OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’z shahriga qaytib kelayotgan podshoh hikoyati

Sayohatga chiqqan bir podshoh o‘z shahriga qaytib keldi. Shahar xalqi shohni izzatu ikrom bilan kutib olish uchun shaharni bezadilar. Kim qo‘lidan nima kelsa qilardi, uyida nima bo‘lsa olib chiqardi va shaharni chiroyli qilishga sarflardi. Ammo zindon ahlida hech vaqo yo‘q edi, ularning qo‘l-oyoqlaridagi bandu zanjirlari bor edi, xolos. Yonlarida do‘stlarining kesilgan boshlari, g‘amu anduhdan pora-pora jigarlari bor edi. Ammo ular shohni kutib olish uchun kesilgan bosh va qo‘llar, oyoqlarni chiroyli qilib bezadilar. Shoh o‘z shahriga kirgandan keyin chiroyli bezaklar, rang-barang alvonlar, zebu ziynatni ko‘rdi. Ammo zindon joylashgan joyga yetganda, otidan tushib, zindon ahlining oldiga bordi, ular bilan ko‘rishib, ahvol so‘rab, ko‘plab tuhfalar in’om etdi.
Saroyga kelgandan keyin shohning yaqin kishilaridan biri shohdan so‘radi: 
- Ey shohim, shahar ahli seni deb shuncha sa’yu harakat qildilar, shaharni shohiyu atlas bilan bezadilar, mushk-anbar sochdilar, ammo sen bunga e’tibor qilmay, zindon eshigi oldiga kelib to‘xtading va zindoniy-lar ahvolini so‘rading, buning sirri nimada? Axir ular o‘limga mahkum etilgan, kesilgan qo‘l-oyoq va boshlarni taxlab seni kutib oldilar.
Shoh dedi: 
- Shahar ahlining bezaklari — bolalarning o‘z o‘yinchoqlarini bezaganday gap. Ularning har biri sha’nu shavkati, boyligini ko‘rsatish maqsadida ish qilgan, ular-ning ishlarida o‘zlarini ko‘rsatishga intilishlari ayon ko‘rinib turibdi. Ularning barchasi menga maqtanish, diqqatimni tortib, xursand qilish niyatida bo‘lganlar.
Ammo mening farmonimni faqat zindon ahli bajarmoqdalar. Agar mening amrim bu yerda ijro etilmasaydi, boshlar tanadan judo qilinmasdi. Bu yerda hukmim aniq va puxta joriy etilganini ko‘rmoqdaman. Shu bois bu yerga kelib otdan tushdim va zindoniy holini so‘radim. Shaharni bezaganlar o‘z g‘ururlari, manmanliklari ichra g‘arqdirlar. Faqat zindon ahli hayronu bechoralar, ular mening hukmim ostida nochordirlar. Bular gohqo‘lni, gohboshni beradilar, ho‘lu quruq, issiq va sovuq bular uchun birday. O’limni kutib, unga peshvoz chiqadilar, zindon chuqurlaridan to‘g‘ri dor ostiga boradilar.
Agar bilsang, bu zindon men uchun gulshanga aylandi, goh ular menga havas qilardilar, goh men ularga havas qilardim — bir-birimizni botinan anglab quchoqqa olardik. Yo‘lni ko‘ruvchilarning burchi farmon bilan yurishdir, ana shunda Shoh ham zindonga keladi.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.