(1713-1784)
Frantsuz faylasufi Deni Didro Frantsiyaning shimoli-sharqiy qismidagi Langr shahrida hunarmand oilasida dunyoga keldi. Dastlabki ta’limni 8-9 yoshida Langrdagi diniy kollejda oldi.
12 yoshida Parijdagi d‘ Arkur nomidagi diniy kollejga o‘qishga yuborildi. Kollejni tamomlagach, san’at magistri degan unvonga sazovor bo‘ldi.
Otasi Didro ilohiyot ilmining shuhratli namoyandasi bo‘lishini orzu qilgan. Ammo Didro otasining bu orzusini amalga oshirolmadi. U hayotda o‘z o‘rnini topish uchun uzoq izlandi. Dastlab prokuror yordamchisi, keyin o‘qituvchi, tarjimon bo‘lib ishladi, och-yupun holda hayot kechirdi. Otasi esa «bekorchi» o‘g‘liga yordam berishdan butkul voz kechdi. Deni ko‘pincha tunlari Parij ko‘chalari va xiyobonlarining duch kelgan joyida tunab qolardi. 1743 yilda Didro savdogarning bevasi, Shamponning qiziga yashirincha uylanadi. Bir nechta farzand ko‘radi. Ularning orasida keyinchalik birinchi bo‘lib otasining tarjimai holini yozgan Mariya-Anjelika ham bor edi.
1767 yilda rus imperatori Yekaterina II Didroni Rossiyaga taklif etadi. U Didroning shaxsiy kutubxonasini sotib oladi hamda faylasufni kutubxonachi etib tayinlaydi. Didroga katta maosh tayinlab, 50 yillik miqdordagi maoshni avvaldan to‘laydi. Ammo shunga qaramay, Didro faqat 6 yildan keyingina – 1773 yilda Gollandiya orqali Rossiyaga o‘tib, Peterburgga keladi. 1774 yilda Rossiyadan o‘z vataniga qaytadi. Faylasuf she’rlar ham mashq qilgan. Deni Didro 1784 yilda vafot etdi. Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Falsafiy fikrlar» (1746 yilda yashirincha bosib chiqarilgan bu kitob Parij parlamentining qaroriga muvofiq yoqib yuborilgan), «Ko‘zi ochiqlarga nasihat sifatida yozilgan so‘qirlar haqida maktub» (1750 yil), «Tabiatni izohlashga doir fikrlar» (1754 yil), «Shakkokning sayru sayyohatlari yoki xiyobonlar» (1747 yil), «Rohiba» (asar 1760 yilda yozilgan bo‘lsa-da, ilk marta 1796 yilda chop etilgan), «D’ Alamber va Didro suhbati. – D’ Alamberning tushi – Suhbatning davomi» (1769 yil) «Materiya va harakatning falsafiy asoslari» (1770 yil), «Aktyor haqidagi paradokslar» (1773 yil), «Fiziologiya unsurlari» (1782-1783 yillar).
* * *
Ishonchsizlik – falsafa tomon qo‘yilgan birinchi qadam.
* * *
Jismlarni miyamdagidek emas, balki tabiatda qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilaman: ular men uchun o‘z xossasi va faoliyatiga ega bo‘lgan xilma-xil jismlardir. Ular portlash sodir bo‘lmasligi uchun silitra, ko‘mir va oltingugurtning uchta yaxlit molekulasi, uchqundan nari saqlanadigan tajribaxonadagidek, tabiat qo‘ynida harakat qiladilar.
* * *
O’quvchim, meni o‘qiyotganingda tuyg‘ular bizdagi barcha bilimlarning asosini tashkil etishini albatta yodda tut. Tabiat – Xudo emas, inson – mashina emas, faraz – dalil emas. Agar kitoblarimning istalgan yerida ushbu qoidalarga zid keluvchi biror fikrga duch kelsang, bilki sen bu yerdagi fikrlarni umuman tushunmagansan.
* * *
Sizni tuxum oldin paydo bo‘lganmi yoki tovuqmi, degan savol hayajonga soladimi, demak, siz jonivorlar avval qanday bo‘lsa, hozir ham shundayligicha – o‘zgarishsiz qolgan, deb o‘ylaysiz. Qanday bema’nilik.
* * *
Hamma narsa kuzatishga qurbimiz yetmay qolgan yerda tugaydi.
* * *
Agar yer yuzida hamma narsa a’lo bo‘lganda, a’lo narsaning o‘zi bo‘lmasdi.
* * *
Tun chog‘i qalin o‘rmonda adashib qoldim. Qo‘limdagi ojizgina pirpiragan sham – mening yagona yo‘l ko‘rsatuvchim edi. Nogohon ro‘paramda notanish kimsa paydo bo‘ldi va shunday dedi: «Do‘stim, to‘g‘ri yo‘lni topish uchun qo‘lingdagi shamni o‘chir». Bu notanish kimsa – ilohiyotchi olim edi.
* * *
Iste’dod avloddan-avlodga o‘tadigan zodagonlik unvoni emas.
* * *
Yaxshilarni mukofotlash bilan yomonlarni jazolagan bo‘lamiz.
* * *
Ehtiroslarni yengishni maqsad qilib qo‘yish – aqlsizlikning eng yuqori cho‘qqisi.
* * *
Hamma narsa foydaliligiga qarab belgilanadi.
* * *
Baxt va baxtsizlik bir-biri bilan zulmat va yorug‘lik kabi munosabatda bo‘lmaydi. Zero, baxt va baxtsizlik bir vaqtning o‘zida birga mavjud bo‘la oladi.