OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mehmon

Bir kishi ulug‘ martabali bir odamdan anchagina pul qarz olgan bo‘lsa ham, qarzini o‘z vaqtida ado etmagan, va’dasidan ko‘pgina vaqt o‘tkazgan edi. Nihoyat, pul egasi qarzdordan pulini undirib olishni o‘zining katta bir xizmatchisiga havola qildi.
Xizmatchi qarzdorning uyiga bordi, unga qattiq-qattiq so‘zlar aytib, amaldordan olgan pulni darhol chiqarib berishni so‘radi. Qarzdor u xizmatchiga:
— Meni xojang yoniga olib bor, unga aytadigan maxsus so‘zim bor,— deb qayta-qayta o‘tindi. Uning yig‘lamsirab, zorlanib o‘tinishi bag‘ritosh xizmatchining ham ko‘ngliga ta’sir qilib, hojasi huzuriga olib keldi.
Amaldor bir qancha kishilar bilan o‘tirib osh yeyishda mashg‘ul edi. Xizmatchi u qarzdorni amaldorga ko‘rsatib:
— Bu kishidan pulingizni darhol chiqarib berishini so‘rab qattiq muomala qilgan edim, ko‘p tavba-tazarru qilib, sizning yoningizga olib kelishimni o‘tindi, rahmim kelib olib keldim. Endi nima qilsangiz o‘zingiz bilasiz,— dedi,
Amaldor xizmatchini ham, qarzdorni ham oshga taklif qildi. Ular ham ovqatlanishga mashg‘ul bo‘ldilar. Ovqatdan keyin amaldor haligi xizmatchiga:
— Bu qarzdor endi mening mehmonim bo‘ldi. Aziz mehmonimdan pulimni talab qilishim muruvvatdan emas. Bu bechora odam muhtojlik ichida qolgani uchun pulimni keltirib berishga qodir bo‘la olmagan. Uning shunday holda ekanini oldinroq bilgan bo‘lsaydim, seni uning yoniga yubormasdim. Endi men u pulimdan voz kechdim, aziz mehmonimning o‘ziga bag‘ishladim. Bundan keyin bu mehmonimning uyiga borib, uning ko‘nglini og‘ritma,— dedi. Qarzdor meh-monning ko‘nglini ko‘tarib, in’om-ehson qilib, izzat-hurmatini bajo keltirib, uyiga qaytishiga ruxsat berdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.