O’tgan zamonda Karim ismli bir kishining shahardan tashqarida bir parcha yeri bor edi. Karim har yili shu yeriga ekin ekib, undan olgan hosilga qanoat qilib, bola-chaqasi bilan umr kechirardi. Bahor payti bir kuni yer haydab turganda bir o‘g‘ri kelib, uning ter to‘kib ishlayotganiga qarab turdi. Yaqin borib, salomlashdi-da, dedi:
— Siz bir kambag‘al kishiga o‘xshaysiz. Kiygan kiyimingiz bundan dalolat berib turibdi. Oyoq yalang ishlayapsiz, chorig‘ingiz ham bo‘lmasa kerak. Yeringizdan chiqqan hosil bilan oilangizni ta’minlayolmaysiz. Bunga ishonchim komil. Keling, men bilan birga o‘g‘irlik qiling, pulingiz ko‘payadi.
Karim uning taklifiga dedi:
— Yo‘q, men eng past, yaramas odam bo‘lishni istamayman. Men iflos yo‘llar bilan pul topishdan hazar qilaman. Halol mehnat qilib, pok yashashni istayman. Ko‘rdingizmi, men peshona teri to‘kib, shu halol mehnatim tufayli qalbim rohatlanib, farog‘atda umr kechiraman. Sizning ham o‘g‘rilik kabi yaramas ishdan tavba qilishingizni so‘rayman. Bu kasbdan or qiling.
Bayt:
Berma ozor kishiga, qilma o‘g‘rilik zinhor,
O’g‘ri doim chekadir ranju uqubat bisyor.