OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aristipp

KIRENALIK ARISTIPP
(Miloddan avvalgi
430-355 yillar)


«Falsafaning foydasi shundaki, u har qanday odam bilan so‘zlasha olish imkonini beradi», — degan edi faylasuf Aristipp. Yunonistonning Kirena shahrida tug‘ilib o‘sgan bu faylasufni nevarasi bilan chalkashtirib yubormaslik uchun Katta Aristipp, deb atashgan. Aristipp avval Protagor, keyinchalik Suqrot qo‘lida tahsil olgan. U rohatu halovat inson uchun eng oliy baxt, deb hisoblovchi kirenaliklar yoxud gedonistlar maktabini yaratgan. Aristippning eng sadoqatli izdoshlari orasida uning qizi Areta alohida ajralib turardi. Areta otasining ishini davom ettirib, muallimalik qilgan va o‘g‘li Kichik Aristippga ham falsafa ilmini o‘rgatgan.
Aristipp Suqrotning shogirdlari orasida birinchilardan bo‘lib, tinglovchilardan pul olib ustoziga jo‘natib turgan.
Hashamdorlik va bashang kiyinishni xush ko‘rgan nozikta’b Aristipp olam kezib, kiborlarcha hayot kechirgan. Afsuski, uning birorta ham asari bizgacha yetib kelmagan.

* * *
Aristipp Korinf dengizida kemada suzib yurgan chog‘ida qattiq bo‘ron turadi. Faylasufning qattiq qo‘rquvga tushganini ko‘rgan yo‘lovchilardan biri Aristippga deydi:
— Biz — oddiy odamlar unchalik qo‘rqmayapmiz-ku, siz faylasuf bo‘la turib, nega buncha dahshatga tushayapsiz?
Aristipp unga shunday javob qaytaradi:
— Siz ham, men ham hech shubhasiz, aynan bir narsa xususida — shirin jonimiz uchun qayg‘urayapmiz-u, biroq har ikkimizning jonimiz turlicha qimmatga egada.
* * *
Bir kuni Aristipp hukmdor Dionisiy huzurida do‘stini himoya qildi. Biror naf chiqmagach, o‘zini hukmdorning poyiga tashladi. Buni ko‘rgan saroy a’yonlaridan biri uni mazax qilib kuldi.
Shunda Aristipp dedi: «Ayb menda emas, balki quloqlari oyoqlarida joylashgan Dionisiyda».

* * *
Faylasuf Ksenofant Aristipp haqida shunday degandi: «Aristipp doimo o‘zini begona his etib yashashni sevardi».

* * *
Aristippdan so‘radilar:
— Faylasuflar o‘zgalardan qay jihatlari bilan ustunlar?
Faylasuf javob berdi:
— Bordi-yu, barcha qonunlar bekor qilinsa, faqat faylasuflargina avvalgidek yashayveradilar.

* * *
Bir kuni hukmdor Dionisiy qandaydir sabab bilan Aristippning betiga tupuradi. Aristipp bu tahqirga chidab, bir amallab o‘zini bosadi. Amaldorlar Aristippning ustidan kuladilar. Aristipp esa ularga qarata shunday deydi:
— Baliqchilar mitti baliqchalarni ovlash uchun o‘zlarini dengiz tomchilariga ro‘para qiladilar. Men esa katta baliq tutish istagida sachragan tupuklarga dosh beraman.

* * *
Aristippga bir masalani taqdim etib:
— Yechib ber-chi, — dedilar.
Faylasuf ularga xitob qildi:
— Ey nodon, bog‘langan holida kishilarni shunchalik tashvishga qo‘yuvchi bu tugunni yechmoq nechun?

* * *
Kimdir faylasuflarni doimo badavlat zotlar bo‘sag‘asida ko‘rishini aytganda, Aristipp dedi:
— Hakimlar ham bemorlarning xonadonlariga ko‘pincha o‘zlari boradilar. Zero, hamma ham bemorlar o‘rnida emas, balki hakimlarning o‘rnida bo‘lmoqni istaydi.

* * *
O’zining o‘ta bilimdonligi bilan maqtanuvchi bir kimsaga Aristipp dedi:
— Taomlarning zarurini me’yorida yegan odam haddan ziyod ovqat tanovvul qiluvchilardan ko‘ra sog‘lomroq bo‘lganidek, ko‘p o‘qigan har qanday odam olimga aylanavermaydi. Buning uchun har kim o‘qiganlaridan o‘ziga foyda ola bilmog‘i lozimdir.

* * *
Aristipp sudda o‘z ishini himoya qilmoq maqsadida notiq yolladi. Ko‘pchilik uning bu ishini qoraladi. Shunda Aristipp dedi: «Axir, ziyofat berayotgan chog‘imda ham oshpaz yollayman-ku!»

* * *
Aristippdan donishmandlar bilan oddiy odamlarni farqlash yo‘lini so‘radilar. U shunday javob berdi: «Ularni ajratish uchun yalang‘och holda notanish odamlar orasiga qo‘yib yuboring».

* * *
— Johil bo‘lib yashagandan qashshoqlikda kun kechirgan a’loroqdir, — deydi Aristipp. — Chunki qashshoqlar puldan, nodonlar esa odamgarchilikdan mahrumdirlar.

* * *
Bir kuni meva-cheva archib o‘tirgan faylasuf Diohen yo‘ldan o‘tayotgan Aristippga:
— Agar sen ham mana shu sabzavotlarni yeb qanoat qilganingda, mustabid hukmdor saroyida xizmat qilishga majbur bo‘lmas eding, — dedi kinoyali kulib.
— O’zing esa, — dedi Aristipp, — odamlar bilan muomala qilmoqni bilganingda sabzavot archib o‘tirmasding.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.