OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxt saroyi

Qish kuni. Kech bo‘la boshlagandi. Bir yigit yo‘lda ketarkan, unga katta bir o‘rmon ichidan o‘tishga to‘g‘ri kelib qoldi. O’rmon qorong‘i, qalin daraxtlar bilan qoplangandi. Yigit o‘rmon ichida yura-yura yo‘lni yo‘qotib qo‘ydi, adashdi.
Hushdan ketib yiqildi. Bir ozdan keyin ochlik va sovuq ta’siri bilan hushiga kelib ko‘zini ochdi-yu, yonida uch kishining turganini ko‘rib, qo‘rqib, nima qilishini bilmay hayron bo‘lib qoldi. Bulardan bittasi ipak ko‘ylak kiygan, beliga oltin kamar bog‘lagan, ikkinchisi qora ko‘ylak kiygan, qora kamar bog‘lagan va uchinchisi esa havo rang ko‘ylak kiygan, qayishdan kamar bog‘lagan odam edi.
Bu kishilarning hammasi birdan:
— Ey yigit, sen bu yerda nima qilib yuribsan? — deb so‘radilar. Yigit titrab:
— Bekorchiman, hech bir ish qilmayman, o‘rmondan o‘tayotib adashib qoldim,— dedi. U kishilar:
— Ayt, bizdan nima istaysan?—deb so‘ragan edilar, yigit bu qo‘rqinchli o‘rmondan qutqazishlarini o‘tindi.
U kishilar yigitga:
— Senga bir yo‘l ko‘rsatuvchi kerak ekan, qani, birimizni tanlab ol, qaysi birimiz senga yo‘lboshchilik qilaylik?— dedilar.
Yigit o‘ylab-o‘ylab, nihoyat ipak ko‘ylak kiygan, beliga oltin kamar bog‘lagan, boy savdogar qiyofali kishini tanladi. U kishi kulimsirab yigitni olib ketdi. Yurdilar-yurdilar, oxiri yigit charchab to‘xtab qoldi. U kishi:
— Nega to‘xtab qolding? Qani yur, hali ancha yurishimiz kerak,— degan edi, yigit yurishga majoli qolmaganini aytdi. Boy savdogar qiyofali kishi yonidan katta o‘tkir pichoq olib:
— Mana shu o‘tkir pichoqni ol,— deb uni yigitning qo‘liga berdi. Yigit hayron bo‘lib undan:
— Menga nega pichoq berdingiz? Bu pichoqni nima qilaman?— deb so‘ragan edi, u:
— Mana bu chet tomondagi yo‘ldan hozir otga mingan bir kishi yetib keladi. Sen u kishiga hujum qilib o‘ldir. Keyin uning otiga minib, o‘rmondan chiqib ketasan,— dedi. Yigit u kishidan:
— Siz kim bo‘lasiz, otingiz nima?—deb so‘ragandi, u kishi aytdi:
— Mening otim — yomonlik, kel, men ko‘rsatgan yo‘l bilan yur, shogirdim bo‘l.
Yigit yomonlar ustodining yaramas so‘zlarini eshitib, juda ham achchig‘landi. Qo‘lidagi pichoqni irg‘itib yuborib aytdi:
— Ket, yo‘qol, mal’un! Meni yaramas yo‘lga boshlamoqchi bo‘lasan, sen ko‘rsatgan yomon yo‘lga yurmayman,— deb baqirdi, o‘zidan ketib behush bo‘lib yiqildi.

Bayt:
Yomonlarning sira payvandi bo‘lma,
Havo birla havasning bandi bo‘lma.

