OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xasta Podshoh

Bir podshoh og‘ir xastalikka chalindi. Bir talay hakimlar: “Bu dardni faqat shu xususiyatdagi insonning o‘ti davolay oladi”, – dedilar. Hukmdor darhol amr etdi;  podshohning mijoziga yaqinroq bo‘lgan odamni izlay boshladilar. Oxiri shunday xislatga ega,  yosh o‘spirin yigitni bir qishloqdan  topib keltirishdi. Hukmdor yigitning  ota-onasini chaqirtirdi; ularga hadyalar berib mamnun qildi va rizoligini oldi. 
Vakolatli qozilar, “Podshoh esonligi uchun xalqdan birining qonini to‘kmog‘i uyg‘undir” degan qaror chiqarishdi. Berahm jallod, darhol hoziru nozir bo‘ldi.  Shunda yigit osmonga qarab kulimsiradi. Bundan ajablangan shoh, darhol:
–O’zing o‘limga ketyapsan.. Beg‘am bo‘lib kulishingni boisi ne? Seni kim kuldiryapti? – deya so‘radi. 
Shunda yigit podshohga qarab:
–Bolaning erkaligini kim ko‘taradi, ota-ona... Meni  ular hozirgina mol-dunyo uchun o‘limga sotib ketdilar. Da’voni kimga qiladilar, qozilarga.. Qozi o‘limimga fatvo chiqardi. Adolatni kimdan istaydilar, podshohdan. Podshohga esa mening o‘limim kerak...  Shuning uchun osmonga qarab, “Ey, Alohim! Yolg‘izning Yori O’zimman deganding, mana men yolg‘iz turibman. Sendan boshqa sig‘inadiganim yo‘q!”  deya kulib turgandim, – dedi.  
Bu gaplarni eshitib, shohning qalbi erib, ko‘zlaridan yosh oqdi. “Bir begunohning qonini to‘kib, yana qanchalik umr ko‘rardim. Shunday yigitni o‘ldirganimdan ko‘ra, mening o‘lganim ming chandon yaxshiroq emasmi?.. ” – deya yigitni ozod qilishlarini buyurdi. Va uni yoniga chaqirib, bag‘riga bosdi; yuz-ko‘zlaridan o‘pib, yigitga hisobsiz darajada hadyalar berdi. 
Aytishlariga qaraganda, yigitni ozod etgan hukmdor, bir hafta ichida sog‘ayib, yana bir qancha yil uzoq umr ko‘rgan ekan. 

Hikmat


Marhamat qilganga Alloh ham marhamat qiladi. Kimki bir mazlumga shafqat ko‘rsatsa, uni himoya etib qo‘riqlasa, Alloh ham unga rahm qiladi, shafqat ko‘rsatadi.


"Guliston"dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.