaydi, sayohat qilgan yosh hamma narsani biladi.
• Qiyshiq otilsa ham nishonga to‘g‘ri tegadi.
• Tinch harakatlangan uzoqqa yetadi.
• Sen hali yosh va tajribasizsan.
• Ilonning boshini ko‘rmaysan.
• Kimning moli bo‘lmasa, hech narsadan qo‘rqmaydi.
• Yolg‘onchining uyi kuydi, hech kim ishonmadi.
• Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildim.
• Aql yoshda emas, boshda.
• Aqlliga ― ishora, nodonga ― tayoq.
• Ajali yetayotgan ilonga tutiladi.
• Ko‘l qancha chuqur bo‘lsa, baliq shuncha ko‘p bo‘ladi.
• O‘rmonda nima deb baqirsang, shuni eshitasan.
• O‘rmonda yotgani unga ma’lum, burnining tagidagi noma’lum.
• Katta uyga nima kerak bo‘lsa, kichik uyga ham shu kerak.
• Tepaga tupursang, boshingga tushadi.
• Nima eksang, o‘shani o‘rasan.
• Yoshlikda o‘rganganing toshga o‘yilgan kabidir, qarilikdan o‘rganganing muzga yozilgan kabidir.
• O‘zganing qalbi ― tubsiz dengiz.
• O‘zganing g‘ami ― tushlikdan so‘ng.
• O‘zganing bayramida chumchuqdeksan, o‘zingnikida ayiq kabisan.
• Boshqaning maslahatini eshit, o‘z aqling bilan yasha.
• Til suyaksiz: aytadi-da, tezda ortga qaytadi.
• Til qilichdan o‘tkir.
• Tuxum tovuqqa o‘rgatmaydi.
• "Asal, asal" deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Agar tog‘ senga kelmasa, sen toqqa bor.
• Ovqatga to‘ymagan tovoqni yalab ham to‘ymaydi.
• Yer egasiz bo‘lsa, u yerda to‘ng‘iz hokim.
• Oltin iflos joyga tushsa ham mis bo‘lib qolmaydi.
• Novdaligida egib olmasang, daraxtga aylansa egolmaysan.
• Achchiq bo‘lsang, tuzdek bo‘l, Shirin bo‘lsang ― asaldek.
• Osilsang, baland daraxtga osil.
• Ersiz xotin ― yugansiz ot.
• Hayvon o‘lsa ― qarg‘a xursand.
• Sog‘lik ― boylik.
• G‘alla kurmaksiz bo‘lmaydi.
• Bitta tuya ham ― hadya, bitta tugma ham.
• Ayiq bolasini "oppog‘im" derkan, tipratikan "yumshog‘im" derkan.
• Igna kichik bo‘lsa ham og‘ritadi.
• Ignadan tuya yasasa bo‘ladi.
• Bitta sochdan arqon yasab bo‘lmaydi.
• Bitta bug‘doydan bo‘tqa qilolmaysan.
• Bitta tomchidan dengiz yuzaga kelmaydi.
• Besh panjadan qaysi birini tishlama ― hammasi baravar og‘riydi.
• Tayoqdan qutulib, to‘qmoqqa tutilma.
• Har ekin o‘z vaqtida ko‘karadi.
• Har gul o‘z bo‘stonida yayrab o‘sadi.
• O‘zga yurtda yaxshi yashasang ham o‘z yurtingni qo‘msaysan.
• Cho‘pon qanday bo‘lsa, suruv ham shunday.
• Daraxt qanday bo‘lsa, mevasi ham shunday.
• Chelak qanday bo‘lsa, qopqog‘i ham shunday.
• Tosh o‘z joyida og‘ir bo‘ladi.
• Yong‘in tugagandan so‘ng suv kerak emas.
• Ovqat bor bo‘lsa, qoshiq ham topiladi.
• Cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘yni bo‘ri yeb ketadi.
• Buzoqni boqqanning og‘zi-burni moy bo‘ladi, yetimni boqqanning og‘zi-burni qon bo‘ladi.
• Ko‘p yugurgan ko‘p charchaydi.
• Kim boshlasa, o‘sha boshliq bo‘ladi.
• Achchiqni bilmagan shirinni his qilolmaydi.
• Ozni saqlolmagan ko‘pni ham asrolmaydi.
• Qora bo‘lib tug‘ilganni sovun bilan oqartirib bo‘lmaydi.
• O‘zi yiqilgan yig‘lamaydi.
• O‘zi yiqilgan to‘lamaydi.
• Shoshilgan sho‘rvadan kuyadi.
• Shoshilgan ― o‘zini yeydi, shoshilmaganning ishi bitadi.
• Old g‘ildirak qayerga yursa, orqasi ham shu yerga yuradi.
• Yoshlik ikki marta berilmaydi.
• Bir tiyinlik ichib, uch tiyinlik mast bo‘lasan.
• O‘z joyida tutun ham shirin.
• Harakat qilmay Xudodan umid qilgan hech narsasiz qoladi.
• It deb atardim-u ― duming yo‘q, ho‘kiz deb atardim-u ― shoxing yo‘q.
• Ishning boshlanishi ― qimmatli.
• Tashqarida joy bo‘lganda ichkariga qarama.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.