Yigit bir ozdan keyin hushiga kelib, qolgan ikki kishi uning yonida turganini ko‘rdi. Darhol qora kiyim kiygan, qora kamar bog‘lagan kishiga murojaat qilib, shu qorong‘i o‘rmondan chiqishga yordam berishini so‘radi. U kishi yigitning iltimosini qabul qilgach, ikkovlari yo‘lga tushdilar.
Ancha yo‘l yurib, bir jar yoqasiga yetib keldilar. Yigit ortiq darajada charchagan, yurishga madori qolmagan edi, o‘sha yerda to‘xtab, dam olmoqchi bo‘ldi. U kishi yigitning to‘xtab qolganini ko‘rib: «Nega to‘xtab qolding? Yo‘limiz hali uzoq. Dam olishni istaysanmi? Xo‘p, dam ol, mana shu baland yerdan o‘zingni tashla, pastda rohatlanib dam olasan», dedi. Agar yigit o‘zini jarga tashlasa parcha-parcha bo‘lib ketardi.
— Sen kimsan? Oting nima, bu qanday taklif, mening o‘lishimni istaysanmi?— deb g‘azablanib so‘zladi yigit. U kishi:
— Mening otim — umidsizlik, sen ishsiz, yalqov yigitga o‘xshaysan, hayotga umidsizlik bilan qaraysan. Xuddi menbop bir yigit bo‘lganing uchun senga yo‘l ko‘rsatdim, kel, taklifimni qabul qil,— deb javob berdi.
— Ket, yo‘qol, sening ko‘rsatgan yo‘lingga muhtoj emasman, men yashashni istayman, yalqov ham emasman. Menga chin yo‘lni ko‘rsatgan olijanob odamlar izi-dan bormoqchiman,— dedi yigit.

Bayt:
Noumid bo‘lma, o‘g‘il, g‘ayrat bilan ishga kirish,
Bo‘l umidli, tinmay ishla, izzat, obro‘ga erish.

Yigit bir ozdan keyin ko‘zini ochib, u yoq-bu yoqqa qaragandi, havo rangli kiyim kiygan, beliga qayish kamar bog‘lagan bir kishi uning yonida turganini ko‘rdi. Avvalgi ikki kishidan yaxshilik ko‘rmay yurak-bag‘ri kuygan yigit bu uchinchi kishiga ham ishonmay, uning yonidan qochib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin u kishi muloyim tovush bilan:
 — O’g‘lim, mendan qo‘rqma, beri kel, men seni bu qo‘rqinchli o‘rmondan olib chiqib to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsataman,— dedi.
Yigitning ko‘ngli orom oldi, u kishi yoniga kelib, salom berib ko‘rishdi, so‘ngra yo‘lga tushdilar. Tong ham ota boshlagan edi. Haligi yo‘lboshchi kishi yerda yotgan uzun va yo‘g‘on daraxt shoxini ko‘rsatib:
— Bu shoxni yelkangga qo‘yib ol,— dedi.
Yigit qabul qilib shoxni ko‘tarib olib yelkasiga qo‘ydi. Biroz yurganlaridan keyin qo‘rqinchli o‘rmondan chiqib, katta va ravon yo‘lga tushdilar. Yo‘lning bir tomoniga solingan buyuk va go‘zal bir saroy ko‘rindi. Haligi odam:
— O’g‘lim, bu o‘rmonni va bu daraxt shoxini unutma, shoxni yerga tashlab, saroyga kir, barcha maqsading hosil bo‘lib, baxtli umr kechirasan,— dedi va o‘zi o‘rmon tomonga qarab keta boshladi.
Yigit shoxni yerga tashlagan edi, shox yerga tushib bir qop oltin bo‘lib sochilib ketdi. Yigit juda ham hayratda qoldi. Haligi kishini chaqirib:
— Og‘ajon, to‘xtang, ochiq, ravshan yo‘lga soldingiz, siz kimsiz? Otingiz nima? Bu qanday saroy?— degan edi, u kishi o‘rmon ichidan baland ovoz bilan:
— O’g‘lim, mening otim — mehnat, laqabim sa’y-g‘ayrat. Bu saroy «Mehnat saroyi» deb ataladi. Bu go‘zal saroyga kirib, chin ixlos bilan ishla, sa’y-g‘ayratni qo‘ldan berma, mehnating tufayli aziz va mukarram bo‘lasan, - deb javob berdi. Yigit sevinib «Mehnat saroyi»ga kirdi, unga baxtu iqbol eshiklari ochildi.

Bayt:
Baxtu iqbol, saodat, ey o‘g‘il, mehnatdadir,
Sa’y-g‘ayrat birla har kim ishlasa, rohatdadir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.