Bir yaxshi xulqli podshoh bor edi. Bir kun u o‘zining quliga bir dona meva berdi. Qul mevani podshoh qo‘lidan olib, nihoyatda xursandlik bilan yeya boshladi, qul shunday mazza qilib mevani yer ediki, go‘yo dunyodagi eng xushta’m, shirin taomni yeyayotganday edi. Podsho buni ko‘rib, havasi keldi va mevadan o‘zi ham yegisi kelib, g‘ulomga dedi:
- Ey g‘ulom, bu mevani buncha ishtaha bilan yemoqdasan, menga ham ozgina ber.
G’ulom mevaning qolganini shohga uzatdi. Shoh uni tatib ko‘rgan edi, afti burushdi. Chunki meva bag‘oyat achchiq edi. Shoh g‘ulomiga dedi:
- Sening ishingni hech kim qilgan emas, shunday achchiq narsani bunday rohatlanib yemoqdasan, bunday yo‘l tutishingning boisi nima?
G’ulom dedi:
- Ey shahriyor, men sendan yuzlab tuhfalar olganman, qanchadan-qancha yaxshilik qilgansan. Shunday ekan, bir marta tuhfang achchiq chiqqan bo‘lsa, qanday qilib buni yuzingga solay. Men sening ne’matlaring ichida yashadim. Shu bois sening qo‘lingdan olgan narsam achchiq bo‘lsa ham, menga shirindir. Sening qo‘lingdan agar bir achchiq meva menga yetgan ekan, uni qaytarib berish men uchun og‘ir gunohdir.
Allohning yo‘lida ranju azob chekishning o‘zi rohat, buni qulog‘ingga quyib ol, chunki so‘z — nasihat ham ganjdir. Uning ishi goh orqada, goh ro‘paradadir, sen uni qanday bajarsang, shunday holda voqe’ bo‘ladi. Sen bu dorulalam dunyosida yaxshilik va shodlik izlaysan, ammo bu dunyoning dilxushligi dardu g‘amdir. Har bir luqma ichida yurak qoni bor. Odam uchun Haqning haqiqatidan o‘zga hosil yo‘q. Yo‘lni bilgan puxtakorlar buni obdon teran anglab yetganlar. Shu bois ular yurak qonisiz biror luqma yemadilar. Toki non — , tuz tatib yurar ekanlar, jigar qonisiz non sindirmaganlar.
Bir qulning podshoh qo’lidan meva yegani hikoyati
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)