OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boyo’g’li va quyosh hikoyati

Ajoyib gapni eshiting-a! Boyo‘g‘li dermishki: 
- Ey bexabar, men bu quyosh bilan oyni na qilay? Tutilganda qorayadigan, botganida qorong‘i bo‘ladigan, yuzi sarg‘aygan, motam kiyimini kiygan, doimo porlab turmaydygan, darbadar kezadigan oftobning keragi yo‘q. Uning o‘zi boshqalardan ko‘ra haqqa tashnaroq, shafaqpaytida esa qonga belangan qonxo‘r kabidir. Agar shunaqa oftobni ko‘rmas ekanman, mayli ko‘rmayin, zarari yo‘q. Chunki boshqa oftob bor.
Ey inson, sen bir kecha uxlamay, bedor bo‘l, shunda tun kechada sen haqiqiy quyoshni ravshan ko‘rasan. Ey g‘ofil kishi, mening kunduzim tun kabidir, ammo Alloh nurini porlatuv-chi oftobim shundadir. Tunda ul oftob yuz ko‘rguzganda, olam xalqini uxlatib qo‘yadi. Ko‘kdagi oftob ul oftob ziyosining aksidan uyalib yuzini berkitadi, sharmandalikdan u qochib ketadi, kecha-kunduz degan tushunchalar yarim tun kelib barobar bo‘lib qoladi. Ammo kimki menday mahram bo‘lsa, uning oftobi qop-qorong‘i tundadir. Agar ana shunday Quyosh tunda senga nasib etilsa, agar ko‘r bo‘lsang ham uxlashing mushkuldir. Butun tun davomida men uxlamay chiqaman, ul Quyoshning atrofida yonib-o‘rtanib parvonaday uchib aylanaman. Majoziy quyosh yuz ko‘rsatganda, biz boyo‘g‘lilar zulmat og‘ushida qolamiz.
Agar Iloh oftobi tunlarda nur taratar ekan, yo‘lga kirganlar zulmatda uxlamaydilar. Agar qarchig‘aylar kabi himmating baland bo‘lsa, o‘tiradigan joying sultonning qo‘li bo‘ladi. Agar past himmatlikda pashsha kabi bo‘lsang, xuddi pashsha kabi behurmat, bee’tibor bo‘lasan. Voqean, agar pashshaday nuqsoning bo‘lsa, boru yo‘g‘ing noma’lum, nobuddirsan. Kimki himmat egasi bo‘lsa — mard erur. Quyosh kabi ko‘kda yagona bo‘lur. Agar gavhar kabi olihimmatsan, shoh tojida joying belgilidir. Agar har qanday arzimas narsaga qarab pastlashaversang, shoh qo‘lidan jom olib icholmaysan.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.