Bir qishloqlik kishi shaharlik kishi bilan do‘st tutinibdi. Shaharga kelsa do‘stining uyida mehmon bo‘lar, kunlab, haftalab qolib, yeb ichardi. Shaharlik kishi do‘stining hamma ehtiyojlarini so‘zsiz qondirar, gapini ikki qilmasdi. Do‘sti har kelganida:
— Ey do‘stim, sen hech qaerga chiqmaysanmi? Sen ham bola chaqalaringni olib bizning qishloqqa bor. Bahorda qishlog‘imiz juda chiroyli bo‘ladi, deya qattiq iltimos qilardi.
Bunga javoban shaharlik do‘sti ham:
— Kelgusi yil ishlardan, tashvishlardan qutulsam albatta boraman, der edi.
Shu zaylda oylar, yillar o‘gdi. Qishloqlik kishi har «kelganida do‘stinikida mehmon bo‘lar, xayrlashib ketayotganda qishlog‘iga qayta-qayta taklif qilardi. Bir kuni shaharlik kishining bolalari:
Otajon, qishloqlik do‘stingizni shuncha mehmon qildingiz, u uchun ko‘p zahmatlar chektingiz. Ularni unutib yubormang, bizni ham qishloqqa olib boring, deyishdi.
Shaharlik kishi:
— Bolalarim, to‘g‘ri aytasizlar, lekin kimga yaxshilik qilgan bo‘lsang, o‘shaning yomonligidan qo‘rq, deganlar. Qishloqlik amakingiz bilan do‘stligimiz oxirgi darajaga yetdi. Biror narsa bo‘lib, oramiz buzilishidan qo‘rqaman, dedi.
Bu orada qishloqlik kishi yana xabar ustiga xabar yuborib, taklif qilaverdi. Va oxir oqibat, bahor kunlarining birida shaharlik kishi bola chaqalarini olib, xush kayfiyat bilan qishloqqa yo‘l oldi. Bir necha kundan so‘ng qishloqqa yetib keldilar. Do‘stining uyini so‘rab surishtirdilar. Eshigini qoqtilar, biroq negadir eshikni hech kim ochmasdi. Ustiga ustak yomg‘ir yog‘ardi. Usti boshlari ho‘l bo‘lib, sovqota boshladilar. Chorasiz qolib, bir boshpana topib biroz tin oldilar.
Qishloqlik do‘sti ularni tanimadi. Shu holatda bir necha soat sarson-sargardon bo‘ldilar. Oxiri shaharlik kishi qishloqlik do‘stiga qarab:
— Ey do‘stim, meni tanimadingmi, anchadan buyon ko‘rishmadik, dedi.
Qishloqlik:
— Yo‘q taniy olmadim. Kecha kunduz o‘zimni Allohga bag‘ishlaganman, mening hattoki o‘z borlig‘imdan ham xabarim yo‘q, dedi.
Shunda shaharlik:
— Shaharga kelib dasturxonim atrofida o‘tirgan eding, oylab mehmonim bo‘lganding? Meni necha marotaba qishlog‘ingga taklif qilgan eding..., deb, hayratini izhor etdi.
Qishloqlik:
— Bilmadim, seni taniyolmayapman, ismingni ham eslay olmayapman, dedi.
Shaharlik:
— Hammasi tushunarli. Men barcha haqlarimdan voz kechdim, faqat kech bo‘lib qoldi. Bu yog‘inli kunda boshpana ber, tong otgiraylik, dedi.
Qishloqlik kishi so‘zida qattiq turib bog‘ chetidagi qorovul kulbasini ko‘rsatdi va:
— Yarim tunda bu kulbaga bo‘ri tushadi, agar tong otguncha kuta olsang, o‘sha joyda tunagin, dedi.
Shaharlik kishi noiloj rozi bo‘ldi. Bolalari bilan kulbaga joylashdi. Quliga o‘q yoy olib, kuta boshladi. Bir mahal yarim tunda bir bo‘rining sharpasi sezildi. Yoyini kerib, nishonga oldi va bo‘rini otdi. Bo‘ri tepalikdan dumalab tusharkan shovqin eshitildi. Shovqindan qishloqlik "do‘st" darhol tashqriga chiqti va baqirdi:
— Ey, voh! Eshagimning xo‘tigini otibsan!
— Yo‘g‘-e, men bo‘rini otdim. Sharpasiga qaragin a!
Yo‘q, xo‘tikni otding. Men uni shovqinidan tanidim.
Ittifoqo shaharlik chiday olmadi. Yuzing ko‘zing demay:
— Ey sen, hiylagar, nobakor... Bu qorong‘u kechada xo‘tikni bilasanu, meni qanday tanimaysan? Tunda xo‘tig‘ini tanigan odam, kuppa kunduzi do‘stini tanimas ekanmi? Yana uyalmay men orif odamman, ko‘nglimga Alloxdan boshqa hech narsa sig‘maydi, hatto o‘zimni tanimayman, deysan-a!? Sen Arshyning muhabbat sharobi emas, ayron ichibsan. Senga ishonganning o‘zi ko‘r va kardir, dedi va shaharga ravona bo‘ldi.
Yaxshilik ko‘ngil oydinligidir
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan