Qadimgi Yunoniston shaharlaridan Karfagen shahrida qul sotib savdo qiluvchi bir savdogar yashardi. Hamma qullariga, xususan Nu’mon ismli quliga ham ko‘p jabr-jafo yetkazardi. Savdogarning zulmiga chidolmay Nu’mon, nihoyat, qochib ketishga qaror berdi. Bir kuni kechasi hech kimga sezdirmay undan chiqib, shahardan bir necha chaqirim uzoqlikda bo‘lgan o‘rmonga kirib yashirindi. Bir-ikki kun o‘rmon ichida sarson-sargardon bo‘lib yurgandan keyin bir g‘orni ko‘rib qoldi.
Ochlik, charchaganlik juda ham ta’sir qilgani uchun g‘orga kirib yotdi va shirin uyquga ketdi. Ko‘p o‘tmay vahshiy bir hayvonning shiddatli o‘kirishidan cho‘chib, uyg‘ondi. Darhol g‘orning og‘ziga kelib atrofga qaragan edi, juda katta, bahaybat bir arslonning g‘orga qarab turganini ko‘rdi, qochib qutulishning iloji yo‘q edi.
Bechora Nu’mon ko‘z oldidagi dahshatli hayvon tomonidan parchalanib yeyilishini ma’yusona o‘ylab turgandi, arslon hech dahshat ko‘rsatmasdan asta-asta qadam bosib uning yoniga kela boshladi. Har bir qadam bosganda go‘yo yordam berishni o‘tingan kabi sekin va qayg‘uli tovush chiqarardi. Dahshat va hayrat ichida qotib turgan Nu’mon biroz esini to‘plab arslonga qaradi. Arslonning oqsoqlanib qadam bosganini, oyog‘ining tegi qavarib shishganini ko‘rdi. Keyin arslonning yoniga kelib, uning boshini siladi, jarohatlangan oyog‘ini qo‘liga oldi, jarroh kasalni qanday tekshirsa, arslon oyog‘ini shunday tekshirdi. Uning oyoq to‘pig‘iga uzun va yo‘g‘on bir tikan kirib qolganini ko‘rdi. Darhol tikanni olib tashladi, yonidan ro‘molini olib yirtib yarani bog‘lab qo‘ydi.
Nu’monning shu soddagina davolashi soyasida katta va dahshatli arslon oyoq og‘rig‘idan qutuldi. Bundan so‘ng u qo‘ldan kelgancha Nu’monga minnatdorlik bildirishga va muhabbat izhor qilishga kirishdi. Nu’monning qarshisida sakrab-sakrab o‘ynar, g‘oyibdan yetishgan bu tabibining oyoqlarini yalar edi. O’sha kundan boshlab, Nu’mon arslonning mehmoni bo‘lib qoldi. Arslon ovga chiqib, qo‘lga kirgizgan o‘ljadan bir qismini Nu’monga keltirardi, ba’zi kunlari uni ustiga mindirib olib o‘rmonni tomosha qildirardi.
Nu’mon bir necha oy o‘rmonda, arslon yonida umr kechirdi. Nihoyat, bir kun savdogarning qidiruvda yurgan odamlari arslon yo‘q vaqtida Nu’monni tutib olib unga topshirdilar. Savdogar shahar hokimiga Nu’monning qochib ketib, so‘ngra tutib keltirilganini bildirdi. Hokim Nu’monni xalq ko‘zi oldida arslonga yedirib yuborish jazosiga hukm qildi. Hukmni ijro etish kuni keldi, mudhish jazo maydoniga juda ko‘p odamlar yig‘ildi. Jallodlar mazlum Nu’monning qo‘llarini bog‘lab maydonning o‘rtasiga keltirib qo‘ydilar. Birpasdan keyin ars-lonning o‘kirgan dahshatli tovushi tomoshabinlarni larzaga tushirdi. Mana, yashirin bir joydan katta, bahaybat bir arslon o‘kirib chiqib keldi. Uning ko‘z-lari o‘t kabi yonardi, birdan Nu’mon tarafiga qarab yugurdi. Bu qo‘rqinchli manzarani tomosha qilib turganlar: «Hozir bu dahshatli hayvon Nu’mon be-chorani tilka-pora qilib tashlaydi»,— deb qarab turardilar, lekin ish ular o‘ylaganlaricha bo‘lib chiqmadi.
Aqlli hayvon Nu’monning yoniga kelar-kelmas uning yonida tiz cho‘kdi, kichik bolalar kabi erkalanib unga yuz-ko‘zlarini surdi, oyoqlarini yaladi, uning yonida sakrab-sakrab o‘yinga tushdi.
Bu holni ko‘rgan tomoshabinlar shoshib qolib hayrat bilan barmoqlarini tishladilar. Sevinganlaridan beixtiyor ko‘z yoshlarini to‘kdilar. Hayratda qolgan hokim Nu’monni o‘z yoniga jalb etib, bu vahshiy hayvon uning yonida qo‘y kabi yuvosh bo‘lib qolganligining sababini so‘radi. Nu’mon butun voqeani bayon qilib, bu arslon o‘rmondagi o‘sha do‘sti arslon ekanini aytdi. Nu’monning bu hikoyasini eshitgan tomoshabinlar uni qullikdan ozod etilishini hokimdan o‘tindilar. Hokim buni qabul qilib, Nu’monni ozod qildi.
Bayt:
Kimki istar doimo bo‘lgay omon,
Yaxshilik qilsin, sira etmas ziyon.