OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Devona Bahlul

Mashhur xalifa Xorun ar-Rashidning zamondoshi Bahlulni devonavor hayot kechirgani uchun «Devona Bahlul», hikmatli so‘zlari bilan mashhurligi uchun «Dono Bahlul» der edilar. Xorun ar-Rashid Bahlulni hurmat qilar, u bilan suhbatlashib, hazillashardi. Bir kuni Xorun ar-Rashid go‘ristondan o‘tar ekan, eshik yonida Bahlulning bir devona bilan suhbatlashib turganini ko‘rib qoldi. Mahramlariga:—ularni saroyga olib boring,— dedi. Xizmatchilar devonani olib ketdilar. Xorun o‘z saroyiga qaytib kelgandan keyin har ikki devonani huzuriga keltirib, Bahlulga:
— Bag‘dod shahrida siz ikki devonadan boshqa devona qolgani yo‘q, endi ikkingizni ham o‘ldirib, Bag‘dodni devonalardan tozalamoqchiman,— deb hazil-lashgan edi, Bahlul devona:
— Bizlarni o‘ldirsangiz, uchinchi devona bo‘lib o‘zingiz qolasiz. Bag‘dodni devonalardan tozalash kerak bo‘lsa, o‘zingiz ham biz bilan birga u dunyoga marxamat qilarsiz deb o‘ylaymiz,— dedi. Xorun ar-Rashid Bahlul bilan hazillashganidan uyaldi. Kulib har ikki devonaga in’om ehson qildi. Nojo‘ya hazil kishini uyaltiradi-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.