(1794-1856)
Rus mutafakkiri P.Ya.Chaadaev dvoryan oilasida dunyoga keldi. Bolaligidanoq to‘g‘ri va qat’iy fe’l-atvor egasi bo‘lgan Chaadaevda o‘z qadrini bilish hissi kuchli edi.
P.Chaadaev Moskva universitetini tamomlagan. Universitetda o‘qib yurgan kezlari A.Griboedev, N.Turgenev, I.Yakushin kabi yozuvchilar bilan do‘stlashgan.
Harbiy xizmatga kirgan Chaadaev 1812 yili Borodino jangida ishtirok etib, ko‘rsatgan jasorati uchun IV darajali Anna ordeni hamda Temir krest bilan mukofotlangan.
Tarixchilarning yozishicha, urush tugagach Chaadaevni katta davlat lavozimiga (shoh Aleksandr I ning ad’yutanti vazifasiga) taklif etishgan. Biroq Chaadaev hech bir ikkilanishsiz bu mansabni tark etgan va iste’foga chiqqan.
Chaadaevning bunday ters, kutilmagan qarori tezda hammaning og‘ziga tushgan hamda shoh Aleksandr I tomonidan salbiy baholangan.
Chaadaev dekabristlar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, lekin ularning orasida ruhiy ehtiyojlarini qondirolmagan.
Faylasuf oila qurmay bo‘ydoq yashagan. Buning sababi hamon noma’lum.
Chaadaev ijtimoiy taraqqiyot nazariyotchisi bo‘lgan. U jahondagi siyosiy jarayonlarga ta’sir o‘tkaza oladigan va o‘tkazayotgan yirik davlatlardagi hayotni o‘zgartirish yo‘llari, yo‘nalishlari hamda vositalari haqida fikr yuritgan.
Chaadaevning quyidagi asarlari ma’lum: «Falsafiy maktublar», «Telbaning madhiyasi» (1837 yilda yozilgan, 1862 yilda e’lon qilingan), «Hikmatlar», «Sarlavhasiz maqola» (1843), «Qishloq ruhoniysining yakshanba suhbati» (1848).
Chaadaev yoshligidanoq Pushkin bilan do‘st bo‘lgan. Pushkin o‘zining eng yaxshi she’rlaridan birini Chaadaevga bag‘ishlagan.
Chaadaev 1856 yil 14 aprel kuni Moskva shahrida vafot etdi.
* * *
Vatanga muhabbat – ajoyib tuyg‘u. Lekin undanda teranroq bir tuyg‘u borki, u haqiqatga bo‘lgan muhabbatdir. Vatan ishqi qahramonlarni dunyoga keltiradi. Haqiqatga bo‘lgan muhabbat esa insoniyatga donishmandlarni, muruvvatpeshalarni tuhfa etadi. Vatan muhabbati xalqlarni bir-biridan ajratadi, milliy adovatni yuzaga keltiradi va goho yerni motam libosiga burkaydi. Haqiqat ishqi esa olamga ilm nurlarini sochadi.
* * *
Suyukli odamlarni sevishdan oson ish yo‘q. Ammo sevimli bo‘lmagan odamlarni ham bir oz yaxshi ko‘rmoq kerak.
* * *
Men Vatanimni tanqid qilishim, kamsitishim va unga ozor berishim mumkin, lekin hech qachon uni aldamayman.
* * *
Zaif dushman eng yaxshi do‘st, hasadgo‘y do‘st esa eng yovuz dushmandir.
* * *
Bizning erkinligimiz – tobeligimizni anglamasligimizdan o‘zga narsa emas.
* * *
Ishoning, men o‘z Vatanimni har biringizdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman. Unga shon-shuhrat tilayman, xalqimning yuksak fazilatlarini qadrlayman… Biroq men Vatanni ko‘zni yumib sevishga o‘rganmaganman.
* * *
Insoniyat an’analarining buyuk xazinasi bo‘lmish Sharqni o‘rganing.
* * *
Boshqalarning ortidan quvishimizga hojat yo‘q. Biz o‘zimizni oshkora baholab, kimligimizni tushunib olmog‘imiz, yolg‘ondan voz kechib, haqiqat yo‘lini mahkam tutmog‘imiz kerak. Shunda olg‘a bosamiz va boshqalardan ko‘ra ildamroq qadam tashlaymiz. Chunki biz o‘zgalardan ortda qolish asnosida ilgari o‘tganlarning butun tajribasi hamda asriy zahmatlaridan boxabar bo‘lamiz.
* * *
Qullikdan orlanmaydigan xalqning tolei pastdir. Bunday xalq qullik uchun yaratilgan.
* * *
Mukammallikka yaqinlashishni yagona maqsad qilib olganlargina unga erisha oladilar.
* * *
So‘z faqat shafqatli qalbdagina jaranglaydi.
* * *
Siz baxtli bo‘lishni istaysiz-ku, axir. Bas, shunday ekan, shaxsiy farog‘atingizni imkon qadar ozroq o‘ylang-da, o‘zgalar uchun qayg‘uring. Bittaga mingta qarshi chiqqan holda garov o‘ynab aytishim mumkinki, shunda siz bu olamda mavjud bo‘lgan eng yuksak darajadagi saodat lazzatidan bahramand bo‘lasiz.
* * *
Tarix xalqni tushunish kalitidir.