Bir zamonlar Jigaro‘g‘li ismli gapdon, o‘g‘ri, hiylakor tikuvchi bo‘lgan ekan. Mijozlarining gazlamalarini o‘g‘irlardi.
Sodda bir odam:
— U mendan hatto oddiy ip ham o‘g‘irlay olmaydi. Agar bir parcha gazlama o‘g‘irlasa, so‘z beraman, shu otim sizniki bo‘lishiga..Agar o‘g'ir1ay olmasa, sizdan bir ot olaman.. Men bilan bahslashadigan bormi deya maqtana ketdi.
O’rtoqlari:
— Voz kech bu bahsdan, o‘zingga ishonma. U qancha oqillarni mot qilgan, seni ham mot qiladi, desalar ham so‘zida turib oldi. Ilojsiz bahs boyladilar.
Ertasi kuni sodda odam bir to‘p atlas gazlamani qo‘ltiqlab shaht bilan Jigaro‘g‘lining do‘koniga kirdi. Tikuvchiga savol berdi. Usta darhol kulimsirab o‘rnidan turarkan:
— Marhamat, hush kelibsiz, dedi. joy ko‘rsatdi. Hol ahvol so‘radi. Bulbul kabi sayray ketdi. Sodda odam birpasda yumshab qoldi. Titroq ovoz bilan:
— Shu Istanbul atlasidan menga bir yaktak tikib bersang. Beldan pasti keng, ust tarafi tor bo‘lsin. Shunday tikkinki, menga yarashsin, dedi.
Tikuvchi odatga ko‘ra sharbat berishga usta edi.
— Aziz mijozim, senga o‘zi nima yarashmaydi . Kiyim degani sening ustingda tursinda. Amring bosh ustiga deya gazlamani olib o‘lchadi va sodda odamni gapga tutishni boshladi. To‘xtamasdan gapirib, qiziqarli hikoyalar aytdi. Gap orasida qaychisi bilan gazlamani bicha boshladi. Har bir hikoyani aytganda mijozi qahqaha otib kular, tikuvchi esa har safar unga sezdirmasdan bir parcha matoni kursisi ostiga yashirardi.
Sodda mijoz:
— Xudo haqqi, yana bir latifa ayt. Juda ma’qul bo‘ldi, dedi.
Tikuvchi aytdi, odam kularkan kesilgan mato bo‘laklarini etak ostiga yashirardi.
Sodda odamning iltimosiga binoan tikuvchi yana bir latifa aytdi. Sodda odam o‘rtoqlari bilan o‘ynagan bahsini unutdi. Qahqahaga berildi. Chalqancha yerga yiqildi. Tikuvchi o‘z ishini qildi.
Sodda odam yolvorardi:
— Tilingga asal, yana ayt, ayt.., derdi. Nihoyat tikuvchi chiday olmadi:
— Qanaqa go‘l odamsan! Yana bir latifa aytsam yaktak ustinga tor keladi, esingni yig‘. Asl vaziyatni bilsang, qon yig‘lar edyng, dedi.
Mato o‘g‘irlagan tikuvchi
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan