Qaqnus Hindistonda yashaydigan turfa ajib bir qushdir-kim, uzun va qattiq tumshug‘i bor. Tumshug‘ida xuddi nay kabi bir qancha teshiklar mavjud. Bu teshiklar yuztaga yaqin. Qaqnusning boshqa qushlar kabi jufti yo‘q, u bolalamaydi. Tumshug‘ining har bir teshigidan o‘zgacha ovoz chiqaradi, har bir ovozida o‘zgacha nola, o‘zga bir sir bor. Har bir teshikdan turli-tuman ohangu navolar chiqarib, nola chekkach, barcha qushlar, qushlargina emas, barcha jonivorlar, hatto suvda baliqlar bundan beqaror bo‘ladilar. Barcha vahshiy darrandalar jim bo‘lib, bu ovozdan o‘zgacha holatga tushadilar.
Faylasuflar unga hamroz bo‘lib, ovoziga qarab musiqa ilmini yaratdilar. U qariyb ming yil umr ko‘radi, ammo o‘limi vaqti yaqinlashayotganini oldindan sezadi. O’limi yaqinlashgach, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, atrofiga ko‘p-ko‘p o‘tin yig‘adi.O’tinlar o‘rtasiga o‘tirib olib, o‘tli nolalar chekadi. Keyin har bir teshikdan, boshqa-boshqa dardli navhalar chiqaradi, yuz teshikdan yuz xil navha-soz chiqaradi. Navha chekayotganda o‘lim alamidan lahza-lahza titrab turadi. Bo‘zlab nola chekishidan hayratlanib, qushlar va hayvonlar uning oldiga yig‘iladilar va hayotdan umidlarini uzgandayin, behol bo‘lib qoladilar. Keyin umrining so‘ngida ajab hol yuz beradi: uning nolasi zo‘ridan tumshug‘idan qon oqa boshlaydi, bir nafas tin olib, so‘ngra qanotlarini bir-biriga ura boshlaydi. Shunda uning qanotidan o‘t chaqnab chiqadi, keyin butun vujudini o‘t qoplab yona boshlaydi, olov o‘tinlarga o‘tadi va birga-birga yonib cho‘g‘ga aylanadilar. Keyin cho‘g‘lar sovib kul bo‘ladilar. Kul ichida bitta kichkina cho‘g‘ qoladi va u kichkina qaqnus bo‘lib dunyoga keladi. Olov o‘tinni kulga aylantiradi, kul ichida esa qaqnus bolasi paydo bo‘ladi. Kishi o‘lgandan keyin tuqqani yoki tug‘ilganini birov jahonda ko‘rganmi.
Agar qaqnus kabi uzoq umr ko‘rsang, ana shunday ham o‘lib va ham yana tirilasan. Bechora qaqnus ming yil yashab, o‘z vujudidan yuz ming nolalar chiqardi. Yillar davomida nola va dard ichra edi, ota-onasi ham bo‘lmagan, jufti ham yo‘q edi, yakkalarning yakkasi edi. Dunyoda uning payvandi - bog‘liqlik joyi, ya’ni jufti ham, farzandi ham yo‘q edi. Oxirida ajal kelib jonini oldi - kulini ko‘kka sovurdi. Joni bor maxluqki bor, u ajal dastidan qutulmaydi - shuni yaxshi bilib ol. Olamda o‘lmaydigan kishi yo‘q.Yana ajoyibrog‘iki, kishining safar ozig‘i ham bo‘lmaydi.* O’lim agarchi qattiq va zolim bo‘lsa-da, lekin unga bo‘yin egish shart. Boshimizga ko‘p qattiq ishlar tushib turadi, ammo ajalning ishi eng qattiq ishdir.
Qaqnus umrining uzunligi va uning ahvoli hikoyasi
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)