Ikki qiz va bir o‘g‘limiz bor edi. Qizlarimizdan ko‘ra o‘g‘limizni ko‘proq qadrlab, erka qilib o‘stirdik, qarigan chog‘imizda bizning birdan-bir tayanchimiz bo‘lar, - deb umid qilardik.
Farzandlarimiz voyaga yetdilar. Qizlarimizni chiqardik, keyin o‘g‘limizni uylantirdik. U oila egasi bo‘ldi-yu, o‘sha vaqtdan boshlab turmushimizda o‘zgarish seza boshladik. Ko‘nglimiz har qancha o‘g‘limizga yaqin bo‘lsa ham avvalgidek uni sevsak ham, u bizga allaqanday sovuqqonlik bilan qaray boshladi. Ko‘pincha onasi o‘g‘lining iltifotsizligi, qattiq muomalasidan zorlanardi:
— Uylanganlaridan keyin o‘g‘illarning hammasi bizning o‘g‘limizga o‘xshagan bo‘ladilarmi?—deb mendan so‘rardi. Men unga:
— Qayg‘urma, uning bunday harakatlari vaqtincha bo‘lsa kerak,— deb tasalli berardim. Lekin o‘g‘limizning muomalasi borgan sari yomonlashib borardi. Shunday bo‘lsa ham, bir kun esi kirib qolar, degan umid bilan o‘zimizni ovutib, uning yomon muomalalariga chidab keldik. Men biror yerga borib qaytganimda kampirim ochiq yuz bilan meni kutib olardi. Mendan har narsa to‘g‘risida so‘rardi, men ham erinmasdan javob berardim, shu bilan ko‘nglimiz ochilardi. Har ikkimiz bir-birimizga tayanib qolgandik.
Kampirim vafot qilganidan keyin holimni so‘raydigan, ko‘nglimni ko‘taradigan kishi uyimda topilmadi.
Ko‘pincha xonamga kirib o‘tirib zerikaman, ko‘nglim buziladi, kampirimni eslab, o‘ksib-o‘ksib yig‘layman.
Bir kuni juda charchagan va tamom badanim bo‘shashgan holda o‘z xonamga kirdim. Yechinmay, o‘rnimda cho‘zilib yotdim, chunki juda holsizlanib qolgandim. Yarim uyqu, yarim uyg‘oq holda tamom ezilib yotdim. Bir vaqt nevaram kirib:
— Dada, choy ichasizmi, keltiraymi?—dedi.
Men «yo‘q, ichmayman» deganimdan keyin u chiqib ketdi. Keyin holsizlanib o‘rnimga ag‘anab tushdim. O’g‘lim turgan uydan kulishgan, o‘ynashgan, ashula aytgan tovushlar eshitilardi. O’g‘lim xotin va bolalari bilan birga choy ichib o‘ynab, kulib o‘tirgandi.
Mana, ko‘p vaqtdan beri o‘g‘lim men bilan kelib so‘zlashmadi, bir marta ham holimni so‘ramadi. Men har kuni erta-yu kech o‘g‘limni kutaman, lekin u kelmaydi, uning o‘rniga kichkina bolasi kelib mening choy ichish yoki ichmasligimni so‘raydi. Choy ichgim kelsa ham unga:
— Yo‘q, choy ichgim kelmaydi, deb aytaman, o‘g‘limning o‘zi kelib chaqiradi, deb umid qilaman, lekin u kelmaydi. Men oshxonaga borib, sovuq suv ichaman, qotgan nonlarni sovuq suvga ivitib yeyman. Men albatta o‘g‘limdan ko‘nglim qolgani tufayli shunday qilaman, u buni sezmaydi, yoki sezsa ham o‘zini sezmaslikka oladi.
Kampirimning yili o‘tgandan keyin, bir kun o‘g‘lim menga:
— Dada, yolg‘iz o‘zi yashagan kishi har qaysi yerda tursa ham bo‘laveradi. Sizning bu xonangiz bolalarim uchun juda kerak bo‘lib qoldi. Ana, oshxona yonidagi o‘zingizga munosib kichkina uyga ko‘ching,— dedi. Necha yillar kampirim bilan yashagan bu uydan oshxona yonidagi zax uyga ko‘chish men uchun og‘ir edi, shunday bo‘lsa ham o‘g‘limning ko‘ngli buzilmasin, deb u zax uyga ko‘chdim. Shu vaqtdan boshlab o‘zimni dunyoda ortiqcha va keraksiz ekanimni seza boshladim.
