OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sitseron

SITSERON MARK TULLIY
(Miloddan avvalgi 106-43 yillar)


Qadimiy Yunonistonda yashab o‘tgan faylasuf, notiq va siyosiy arbob Sitseron rimlik badavlat chavandoz oilasida voyaga yetdi. «Sitseron» so‘zi — «tsitsero», ya’ni «no‘xat» degan ma’noni anglatadi.
Sitseron Rimda tahsil olib, lotin tilini o‘rgandi. Shuningdek, notiqlik san’atini mukammal egallab, Afina, Kichik Osiyo va Rodos oroli hududlariga xos bo‘lgan fasohat ilmi bilan mustaqil shug‘ullandi.
Faylasuf miloddan avvalgi 64-63 yillarda elchilik lavozimida xizmat qilib, mustabid tuzumning yangi vorisi Katilinga qarshi nutqlar irod etadi. Uning ana shu davrdagi to‘rtta nutqi notiqlik san’atining oltin jamg‘armasidan joy olgan.
Suyukli qizi Tulliyaning nogahoniy o‘limi Sitseronni g‘amga botiradi. Taqdirning bu og‘ir zarbasidan so‘ng u falsafa ilmi bilan shug‘ullana boshlaydi.
Faol siyosiy kurashlar va tajribasizlik, qolaversa, mash’um taqdir Sitseronning fojiali ravishda halok bo‘lishiga zamin hozirlab qo‘ygandi. U Yuliy Sezarning nevara jiyani Antoniy tashabbusi bilan qatl etiladi. Faylasufning boshi o‘zi bir necha marta otashin nutq so‘zlagan joyga mixlab qo‘yiladi.
Sitseronning 58 ta nutqi, notiqlik san’ati, siyosat va falsafaga bag‘ishlangan 19 ta asari va 800 dan ziyod maktublari hozirga qadar saqlanib qolgan.

* * *
Falsafaning kuchi shundaki, — deb yozadi Sitseron, — u qalblarga malham bo‘ladi, behuda tashvishlarni bartaraf etadi, ortiqcha havaslardan xalos qilib, qo‘rquvni haydaydi. Shubhali narsalarni qo‘llab-quvvatlashdan o‘zini tiygan faylasuflar donolarcha yo‘l tutadilar.

* * *
Vaqt soxta fikrlarni yemiradi, tabiat hukmini esa tasdiqlaydi.

* * *
Falsafa qalbga shifo bag‘ishlovchi fandir. Ammo bu shifo tan xastaliklaridagi kabi tashqaridan kelmaydi. Biz barcha ichki imkoniyatlarimizni ishga solish yo‘li bilangina o‘zimizni o‘zimiz davolamog‘imiz darkor.

* * *
Aql-idrok va tabiat uchun tasodifdan ortiqroq g‘ov yo‘q.

* * *
Falsafa aqliy madaniyatdir.

* * *
Saodatga erishish yo‘lini aytishdan avval o‘zimiz kimligimiz va tabiatning mohiyati nimada ekanligi xususidagi savollarga javob topmog‘imiz lozim.

* * *
Adashish har bir insonga xos sifat. Ammo adashganlarning qaysarlik bilan o‘z yo‘lida davom etaverishi — aqlsizlik.

* * *
Qog‘oz hamma narsaga bardoshlidir. (Ushbu hikmatli so‘zning ilk manbai Sitseronning «Maktub» risolasida aks etgan. Unda: «Maktub uyatdan qizarmaydi», — degan ibora yozilgandi).

* * *
Xalq farovonligi — oliy qonun.

* * *
Ovozlar sanalmaydi, tarozida tortiladi.

* * *
Qurol tilga kirganda, qonunlar jim qoladi.

* * *
Hukumat — so‘zlovchi qonun, qonun esa gung hukumatdir.

* * *
Donishmadlikni egallashning o‘zigina yetarli emas, undan foydalana bilmoqlik ham joiz.

* * *
O’tib ketgan musibatni xotirlash yoqimli.

* * *
Bir ziddiyat ikkinchisini keltirib chiqaradi.

* * *
Mehnat og‘riqni o‘tmaslashtiradi.

* * *
So‘zamollik — aqlga sayqal beruvchi nur.

* * *
Men o‘zim unutishni istamagan narsalarni unutishga qodir emasman.

* * *
Shon-shuhrat keltiruvchi qiyinchiliklarga dosh berish oson.
* * *
Ozod bo‘lish uchun qonunlarning quliga aylanishga to‘g‘ri keladi.

* * *
Falsafa bilan mashg‘ul bo‘lmoqlik o‘zni o‘limga tayyorlamoq demakdir.

* * *
Xaloskorlikni o‘ziga kasb etganlar Tangriga eng yaqin kishilardir.

* * *
Ezgulikning asosiy belgisi — harakat.

* * *
Yorug‘ dunyo yuzini ko‘rguningizga qadar bo‘lib o‘tgan voqealardan bexabar bo‘lsangiz, mangu go‘dakligingizcha qolaverasiz.

* * *
O’z burchini yayrab ado etuvchilargina emin-erkin yashaydilar.

* * *
Nohaq yo‘lda g‘olib bo‘lmoqdan ko‘ra, haq yo‘lida mag‘lublik afzal.

* * *
Nodonlar safida saodatmandlar, donolar orasida baxtsizlar bo‘lmaydi.

* * *
Men o‘tkir aql-farosatli yoki ahmoq, kuchli yoxud ojiz bo‘lib tug‘ilmoqlik o‘z ixtiyorimizda emasligini tan olaman. Ammo bundan hatto o‘tirish yoki sayr qilish kabi oddiy xatti-harakatlar ham bizga bog‘liq emas ekan-da, degan xulosa yasovchilar qattiq yanglishadilar.

* * *
Biz buyuk va muqaddas maqsadlar uchun tug‘ilganmiz. Buni behisob narsalar haqidagi xotiralar jam bo‘lgan ruhimizdagi boshqa omillar yordamida ham ko‘rish mumkin. Masalan, bizda har bir amalning oqibatlarini avvaldan ko‘ra bilishdek ilohiy sifatga yaqin karomatgo‘ylik, nafsni tiyuvchi uyat, insoniylik, jamiyat manfaatlarini himoya qiluvchi adolat, o‘lim va azob-uqubatlarga qarshi mustahkam va barqaror nafrat tuyg‘ulari mujassamdir. Bularning barchasi insondagi eng afzal ma’naviy sifatlar. Agarki, insonlarning jismida huzur-halovatdan ustun qo‘yish lozim bo‘lgan kuch-quvvat, salomatlik, go‘zallik, chaqqonlikni tug‘diruvchi sezgilar mavjud ekan, u holda ruhiy qobiliyatlarni qanday baholamoq kerak? O’tmishda o‘tgan olimlar ruhda qandaydir fazoviy va ilohiy bir narsaning ishtirokini ko‘ra bilganlar.

* * *
Har bir narsa xususida bahslashmoqlik va biron narsa xususida aniq fikr bildirmaslik — eng a’lo falsafa.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.