So‘filardan biri yo‘lning ustidagi xonaqohga mehmon bo‘ldi. Mezbonlar so‘fining eshagini og‘ilga, so‘fini esa bosh chodirga olib kirdilar. Xonaqohda o‘tirgan darveshlar bir burda nonga muhtoj, yo‘qsil kishilar edi. Xonaqohlariga tushgan mehmonning ham qorni och. Nima qilsinlar? Yig‘ilishib bir qarorga keldilar: Mehmonning eshagini sotib, uning puliga yegulik olib, samo raqsini tashkillashtirmoqchi bo‘ldilar. Suhbat boshlanadi. Shu tariqa xonaqohlarga tushgan Tangri musofirining ko‘nglini ko‘garadilar. Tong otgach esa Alloh karim...
Eshak tez sotildi. Puliga har xil yeguliklar olib kelindi. Shamlar yoqildi. "Bu kecha xonaqohga kelgan mehmon sharafiga ziyofat bor. Samo raqsi bo‘ladi", deya hamma yoqqa xabar berdilar. Haqiqatdan ham tunda katga majlis bo‘ldi.
So‘fi xursand, o‘ziga ko‘rsatilgan iltifot, siylov tufayli boshi osmonda, chapak chalar, goh oyoqqa turib samo raqsiga berilar edi. Majlis oxirida sozandalar va xonandalar: "Eshak ketdi, eshak ketdi" deya ohangli bir naqorat ayta boshladilar! Mehmon so‘fi ham ularga qo‘shilib baqirar, hatto, ovozi ularnikidan balandroq chiqardi.
Shundan keyin charchab, hammasi tarqalishdi. Tong otganda so‘fi yo‘lga chiqishga tayyorgarlik ko‘rdi. Ashyolarini to‘plab og‘ilxonaga tushdi. Ne ko‘z bilan korsinki, eshak yo‘q. Og‘il bo‘m bo‘sh.
"Balki eshagimni sug‘orish uchun tashqariga chiqargan bo‘lsa kerak, birozdan keyin olib kelishadi", deya o‘yladi. Xizmatkor kelganda so‘fi:
— Eshak kaerda? deya so‘radi. Xizmatkor kulib dediki:
— Qaysi eshakni so‘rayapsan? So‘fi hayron:
— Qaysi eshak bo‘lardi? Kecha senga o‘z qo‘lim bilan topshirgan eshaknida. Senga bergan edimku? Inkor qilsang, mana mahkama!
Xizmatkor bo‘yin egdi va:
— Kecha tunda darveshlarning hammasi meni qistovga olib, eshagingni qo‘limdan oldilar, olib borib sotdilar. Men nima ham qila olardim? dedi.
So‘fi:
— Yaxshi, ammo.nega xabar bermading? Agar menga aytsang, eshakni kim olgan bo‘lsa, undan qaytarib olardim, deganida, xizmatkor chiday olmadi va:
— Vallohi, senga aytish uchun necha marta keldim, sen: "Eshak ketdi, eshak ketdi" deya baqirayotganding, xursand holda qarsak chalayotganding. Men bu shodon holingni ko‘rib rozi ekanda, deb o‘yladim va orqamga qaytdim.
So‘fining aqli joyiga keldi va:
— Ularning hammasi yoqimli kuylayotgandi. Mening ham zavqim kelib, qo‘shilib aytdim. Haqiqatdan bunday bo‘lganini bilmagandim deya qayg‘uga botdi.
Keling, ko‘ring, eshak ketdi...
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan