OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iskandar va Arastu hikoyati

Iskandar din yo‘lida jon bergach, Arastu xitob qilib dedi: 
- Toki tirik eding pandu nasihat qilarding, ammo bu kungi o‘liming xalq uchun oxirgi pand - ibratdir.
Ey ko‘ngil, hayot girdobidan va buning orqasidan keladigan o‘limdan ibrat ol, g‘aflatdan bedor bo‘l. Men (Attor) qushlar tili, nutqini bir boshdan senga so‘zladim, ey bexabar, buni anglagil! Oshiqlar orasida qushlar go‘yo eshikdirlar, ular qafas (dunyo)dan ajaldan oldin parvoz qilib chiqadilar. Hammasi uchun boshqacha sharhu bayon bor, chunki qushlarning tili o‘zgacha tildir. Bu qushlarning barchasining tilini bilgan odamgina Simurg‘ oldiga iksir (hikmat javhari)ni keltira oladi. Yunonlar hikmati — falsafasi ichida sen ruhoniy mardlar davlati — ma’rifatini taniy olarmisan? Yunonlar hikmatidan batamom qutulmasang, din hikmatida, mard bo‘lolmaysan. Kimki ishq yo‘lida yunon falsafasi - aqliy bilimga tayansa, u din qoidasi — devonida ishqdan ogoh emasdir. Bu yerda Haq ma’rifati yo‘lida «qufr»ning «k» harfini «falsafa»ning «f» harfidan yaxshiroq ko‘raman. Zero agar bu kufr yana parda bo‘lsa, sen buni anglab kufrdan saklanasan. Ammo agar ul jadal (dialektika) ilmi yo‘lto‘sarlik kila boshlasa, ko‘proq ogoh — oqil odamlarni yo‘ldan uradi. Agar yunon hikmatiga dil bog‘lagan bo‘lsang, Umari Foruq kabi yonib, dinni himoya qilolmaysan. Din sham’i yunon hikmatini yondirib yubordi, shu bois din sham’ini bu ilm (yunon falsafasi) bilan o‘chirolmaysan. Ey, din odami, Yasrib hikmati (Muhammad rasululloh dini) o‘zga ilmlar yo‘lini to‘sdi, endi dini islom yo‘lida Yunoniston ilmi ustiga tuproq sep.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.