Bir podshoh oltin bilan bezatilgan muhtasham qasr qurdi, uni tiklashga necha yuz ming dinor sarf bo‘ldi. Bu jannat monand kasr tiklanib, hamma joyi nafosat va mahorat bilan bezatilib yakun topgach, turli mamlakatlar, shaharlardan odamlar uni tomosha qilishga kelardilar va tabaq-tabaq oltin-kumush tuhfa qilardilar.
Shoh binokor hakimlar va nadimlarni o‘z huzuriga chorlab, kursilarga o‘tqazib dedi:
- Mening bu qasrim husnu jamol, chiroyda yagona, uning tengi yo‘q, u abadiy shunday turadi va mening buyukligimni ko‘z-ko‘z qiladi.
Yig‘ilganlar bir-bir:
- Yer yuzida hech kim bunday qasrni ko‘rmagan va ko‘rolmaydi, uning biror nuqsoni yo‘q, - dedilar.
Shunda bir zohid qad rostlab dedi:
- Ey baxti baland shoh, bir yoriq qolibdi va u qasrga ayb bo‘lib ko‘rinmoqqa. Agar shu ayb bo‘lmasa, firdavs qasrini unga tuhfa qilsa bo‘lardi.
Shoh dedi:
- Men hech bir raxna-yoriq ko‘rmayapman, sen battol fitna qo‘zg‘ayapsan.
Zohid dedi:
- Ey shohlikda ulug‘vor zot, teshik — bu Azozildir. Agar shu teshikni berkita olsang, sen va qasring abadiydir, bo‘lmasa bu qasring ham, senu toju taxting ham hech nimaga arzimaysizlar! Bu qasr jannatday go‘zal va ko‘ngilochar bo‘lsa-da, lekin o‘lim uni sening ko‘zingga xunuk qilib ko‘rsatadi. Bu yerda boqiy va go‘zal narsa yo‘q, hammasi o‘tkinchi. O’z saroying va qasringga mag‘rur bo‘lma, kibr otiga o‘tirib, behuda chopma. Agar biror kishi sendan qo‘rqib sening ishlaring va fe’lingdagi nuqsonlarni aytmasa, sening ahvolingga voy!
Shahriyor va oltin bezakli qasr hikoyati
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)