OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Osor al-baqiya»)dan

http://ziyouz.uz/images/beruniy_oy.jpg

«Yaxshilik xislatlari: taqvodorlik, to‘g‘rilik, o‘zini saklash, dindorlik, odillik, insoniy kamtarlik, latofat, sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, muloyimlik, siyosat va boshqarish ishlarida bilimdonlik, tadbirkorlik, to‘g‘ri taxmin qila bilish va bulardanboshqa aqlga sig‘maydigan, kishi bayon etib tugata olmaydigan (yaxshi) sifatlardan iboratdir».(40-bet)

* * *

«... Har bir ilm va san’atning borib taqaladigan boshlanish joyi bor. Shu boshlanish joyga yaqinlashgan sari, to o‘ziga borib yetguncha soddalashib boradi». (63-bet)

* * *

«... dushmanlar hamisha nasablarga ta’na qilishi, nomuslarni yerga urishi, turli uydirma gaplar tarqatishga urinadilar. Shuningdek, do‘stlar va xayrixohlik qiluvchilar yomonni yaxshi qilib ko‘rsatishga, halal yetadigan (yo‘lni) to‘sishga, go‘zallikni izhor etishga va yaxshiliklarga nisbatan berishga tirishadilar». (74-bet)

* * *

«... Shubhani aniq, noma’lumni ma’lumga qo‘shish biz yurgan yo‘lga loyiq emas». (103-bet)

* * *

«... jo‘rttaga o‘z so‘zida turib olgan bilimsiz kishi bilan bahslashish na maqsad egasiga va na maqsadga biron foyda yetkazmaydi». (103-bet)

* * *

«... Faxrlanish haqiqatda yaxshi xulqlar va oliy fe’llarda oldin ketish, ilmu hikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud (nopokliklardan) tozalanishdir. Kimda shunday (sifatlar) topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga bo‘ladi». (151-bet)

* * *

«(Odamlar) tuzilishlarining rang, surat, tabiat va axloqda turlicha bo‘lishi faqatgina nasablarning turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning (odam) yashaydigan joylarning turlichaligidan hamdir. Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab odamlarshshg guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli xohishlarini ifodalash uchun (zarur) bo‘lgan so‘zlarga ehtiyoj tug‘ilishidir... ». (236-bet)

«Rumliklar geografiya va astronomiya ilmini durust o‘rganib, mantiqiy dalillar bilan ish qilganlaridan, hiylalar ishlatuvchi kishilar so‘zlariga istisno etishdan juda uzoqlashdilar». (281-bet)

* * *

«Qiyos qilinuvchi narsa bilan qiyos uchun olinuvchi narsa orasini, isbotlanuvchi narsa bilan isbot orasini birlashtiruvchi bir sabab bo‘lmasa, u dalil va misollar qabul etilmaydi». (341-bet)

* * *

«Iskandar va uning vorislari rumliklar tomonidan (eronliklar) rag‘bat qilgan barcha ilmiy kitoblari kuydirilib, hayot vositasi bo‘lgan va faxr qilinadigan go‘zal san’atlarini barbod etgan edi». (447-bet)

* * *

«Va’dani ado etib,... «Har kim o‘z holiga yarasha ish qiladi» va «har kimning qiymati sevgan narsasi bilan bilinadi» deganlaridek,... (Bu kitobni) o‘qigan o‘quvchi (quyidagi kayfiyatdan) holi bo‘lmaydi: yo u ma’lumotda menga tenglashadi, unda meni maqtab, bu kitobga qilgan mehnatim uchun mendan minnatdor bo‘ladi, yoki martabada mendan ortiqlik qiladi, unda yanglishlarni isloh etib, yuz bergan toyilishlardan (meni) ma’zur tutadi. Uchinchi (holatdagi o‘quvchiga) kelganda, u menga bo‘ysunsa, istifoda etishga, agar da’vat qilsa, ojiz qolishga kifoya qilarli asar yaratdim». (425-bet)

Abu Rayhon Beruniyning “Tanlangan asarlar”i 1-jildidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.