Ilgarilari o‘g‘lim va nevaralarim bilan yeb-ichib, so‘zlashib o‘tirishni istab, ular yoniga kelardim, o‘g‘lim ham, kelinim ham meni sovuqqonlik bilan kutib olardilar. Men chetdan kelgan bir musofir kabi so‘zlashmay-netmay o‘tirardim. Mabodo so‘zlariga aralashib qolsam, o‘g‘lim yoki kelinim:
— Chollar so‘zga aralashmasalar yaxshi bo‘lardi,— deb so‘zimni bo‘lib qo‘yardilar. Bir vaqt ular yonida o‘tirganimda men qattiqroq yo‘talib qoldim. O’g‘lim menga xo‘mrayib qarab:
— Ovqatlangan vaqtimizda yo‘talmasdan o‘tirsangiz bo‘lmaydimi?—deb qo‘ydi. Shundan keyin ovqatlanish uchun ular yoniga bormaydigan bo‘ldim. Bir-ikki kun o‘tgach, o‘g‘lim meni ko‘rib.
— Dada, ovqatlanish uchun nega yonimizga kelmadingiz?— dedi va mening javobimni kutmasdan:
— Juda yaxshi, bundan keyin ovqatingizni keltirib bersinlar. Siz uchun shunisi qulay bo‘ladi,— dedi.
Mening uchun qulay emish. O’g‘lim va nevaralarim yonida o‘tirsam yolg‘izligimni unutardim, lekin ular buni sezmaydilar.
Mana endi men bir burchakka tashlangan, ko‘nglim o‘ksigan bechora otaman. Qizlarim ora-chora kelib holimni so‘raydilar. G’arib bo‘lib qolganimga achinib yig‘laydilar, menga tasalli beradilar. Ularni ko‘rsam, ko‘nglimning jarohatlari ancha tuzalganday bo‘ladi. Noqobil o‘g‘lim meni xo‘rlasa ham, qizlarim meni unutmaganlar, deb sevinganimdan o‘zimni tuta olmay yig‘layman.
Ota-onaga ozor bergan bunday noqobil farzandlar bir kun jazolarini tortadilar. Ular ota-onalariga qanday muomala qilgan bo‘lsalar, o‘z bolalaridan ham shunday muomalani ko‘radilar.
Qadimgi kitoblarda shunday bir hikoyani uchratamiz: bir yigit ota-onasiga aziyat berib, ularni behurmat qilardi. U onasi vafot qilgandan keyin, otasini kichik va zax bir uyga ko‘chirdi. Bir kun ota ovqat yeyar ekan, qo‘li qaltirab kosani yerga tushirib sindirib qo‘ydi. Shundan keyin o‘g‘li yog‘och kosa tayyorlatib, otasiga shu kosada ovqat berishni buyurdi. O’g‘lining bunday yaramas qilig‘idan ko‘ngli ozor topgan ota faqat kichkina nevarasini o‘ynatib, qayg‘u alamini biroz yengillatardi.
Bir kun yigit bozordan uyiga qaytib kelgach, o‘g‘lining bir yog‘ochni yo‘nib o‘tirganini ko‘rdi. Taajjublanib:
— O’g‘lim, bu yog‘ochni nega yo‘nib o‘tiribsan, nima qilmoqchisan?— deb so‘radi, o‘g‘li shunday javob berdi:
— Adajon, dadamning yog‘och kosalariga o‘xshagan kosa yasamoqchiman, siz ham dadamga o‘xshab qariganingizda, sizga shu yasagan kosamda osh beraman!
Yigit o‘g‘lidan bu so‘zni eshitgach, - dod, - deb yig‘lab yubordi.
Darhol otasining yoniga borib, ko‘zidan yoshlar to‘kib uzr aytdi, uning yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. O’sha ondayoq otasini zax uydan ko‘chirib, o‘z uyiga oldi, otasi ham o‘g‘lining gunohlarini kechirdi, nevarasini quchog‘iga bosib, yuz-ko‘zidan o‘pib, yig‘lab xayr-duo qildi.
Shoir Abdiy aytadi:
Ota-onangni o‘zingdan rozi qil.
Sen ularning qadrini ko‘p yaxshi bil.
Ol duosin ularning, top kamol,
Yor bo‘lgay baxti iqbol bezavol.