OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chohga qulab o’lgan yigit hikoyasi

Xurosonda bir barno yigit bor edi, husnda go‘yo to‘lin oy edi. Yusufday xushchiroy bu yigit qazoi taqdirdan bo‘lib, chohga yiqilib o‘ldi (Yusufni Allohi haq taoloning farishtalari asragan edi, lekin xurosonlik bu chiroyli, nodir yigitni asrashni hech kim so‘ramagan edi). Yigit chohga yiqilganida, uning ustiga tuproq to‘kildi, oqibat bu inson tuproq bilan baravar bo‘ldi. Uning holi va ro‘zgori o‘zgardi, ishi mushkullanib, qoni yelga sovrildi.
Bu xushsiyrat, sohibjamol yigitning ismi Muhammad bo‘lib, unga ikki dunyo bir qadam bo‘dtsi (Shunday aziz nomi ham uni ajaldan qutkarolmadi).
Otasi bu ahvolni ko‘rib dod soldi:
- Ey, farzandim, ko‘zimning nuri, jonu jahonim, ey Muhammad, bir lahzagina lutf aylab, bir og‘iz so‘zingni aytib ket! So‘zla, Muhammad, so‘zla, farzandim.
Ammo hech bir inson bu xitobga javob bermadi. Shunday deb, ota ham jon berdi.
Dunyoning bunday ishlaridan kuyib-yonmagin, ey sohibnazar solih. To Muhammad so‘zladi, odam ham kuyib-yondi. Bu so‘zlarni (oyatlarni) Odam ato ham, uning zurriyodi — avlodlari ham so‘zladilar. Haqtaolo nomini juz’iyot (barcha) ham so‘zladi. So‘zladi devu pari, inson, malak. So‘zladi tog‘, zamin, daryo, falak. Yuz minglab insonlar tani xok-tuproq bo‘lishini bilib, so‘zladilar. Bu so‘zlarni (oyatlarni) aytgan yuz minglab insonlarning joni poklandi.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.