(Miloddan avvalgi V asr o‘rtalari)
Qadimgi yunon faylasufi Meliss Janubiy Italiyaning Eleya shahrida tug‘ilib o‘sgan. Faylasuf Parmenid qo‘lida tahsil olgan. U: «Narsalarning cheksiz darajada ko‘pligi bir butunlik demakdir», degan g‘oyani isbotlashga uringan. Melissning «Tabiat haqida» asari bizgacha yetib kelmagan. Bu asar undan keyin yashagan mualliflar asarlarida keltirilgan ayrim parchalar orqali ma’lum, xolos.
* * *
Meliss shunday ta’lim beradi: «Ibtidosi va intihosi mavjud narsalar hech qachon mangu va hadsiz bo‘lolmaydi...»
* * *
Suv, yer, olov va havo deb atalmish to‘rt unsurning zamirida paydo qilib ham, yo‘qotib ham bo‘lmaydigan bir umumiy mohiyat borkim, uni mushtaraklik deb atamoq joizdir.
BO’SHLIQ YO’Q EKANLIGIGA ISBOT
Bo‘shliq umuman yo‘q narsa. Chunki bo‘shliq hech narsadir. Hech narsa esa mavjud bo‘lolmaydi.
BORLIQ MANGU EKANLIGIGA ISBOT
Agar borliqni paydo bo‘lgan deb hisoblasak, unda u paydo bo‘lguniga qadar umuman mavjud bo‘lmagan. U mavjud bo‘lmagan ekan, demak, hech narsa bo‘lmagan. Hech narsadan borliqning paydo bo‘lishi mumkin emas.
BORLIQ CHEKSIZ EKANLIGINING ISBOTI
Agar borliq cheksiz bo‘lmaganda, u o‘zidan farqli nima bilandir chegaradosh bo‘lardi. Borliqdan farq qiluvchi narsa nima bo‘lishi mumkin? U yo‘qlik, ya’ni bo‘shliqdir. Bo‘shliq esa yo‘qdir.
HARAKAT YO’Q EKANLIGIGA ISBOT
Agar bo‘shliq mavjud emas ekan, demak, harakat ham yo‘q. Chunki borliqning o‘zi hamma yoqni to‘ldirgan, u hech qaerga surilmaydi. Bas, shunday ekan, borliq uchun harakat qilishga ehtiyoj qolmaydi.